O‘zbekiston XDP fraksiyasi parlament nazoratini kuchaytiradi

 

O‘tgan hafta boshida, ya’ni 29 yanvar kuni Prezidentimiz uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2024 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy avia reyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilash bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temir yo‘lda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar ko‘p vaqt talab qilayotgani, havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokartik partiyasi fraksiyasining kengaytirilgan majlisida videoselektorda ko‘tarilgan masalalar hamda belgilangan vazifalarning partiya dasturiy maqsadlariga hamohangligi ta’kidlandi. Xususan, qurilish, uy-joy, kommunal xo‘jaligi, transport sohalarida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishda faol ishtirok etish bo‘yicha fikr almashildi.

Qayd etildiki, ko‘rib chiqilgan masalalarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlament, deputatlar ishtirokini kuchaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi. Jumladan, qurilish obyektlarini qabul qilish tizimini takomillashtirish, noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yish, bozor iqtisodiyoti qoidalari asosida rivojlanishini ta’minlash talab etiladi. Bozor munosabatlari kirib borayotgan har bir sohada qonun ustuvorligiga erishish va erkin raqobat muhiti qaror topgan bo‘lishi zarur.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Ta’kidlash kerakki, Prezident ilgari surgan g‘oyalar, belgilab bergan qat’iy vazifalar Xalq demokratik partiyasining elektorati manfaatlariga, dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos keladi. Shuning uchun partiyamiz fraksiyasi, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining faolligini oshirish juda muhim.

Deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi yondashuvni yanada kuchaytirish, ijtimoiy sohadagi muammo va kamchiliklarda deputatlar ham o‘zlarini mas’ul hisoblashi zarur.

Yana bir masala — kommunal xizmatlar ko‘rsatish bozorini tartibga solish, qarzdorlik holatlarini qisqartirish lozim. Shu bois, minimal kommunal to‘lovlari me’yorlarini ishlab chiqish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish parlament oldidagi muhim masala hisoblanadi.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Bu yil boshidan har bir yo‘nalish, har bitta kompleks tahlil qilib kelinyapti. Mana o‘tgan haftada o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tanqid qilingan sohalar misolida qaraydigan bo‘lsak, shunday to‘xtamga kelish mumkin. Ya’ni, qaysi bir sohada islohotlar kech boshlangan, o‘lda-jo‘lda qilingan bo‘lsa, oxiriga yetkazilmasa, ana shu sohada salbiy holatlar yuzaga kelyapti. Davlat rahbari birgina transport sohasida 3 yil oldin berilgan topshiriqlar bajarilmaganini ta’kidladi.

Bilamizki, temir yo‘l butun dunyoda uzluksiz foydalaniladigan infratuzilma hisoblanadi. Bizda esa sutkada bir yoki ikki marta poyezd yuradi. Demak, temir yo‘ldan foydalanish darajamiz nihoyatda pasayib ketgan. Masalan, Shahrisabzdagi tadbirkorlar bilan gaplashganimda, ular o‘z mahsulotini «fura»lar yordamida Toshkentga yuborishini aytdi. Bu esa xavfsiz tashish usuliga kirmaydi. Temir yo‘l tizimi arzon va xavfsiz bo‘la turib, nega ularning xizmatidan foydalanilmasligini so‘raganimda, «Tovarim Toshkentga yetib borishi uchun bir hafta kutishim kerak», deb javob berdi. Yuk tashish poyezdlari bir hafta davomida mahsulot to‘plab, sostavni yig‘ib keyin yo‘lga chiqar ekan. Bu sohaga islohot kirmaganidan dalolat beradi.

Uy-joy qurilishini oladigan bo‘lsak, u yerda ham ana shunday qo‘l uchida, chala-chulpa ish qilinganini ko‘ramiz. Qayerdaki, islohot bo‘lmasa, o‘sha yerda raqobat yo‘q, o‘sha yerda monopoliya, o‘sha yerda korrupsiya avj oladi. Rivojlanish ham, ijobiy o‘zgarish ham bo‘lmaydi.

Endi uning nazoratiga kelsak, har birining ustiga bittadan «revizor» qo‘yganda ham o‘sha ish bo‘laveradi. Ya’ni, bu shaklda nazorat qilish imkonsiz. Jamoatchilik nazorati va mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish orqali masalaga ijobiy yechim topish imkoni yuzaga keladi. Ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat o‘rnatishning boshqacha yo‘li yo‘q. Bir narsani ishonch bilan aytamanki, mahalliy Kengashlar o‘zgarishlarga, bu boradagi islohotlarga tayyor.

Biror bir obyektni buzib qurish bo‘ladimi, daraxtlarni kesishmi yoki boshqa bir masalami Kengashlar muhokamasidan o‘tishi lozim. Shuni ham aytish kerakki, parlamentda, xususan, fraksiyalarda, qo‘mitalarda yetarlicha vakolat bor. Lekin, ochig‘ini tan olishimiz kerak, biz ulardan to‘liq fodalana olmayapmiz. Quruq tavsiya berish bilan cheklanyapmiz. Biror-bir masalani mahkam ushlab, uni oxirigacha yetkazish imkoniyatiga egamiz. Shuning uchun o‘zimizga tegishli sohalarda nazoratni kuchaytirmasak bo‘lmaydi.

Misol uchun, qurilishlarda huquqsiz ishlayotganlar haqida mehnat inspeksiyasidagilar bilmaydimi? Albatta, xabardor. Chunki ular hisobot topshiradi. Ular borib o‘rganishi, ishchilarning huquqlarini himoya qilishi lozim. Nega biz mutasaddilardan bu haqida so‘ramaymiz, qayta-qayta muhokama qilmaymiz? Dori-darmon yoki ta’lim tizimidagi kamchiliklarni, umuman, elektoratimiz manfaatiga tegishli sohalarni bir emas, qayta-qayta ko‘raylik, qat’iy masala qo‘yaylik. Qanday bajarildi, nima qilindi, degan raqamlar bilan cheklanmasdan, chuqurlashtirilgan holda tahlil qilish zarur.

Bu yil Davlat budjeti ijrosi bo‘yicha Prezident qarori chiqdi. Ana shu asosida har bir vazirlik va idoraning maqsad indikatorlari belgilangan. Mazkur masalani ko‘rish chog‘ida quruq bajarildimi yoki yo‘q, deyish bilan cheklanmasligimiz kerak. Demak, indikator bilan bog‘liq faoliyatni istagancha chuqurlashtirib ko‘rishga vakolatimiz bor. Kerak bo‘lsa, hisobotlarini ko‘rsatsin. Moliyaviy faoliyat nuqtayi nazaridan ham ishimizni ko‘rsatish vaqti keldi. Yil boshidan faoliyatimizni ana shu asosida tashkil etish lozim, deb hisoblayman.

 

Anvarxon TЕMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Avvalo, har bir hudud rahbari, har bir mas’ul o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani barajarishi shart. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqat. Biroq har doim ham ushbu qoidaga amal qilinmasligi, odamlardagi beparvolik, loqaydlik yoki «bo‘laveradi» qabilidagi qarashlar jamiyatdagi muammolarning asosiy sababidir.

Faqat tanqid qilib, yomonlab vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish imkonsiz. Shunday ekan, xulosa chiqarish, o‘rnak olish va nazorat o‘rnatish talab etiladi. Ya’ni, har bir shaxs zimmasidagi mas’uliyatni his qilishi lozim.

Masalan, ayrim deputatlar shu paytgacha qo‘llagan qarashlaridan voz kechishi shart. Parlament ham, mahalliy Kengashlar ham o‘z vazifasini bajarishi kerak. Kengashda qachongacha muhokama qilib, sessiyaga masala kiritilgani yoki qaror qabul qilinganidan qanoatlanib, mamnun bo‘lib yuramiz? O‘rganilgan muammoning yechimi bo‘yicha nimalar qilingani, uning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatmas ekanmiz, xotirjam bo‘lishga haqqimiz yo‘q.

2024 yildagi ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlament ishtirokini kuchaytirish, deputatlik va jamoatchilik nazoratini qat’iy olib borish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4 ishchi guruh tuzilgani, xususan, uy-joy, kommunal sohasi bo‘yicha ishchi guruhga O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari asosiy mas’ul etib belgilangani, elektorat manfaatlarini himoya qilishda bu muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Ishchi guruhning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ta’sirchan parlament va deputatlik nazoratini olib borish bo‘yicha taklif-mulohazalar bildirildi. Xususan, qonunlar ijrosini tanqidiy-tahliliy o‘rganish, tizimning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash uchun hududlarga chiqqan holda nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Aholining turmush farovonligi va ijtimoiy kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan uy-joy, kommunal sohasida mas’uliyat hamda natijadorlikka erishish muhim ekani ta’kidlanib, ish jarayonini har tomonlama puxta tashkil etishga kelishib olindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish