O‘zXDP fraksiyasi Ombudsmanning murojaatlarni tizimli hal etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18622 tani tashkil etdi. 2022 yilga nisbatan o‘sish kuzatilgan.

Fuqarolar murojaatlari asosida ularning manfaatlariga 1847,2 mln so‘m mablag‘ undirilgan. Ombudsman kotibiyati xodimlari esa fuqarolarning murojaatlari va so‘rovlari asosida sud majlislarida 249 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etishgan.

Deputatlar Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta ta’sir choralari kiritilgani, xususan, sudlarga fuqarolar manfaatida berilgan 100 ga yaqin ariza va da’vo arizalarining 98 foizi qanoatlantirilgani, takroriy murojaatlar soni 2022 yilga nisbatan 21,0 foizga kamayganini ijobiy tajriba sifatida ta’kidlashdi.

Bu borada Ombudsmanning fuqarolarning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqishi natijasida 9 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalangan, 16 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqida qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan. 5 nafar shaxs ma’muriy qamoqqa olingan, 4 nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 18 nafar xodim intizomiy jazoga va 12 nafar mas’ul ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Deputatlar hisobot yilida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni ortganining sabablari bilan qiziqdi. Qonunchilikni takomillashtirish yoki huquqiy bo‘shliqlar bo‘lsa, ularni to‘ldirish bilan bog‘liq takliflar haqida so‘radi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakilning ta’kidlashicha, qonunchilik takliflarini tashabbus huquqi tartibida parlamentga kiritish imkoniyati berilgan. Shundan kelib chiqib, ayni paytda 3 ta qonun loyihasi muhokama uchun tayyorlanmoqda.

Ularning biri pensiya ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lib, bu borada fuqarolardan ko‘plab murojaatlar tushayotgan ekan. Vakil o‘tgan yilda sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining 2 tasi ham aynan pensiya hisoblashda ish staji inobatga olinmagani bilan bog‘liq bo‘lgan.

Sud orqali hal qilinishi kerak bo‘lgani uchun fuqaroda moliyaviy xarajatlar uchun mablag‘i va yetarli yuridik ma’lumoti bo‘lmagani bois, bu ishga Ombudsman aralashishiga to‘g‘ri kelgan. Har bir mana shunday vaziyatga tushib qolgan shaxs bilan alohida ishlash uchun imkoniyat yo‘qligi bois, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish eng maqbul yechim ekani ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil kelayotgan murojaatlarning eng ko‘pi, ya’ni 3600 tasi ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lib, Xalq demokratik partiyasi faollari va deputatlaridan hamkorlikni yanada kuchaytirishni kutib qolishini qayd etdi. Fraksiya a’zolari bunga tayyor ekanliklarini bildirib, Ombudsman faoliyatini yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalarini bildirishdi. Ombudsman hisoboti qo‘llab-quvvatlandi.

Fraksiya yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Savol-javoblar, muhokamalar asosida bildirilgan tavsiyalar qonun tashabbuskorlari tomonidan keyingi o‘qishgacha inobatga olingan holda takomillashtirilishi belgilandi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish