Ta’lim, tadbirkorlik va qurilish sohasidagi ishlar holati qanday?

 

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat Ishchi guruh a’zolari hududlarda bo‘lib, Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganyapti.

Xususan, quyi palataning bir guruh deputatlaridan iborat ishchi guruh a’zolari Samarqand viloyatida bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Deputatlarning viloyatdagi dastlabki manzili — Toyloq tumani bo‘ldi. Hudud ahli dehqonchilikning hadisini olgan. Mahalla drayveri asosan ko‘chatchilik bo‘lib, aholi tomorqachilikdan yaxshi daromad oladi. Bu yerda “Bir mahalla, bir mahsulot” tamoyili yo‘lga qo‘yilgan.

Masalan, talliotalik Saidamirxon Oqilov, Saidakbar Ahrorovlar 20 yildan buyon ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Mirishkorlar halol mehnati ortidan yiliga 150-200 million so‘mgacha daromad olyapti.

Ayni chog‘da S.Oqilov 10 sotix tomorqasida issiqxona tashkil etib karam ko‘chatlari yetishtirmoqda. Karamdan bo‘shagan yerga pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon, gulkaram kabi sabzavot ko‘chatlari yetishtiradi.

Ishchi guruh a’zolari o‘rganishlari davomida talliotalik tajribali tomorqachilar bilan uchrashib, ularning muammolari bilan qiziqdilar. Yurtimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdilar.

Shu kuni deputatlar "SAM FIORENTA" MCHJ korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni, muammolarni o‘rgandi.

Bugungi kunda mazkur korxonada toyloqlik ko‘plab yoshlar ish bilan band. Korxona tomonidan yiliga 100 ming dona, 6 xil turdagi chang changyutgichlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shuningdek, korxona tomonidan umumiy qiymati 17 mlrd. 500 mln so‘mlik “Mayishiy texnikalar uchun kabel maxsulotlar” ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirish hisobiga 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratish maqsad qilingan.

Ochiq va samimiy muloqotlar davomida quyi palata deputatlari mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, qulayliklar xususida ma’lumot berish bilan birga, mahsulotlar turi va sifatini oshirib, eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.

Ishchi guruh a’zolarining keyingi manzili tumandagi 62 sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Deputatlar ta’lim muassasasi faoliyati, bu yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdilar. Ushbu maktab binosi 2022-yilda investitsiya dasturi asosida 11mlrd 882 mln so‘m evaziga qurilgan bo‘lib, 330 o‘ringa mo‘ljallangan. Eng muhimi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

So‘nggi yillarda Toyloq tumanida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Charog‘bon mahallasida 2019-2023-yillar davomida 21 ta uy-joy, unda 1236 ta xonadonlar qurib bitkazildi.

Deputatlar aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash holati, ko‘p-qavatli uy-joylarda yashovchi aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifati, muammo va kamchiliklarni o‘rgandi. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 4 ta 16 qavatli uy-joylarning qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda 2023-2030-yillarda jami 43 ta ko‘p qavatli uy-joylarda 4128 ta xonadon, shundan 43 ta 3 xil tipdagi 16 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Suhbat jarayonida ishchi guruh a’zolari oxirgi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengayib borayotgani, qishloq joylarda ham qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilayotganiga to‘xtalib, qurilish sifatiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh a’zolarining o‘rganishlari davom etmoqda.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish