Mahalliy Kengashlarda yangi davr boshlanmoqda

 

Yangilangan Konstitutsiyamizda mahalliy davlat hokimiyati tizimini “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida takomillashtirishga oid normalar belgilangan. Xususan, joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlarni ajratish zaruriyatidan kelib chiqib, 100-moddada mahalliy vakillik organlarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Mazkur normalar davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishda juda muhim hisoblanadi.

Birinchidan, davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Ikkinchidan, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi. Uchinchidan, hokim o‘zi hisobot beradigan organga rahbarlik qilmaydi. Bular deputatlarning norma ijodkorligi, xalq vakilligi, deputat nazoratini amalga oshirishdagi imkoniyatlarini oshiradi.

Davlat rahbari qabul qilgan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon Konstitutsiyaviy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda.

Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida yangi tizim joriy qilinmoqda. “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida amaldagi tizimni isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi.

 

Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning asosiy jihatlari xususida mahalliy Kengash deputatlari o‘z fikrlarini bildirdi.

 

Halilla YESHIMBETOV,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari:

— Avvalo ta’kidlash kerakki, Farmon bilan mahalliy Kengashlarning vakolat doirasi kengaytirilmoqda. Ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.

Mazkur vakolatlar jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda shu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshiriladi, degani. Biz deputatlar ulardan samarali foydalanib, xalqning haqiqiy “ovoziga” aylanishimiz, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

Endilikda tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilish mahalliy Kengash vakolati doirasida amalga oshirilishi belgilandi. Bu juda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Hududdagi ehtiyoj o‘rganiladi, qaysi hududda, mahallada yangi maktab yoki bog‘cha tashkil etish kerak, qaysi birini kengaytirish, qaysisini tugatish kerakligi xalq vakillari tomonidan tahlil etilib, qaror qabul qilinadi.

Yana bir muhim masala – atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq. Bundan buyon hududda atmosfera havosini ifloslantiruvchi yoki unga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va inshootlar quriladigan joylar, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylar mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi va xalq vakillari roziligi bilan belgilanadi.

Shuningdek, mahalliy ahamiyatga molik bo‘lgan kurort tabiiy hududlar, rekreatsiya zonalari, botanika va dendrologiya bog‘lari, tabiat bog‘larini tashkil etish va tugatish masalasi ham mahalliy Kengash vakolati doirasiga kiritilmoqda.

Shu kunga qadar hududdagi shaharsozlik va transport sohasidagi masalalar hokimliklar tomonidan hal qilinib kelinar edi. Mazkur farmon bilan endilikda shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchi va bagaj tashish tariflarini mahalliy Kengashlar belgilab beradi.

Mahalliy Kengashlar fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflarni joriy etish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Mahalliy Kengash bilan kelishmasdan turib, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil etish, yangi yo‘nalishlar ochish, bekatlar, to‘xtab turish va dispetcherlik manzillarini joylashtirish yerlari ajratilmaydi.

Hudud infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan masalalarni ham mahalliy Kengashlar hal etadi. Aholi punktlarining hududiy zonalari toifalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib o‘zgartirish kiritish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflarni tasdiqlash Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Ishonch bilan aytamanki, xalq vakillarining faoliyatida yangi davr boshlanmoqda.

 

Nuriddinjon XOLMATOV,

O‘zbekiston XDP Jizzax viloyati kengashi raisi, viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:

– Ma’lumki, bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining 25 dan ortiq masalalar bo‘yicha mahalliy Kengash sessiyasida hisobot va axborot berishi belgilab qo‘yilgan. Hisobdorlik – yaxshi. Ammo ba’zi hollarda hisobot yoki axborotni eshitish u yoqda tursin, ular ish rejasiga ham kiritmaganiga guvoh bo‘lasiz. Ish rejaga kiritilmagan muhokamalarning o‘tkazilganiga, samaradorligiga esa ishonish qiyin.

Endilikda hisobot va axborotlarning hammasi mahalliy Kengashlar ish rejasiga kiritilishi bilan birga, ular ijrosini to‘la ta’minlash asosiy vazifa qilib belgilandi.

Muhim jihati shundaki, yillar davomida mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirilmoqda. Bu, albatta, xalq vakillarini quvontiradi. Chunki bir birini takrorlovchi masalalar tizimlashtirilib, sun’iy yuklamalarga barham beriladi.

Misol uchun, mahalliy Kengashlarga mahalliy hokimliklar, hududdagi davlat organlari va tashkilotlari hisobotlarini eshitishda mazmunan yaqin sohalarda o‘zaro takrorlanuvchi vazifalar yuklanganligi sababli ularni qayta ko‘rib chiqish, maqbullashtirish hamda tizimlashtirish zarurati mavjud edi.

Mazkur holatni bartaraf etish hamda Kengashlarning qonunchilikdagi vakolatlarini tizimlashtirish zarurligini ta’kidlab kelganmiz. E’tibor bering, bir xil toifadagi va bir birini takrorlovchi masalalar yuzasidan mahalliy Kengashlar hokimliklar, qator davlat idoralarining u yoki bu sohaga oid hisobot va axborotlarini yiliga bir necha o‘n marta eshitishi lozim bo‘lgan. Tasavvur qilyapsizmi, mahalliy Kengashlarning ish yuklamasi sun’iy ravishda oshib borgan. Bu Kengash o‘zining muhim vakolatlarini nomigagina amalga oshirishiga sabab bo‘lib kelgan. Natijasi haminqadar majlislarning ko‘pligi xalqimizning mahalliy Kengashlarga ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi, to‘g‘risi.

Shu kunga qadar xalq vakillari ichki ishlar organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, ularning tarmoq bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, mahallalardagi profilaktika inspektorlarining alohida-alohida hisobot, axborotlarini eshitib keladi. Bu bir masalani qayta-qayta tinglash degani emasmi?..

Prezident Farmoni bilan ushbu vaziyatga oydinlik kiritilib, Kengashlarning hisobot va axborot eshitishga oid ayrim vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi, ular sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi.

Ta’kidlash kerakki, Kengashlar oldida tegishli hududda faqatgina hokim, shuningdek, hududiy davlat organlarining birinchi rahbarlari hisobdorligi belgilanishi kelgusida ushbu rahbarlarning Kengash oldida ham siyosiy, ham professional mas’uliyatini yanada oshirishga asos yaratib beradi.

 

Zokirjon ZOHIDOV,

O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyati kengashi raisi, viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:

— Bugun faoliyatimizga mutlaqo yangi model kirib kelmoqda. Bu - “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosidagi faoliyat.

Shuni aytishim kerakki, ixcham va samarali, xalqparvar davlat organlari tizimini yaratmasdan, mamlakatni barqaror rivojlantirib bo‘lmaydi.

Prezident farmoniga muvofiq, qonunchilik hujjatlaridagi 100 dan ortiq vakolatlarni mahalliy Kengash va ijroiya hokimiyati o‘rtasida aniq taqsimlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Konstitutsiyaviy islohotlarga nazar solaylik, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda xalq deputatlari Kengashi rahbari alohida bo‘lishi hamda hokim Kengashlarning rahbari bo‘la olmasligi to‘g‘risida aniq qoida belgilangan.

Ochig‘ini aytganda, mahalliy Kengashga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi Kengashlarning demokratik tabiatini kuchaytiradi.

Joriy yil mamlakatimizda parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Qonunchiligimizga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tomonidan kutilayotgan vakolatlar ajratilishi masalasi amalga oshadi. Xususan, 2024 yilgi saylov yakunlari bo‘yicha dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, 2026 yildan esa tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida- alohida faoliyat yuritishni boshlaydi.

Ushbu tizimning joriy etilishi vakolat va vazifalarning mahalliy vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlanishiga asos bo‘ladi. Farmonda aynan ushbu masalaga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Bir shaxsning bir vaqtda ham hokim, ham mahalliy Kengash raisi bo‘lmasligi xalq deputatlari Kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini, aholi manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini kengaytiradi. Viloyat, tuman va shahar hokimining hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligi oshadi. Bu esa mahalliy davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat olib borishiga xizmat qiladi.

 

Abror QURBONOV.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 


 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish