Jamiyat turli fikrlar asosida rivojlanadi

 

«Zarafshon» va «Самаркандский вестник» gazetalari tahririyati bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev bilan Konstitutsiyaviy islohotlar hayotga tatbiq etilayotgan, Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi muhim Farmoni bilan boshlangan jarayonlarda siyosiy partiyalar, ularning hududiy tashkilotlari oldida turgan dolzarb vazifalar haqida telefon orqali suhbatlashdik.

Jamiyatdagi siyosiy raqobat ahamiyati, fikrlar xilma-xilligi, fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarda katta hayotiy va aytish mumkinki, siyosiy tajribaga ega partiyadoshimiz ko‘p yillik faoliyati davomida to‘plangan shaxsiy fikrlari, xulosalari bilan bo‘lishdi.

— Raqobatlashish bu bir-biridan o‘rganish degani. U qilolmagan ishni qilish yoki undan yaxshiroq natija bilan amalga oshirish raqobatning negizini belgilaydi. Ertamiz nima bo‘ladi, degan savolga javobni jamoatchilikning qarori beradi. Oliy Majlisning ikki palatasi, mahalla instituti, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari — bularning hammasi eng muhim va katta siyosiy kuchni ifodalaydi. Bevosita boshqaruv tizimini takomillashtirishda davlat siyosiy partiyalar kuchiga tayanadi. Chunki, boshqaruv tizimidagi kadrlarni va boshqaruv tizimining qulay yoki noqulay ekanligini birinchi bo‘lib siyosiy partiyalar his qiladi. Sababi, ular har kuni xalq bilan suhbatlashadi.

Davlat taraqqiyoti yo‘lidagi takliflar asosida siyosiy kuchlarning harakatlari boshlanadi. Qaysi biri bajarilishi kerak, qay biri oldin amalga oshirilishi zarur, degan qarashlar natijasida eng katta raqobat yuzaga keladi. Mazkur jihatdan qaraganda, Oliy Majlis barcha siyosiy kuchlar ko‘rsatgan deputatlarni birlashtirib, ularga yo‘l-yo‘riq berib turadigan tashkilot hisoblanadi. Misol uchun, turli fikrlar, takliflar muhokama qilinib, ular asosida davlat dasturlari shakllanadi. Mana bu davlat boshqaruvining eng namunali, keng qo‘llaniladigan usuli sanaladi va ushbu texnologiya hamma joyda huddi shu tariqa yuritiladi.

– Mamlakatimizda ushbu tizim samarali faoliyat olib borishiga monelik qiladigan qanday jihatlar bor, deb o‘ylaysiz?

– Birinchidan, ayrim siyosiy partiyalarning o‘z elektoratini qog‘ozda yozishi bunga to‘siq bo‘lyapti. Qog‘ozdagi elektorat bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Afsuski, qog‘ozdagi raqamlar va hisobotlar masalasi juda ko‘p tashkilotlariga tegishli. Biz qog‘ozda qoladigan narsalardan voz kechishimiz kerak. Kam bo‘lishiga qaramasdan, haqiqiy elektoratni shakllantirish lozim.

Elektorat bu partiya o‘z siyosatini, g‘oyasini tushuntirib va ishontira bilgan odamlardir. Tushungan odamlar ko‘p bo‘lishi mumkin, muhimi, ularni ishontirishda. Ishontirish esa ma’ruza, televideniye yoki radioga chiqib gapirish bilangina amalga oshmaydi. Shuning uchun ham siyosiy partiyaning vakili jonli muloqotlar qilishi lozim.

Faqat kam sonli odam bilan suhbatlashish talab etiladi. Aytaylik, ularning ayni paytdagi vaziyati va bu borada qanday ko‘mak berish mumkinligi haqida o‘sha shaxsning o‘zidan so‘rash orqali muloqot olib borilsa, odamlarning ongida nimadir qoladi. Shuningdek, fuqaroning qonuniy vakolatlari tushuntiriladi, qanday qilsa, masalasiga yechim topishi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi.

Afsuski, siyosiy partiyalar tashkilotlarida jonli muloqot umuman yetishmaydi. Yoppasiga qabul, yoppasiga badal, yoppasiga majlis bo‘lmasligi kerak. Buni yuz foiz kafolat bilan ayta olaman.

Albatta, markazlarda — poytaxtda yoki viloyat markazlarining qayerlaridadir ziyolilar ko‘p bo‘lgani uchun ham bahslar, munozaralar bo‘layotgandir. Lekin ular hali pastga tushmagan, elektoratga yetib bormagan. Ular elektoratning kam sonli qismi, xolos. Joylarda tarixiy, adabiy sanalarga, yozuvchilar, umuman, ijodkorlar kuniga bag‘ishlab har xil tadbirlar o‘tkazish siyosiy partiyaning vakolatiga kirmaydi, uning vazifasi ham bo‘lolmaydi. Aksincha, ular o‘z g‘oyalari, o‘z maqsadlarini odamlar orasida albatta targ‘ib qilishi va shubhasiz, ishonch uyg‘ota olishi zarur. Ana o‘shandagina maqsadlarga erishiladi.

— Ishonchni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

— Masalan, biror bir shaxsga partiyadan deputatlikka nomzod bo‘lish taklif etilganida avvalo uning jamiyatdagi nufuziga, odamlar orasidagi obro‘-e’tiboriga, nizomiga qaraladi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, menimcha, partiyaning nizomi yomon bo‘lmaydi. Masalan, bizdagi barcha siyosiy partiyalarning nizomi yomon emas. Ulardagi g‘oyalarning hammasi davlatni rivojlantirishga, jamiyat qudratini oshirishga qaratilgan. Lekin ularni amalga oshirish mexanizmlari kuchsiz.

Mazkur mexanizmlarni kuchaytirish odamlarda ishonchni hosil qiladi. Ishonch bilan kelgan deputat ko‘zbo‘yamachilik uchun emas, rostdan ham ishlaydi.

Bugungi kunda siyosiy partiyalar va mahalliy Kengashlarning jamiyat hayotidagi rolini oshirishga davlat bor e’tiborini qaratmoqda. Demak, bunga munosib javobni ishimiz orqali berishimiz kerak.

Birinchidan, siyosiy islohotlarda zamonaviy usullarni qo‘llashning, yangilanishning mavridi keldi. Konstitutsiyada belgilangan talablarni bajarish kerak. Va yana eng muhim masala, partiya tili bilan aytganda, elektoratning huquqiy, ma’naviy saviyasini oshirishdan iborat. Buni kim amalga oshiradi?

Tabiiyki, partiya o‘z g‘oyalari, nizomi, yo‘l-yo‘rig‘ini aytish orqali odamlarning saviyasini oshiradi. Qachonki, odamlarda fikrlar paydo bo‘lsa, munosabat shakllanadi va bu ishonchni yuzaga keltiradi.

Butun dunyoda partiyalar ishonchni qozonish uchun bir-biri bilan siyosiy kurashlar olib boradi, kerak bo‘lsa, tanqid qiladi. Bu raqobat, deb ataladi. Bizda esa bir xil siyosiy partiyalar arzimagan so‘zning orqasidan quvib yuradi. Vaholanki, raqobat bu birovdan zo‘rroq ishlash degani, kimnidir yerga urish emas.

Tanqid degani partiya nizomi bilan harakati o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatib berishni anglatadi. Nizomi bo‘yicha qilinayotgan ishlar, harakat dasturi, o‘tkazilayotgan tadbirlar saviyasi, samaradorligi yoki aksincha besamarligiga qarab tanqid qilish yoki o‘z ishini qoyillatib qo‘yish bu haqiqiy raqobat hisoblanadi. Raqobat bu «men sendan zo‘r ishlayman» yoki «ishladim-ku» degani. Yana bir jihati, partiyaning haqiqiy mavqeini uning a’zolarining obro‘-e’tibori emas, amalga oshirayotgan ishlari, deputatlarining quvvati belgilaydi.

Tan olib aytish kerakki, ko‘p joylarda bugun ushbu talabga to‘liq javob beradigan deputatlik korpusi yetishmayapti. Sifatga emas, songa ko‘proq urg‘u berdik. Kim ko‘p bo‘lsa – o‘sha kuchli, deb noto‘g‘ri talqin qildik. Vaholanki, tuman-shahar, viloyat miqyosidagi ko‘plab Kengashlarni bilaman. Qaysidir partiyaning deputatlari kamchilikni tashkil qiladi, lekin ular o‘sha yerda so‘zi, bilimi, tashabbuslari bilan yetakchi.

Masalan, biror joyga bir millionta ko‘chat ekish kerakligi aytilsa, tapir-tupur qilib bir million ikki yuztaga qog‘oz tayyorlanadi. Ko‘zbo‘yamachilik, qo‘shib yozish, bir-birini aldash avj oladi. Agar raqamlardan voz kechib, tep-tekis, bo‘sh yer qolmasin falon hududda, degan aniq joy ko‘rsatilsa-chi? Unda raqam ham, sifat ham bo‘ladi. Yoki aytaylik, qaysidir gazeta 30 ming nusxa, hech kim o‘qimaydi. Ammo 3-4 ming nusxadagi matbuotni hamma o‘qishi mumkin. Sifatga urg‘u berib, ishimizni raqamlashtirsak, ana shunda faoliyatimizning tahlilini yuritish osonlashadi. Bu har bir sohadagi kamchilik va yutuqlarni bilib olishga xizmat qiladi.

Nomzodni diplomga qarab emas, salohiyatiga qarab qo‘yish lozim. Munosib kadr bo‘lmasa, u nomzodni qo‘ymagan afzal. Chunki noshud nomzod partiyaning obro‘yini tushirishdan boshqaga yaramaydi. Bu orqali o‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz.

Endi nazorat tizimini olaylik. Nazorat, avvalo, tekshirish emas, bu har bir hududda amalga oshadigan dasturlarni tasdiqlab berishdan iboratdir. Chunki reja puxta tuzilsa, uni ijro qilish ham mumkin, ya’ni real bo‘ladi. Ikkinchisi, buning ijrosini ko‘rish. Faqat bunda ijroning yakuniga qarab emas, yo‘l-yo‘lakay ko‘rish va kamchiliklarini tuzatib borish. Ushbu yo‘nalish ijro hokimiyatining hisobotlarini eshitish orqali amalga oshiriladi.

— Siyosiy partiyalar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda qanday yo‘l tutishi kerak, sizningcha?

— O‘z elektorati bo‘lgan aholi qatlamining har biri bilan gaplashib, ularning takliflari, munosabati, talab va istaklarini Kengashga olib chiqishi kerak. Bunda esa deputatlar kuchidan foydalaniladi. Ming afsuski, jamoatchilik bilan ishlashning eng oson, tajribadan o‘tgan yo‘li bizda yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

To‘g‘ri, rasman qilish mumkin. Eng oson usulni qo‘llashadi. Misol uchun, avtoyo‘lning boshlig‘ini chaqiradi. «Keling, bizga hisob bering», deydi. U ham kelib bilganini o‘qib beradi. 1-2 ta savolga javob qaytaradi, o‘shani sessiyaga olib chiqadi. Bu usul na sessiyaning maqomiga, na deputatning maqomi va saviyasiga to‘g‘ri keladi.

Siyosiy partiyalar o‘zlarining deputatlik minbaridan foydalanishni yaxshi o‘rganishi lozim. Agar minbardan foydalansak, bu xalqqa yetib boradi. Xalq qiziqa boshlaydi. Buning ortidan ham ishonch shakllandi. Bu mexanizm aslida bor, biroq yaxshi ishlamaydi.

Navbatdagi masala siyosiy partiyalarning deputatlarni qanday nazorat qilishi bilan bog‘liq. Yil yakuni yoki boshqa biror sabab bilan hammasini yig‘ib, ularni tabriklab, osh berish bilan ish bitmaydi. Siyosiy partiyalar deputatlik guruhlariga sifatli metodik yordam ko‘rsatishi zarur. Masalan, mas’ullar biror bir hududga borib, deputatlar bilan birgalikda yurib, dasturlarda belgilangan vazifalar, loyihalarning ijrosini qoyillatib o‘rganmaydi. To‘g‘ri, viloyat tashkilotlarining kuchi yetmasligi mumkin. Lekin markaziy apparatda yoxud boshqa bir hududda kuchli, lider siyosatchilar bor, ularning ko‘magida masalani o‘rganib, sessiyaga olib chiqsa, bu partiya nufuzining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.

Bir xil joylarda ko‘zbo‘yamachilik uchun tadbirlar o‘tkaziladi. Misol uchun, bir hafta xonasidan chiqmagan partiya xodimi biror tanishiga qo‘ng‘iroq qiladi. 15-20 kishini to‘plab berishini, deputatlar bilan borib, tadbir qilishini aytadi. Eski tanishining yuzidan o‘tolmagan shaxs majburan odamlarni bir xonaga yig‘adi. Kim nimaga kelganini, nima haqida gap borishini ham bilmagan holda zerikarli, uzundan uzoq ma’ruza tinglashga majbur bo‘ladi. Eskirib, siyqasi chiqib ketgan «olifta» gaplar aytiladi. Eski raqamlar takrorlanadi. Qarabsizki, 4 ta rasm, 6 ta gap bilan partiya ishini zo‘r qilyapman, degan o‘ta kulguli xayol bilan hisobot to‘ldiriladi. Ming afsuski, bu bilan partiyaning obro‘sini yerga uradi, xolos.

Chunki odamlarni ishontirish qiyin. Ming gapirsak, ming majlis qilsak ham, natijasiz, ibratsiz ularning ishonchini qozonib bo‘lmaydi. Qachonki, muhokama qilingan masala oxiriga yetkazilsa, odamlarning qiziqishlari haqida ularning o‘zidan so‘ralsagina tadbirlar uchun sarflangan vaqt va mablag‘ zoye ketmaydi.

Sust, befarq va loqayd deputatlarni chaqirib olish mexanizmi barqaror bo‘lmagani uchun ham ayrim deputatlar xohlagancha, bilganicha yuribdi. Shuning uchun ham siyosiy partiyalarning xalq o‘rtasida nufuzini oshirish qiyin masalaga aylangan. Bu borada aniq va qat’iy mexanizm zarur, deb o‘ylayman.

Tadbir o‘tkazishda e’tibor qaratish bo‘lgan muhim jihatlardan biri odamlarning yonida, ular bilan bir safda turib gapirish, ularni eshitishdan iborat. Ba’zida 1,5-2 metr balanddagi minbarga turib olib gapirishadi. Hozir odamlar 1 qarich baland bo‘lsangiz o‘zini noqulay sezadi, yomon ko‘radi hattoki. Keyin hamma uchrashuvlar jonli, qisqa, lo‘nda mashvarat shaklida o‘tishi kerak. Odamlarning o‘zidan so‘rash, javob bera olmagan taqdirda ularni to‘ldirish, fikrini aytish uchun ko‘maklashish zarur.

Shu bilan birga gapirgan, fikr bildirgan odam rag‘bat topishi kerak. Uni turg‘izib maqtash, gaplarining ahamiyatiga e’tibor qaratish yoki biror bir kichik sovg‘a, aytaylik, bir kitob bilan rag‘batlantirish mumkin. Bu orqali ham kitob targ‘iboti, ham odamlarga hurmat ifoda etiladi. Yonidagi odamga ko‘rsatilgan e’tiborni ko‘rgan boshqalar ham fikr aytishga, taklif bildirishga yoki savol berishga harakat qiladi.

50-60 kishini to‘plash ham shart emas. Odamlarning hamma qatlamini bir joyga yig‘ish ham xato. Ularni ixtisoslashgan holda qabul qilish lozim. Masalan, yolg‘iz ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nuroniylar, umuman, har bir qatlamning qiziqishlariga qarab suhbatlashish va bunga o‘sha qatlamnigina jalb qilish kerak. «Mana bu savollarga javob izlab kelyapmiz. Kimda bo‘lsa, aytsin, mukofoti bor», deb e’lon qilinsin. Ana shunda tadbirlar jonlanadi, odamlarning esida qoladi, hurmat oshadi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 21.02.2023, №7

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish