«O‘zbekiston ovozi»: Hayot, eng avvalo, oldinga intilishdir

 

75 yil — bir asrning to‘rtdan uch qismi. Tarix uchun kichik, lekin bir inson umri uchun muhim bosqichlarni bosib o‘tishga yetgulik muddat. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, ajoyib faxriy Mixail Yelshov umrning ana shunday donolik, barkamollik davriga yetibdi. U bilan suhbatlashar ekansiz, ovozidagi bosiqlik, me’yor va samimiyatni darrov sezasiz.

“Partiya va siyosiy tizimda ishlash mening taqdirim, deb o‘ylayman. Chunki o‘zim umuman boshqa sohada o‘qib, siyosatga ancha uzoq ishlarga qiziqar edim”, deydi suhbatdoshimiz.

Radio fizikani juda ham yaxshi ko‘rgan odam qanday qilib partiyaga kelib qoldi? Dastlab shu haqidagi hikoyaga quloq tutdik.

 

Partiya – mening taqdirim

Bizning davrimizda hayot butunlay boshqacha edi. Men aslida muhandis bo‘lishni xohlardim. Bunga astoydil intildim, tegishli malaka oldim, universitetni radio muhandisi sifatida tamomladim, Toshkent “Foton” elektron-texnika ishlab chiqarish zavodida muhandis sifatida ish boshladim. Bu ish menga yoqar edi. Lekin ayni paytda ijtimoiy faol bo‘lganman.

Befarq bo‘la olmasdim. Hamisha kimgadir yordam berish, tushuntirish, so‘raganini o‘rgatishni istardim. G‘oyalarim, fikrlarimni ilgari surishni yoqtirardim. Hozir o‘ylab qarasam, o‘sha davrda men bilan o‘qiganlarning deyarli barchasi ana shunday xislatlarga ega bo‘lgan. O‘shanda fizika, astronavtika, yadro gidrologiyasi, atom elektr stansiyalari, yangi elementar zarrachalarni kashf qilish sohalar rivojidagi eng mashhur brendga aylangan edi.

Shunday bo‘ldiki, zavod yoshlar tashkilotida yangi lavozim joriy etildi va uni menga taklif qilishdi. O‘sha paytdagi tumanning ikkinchi sekretari Dilorom Aliyeva kelib, zavod direktori bilan birga lavozimga o‘tkazish taklifini aytishdi. Avvaliga men oyoq tiradim, istamadim. Yangi generator ustida ishlayotgandim va u ishim amalga oshgandi. Bahonalarim o‘tmadi va men siyosatga qadam qo‘ydim. Oradan ko‘p o‘tmay Toshkent shahar Sergeli tuman komsomol qo‘mitasi ikkinchi kotibi, keyinroq harbiy xizmatda ham shu ishimni davom ettirdim. Ana shunda siyosat bu mening taqdirim ekanini anglab yetdim.

To‘g‘risi, bu haqda gapirish qanchalar to‘g‘ri, bilmadim. Lekin biz endi siyosiy faoliyatga faol kirib kelayotgan paytda tuzum o‘zgarishi haqidagi gaplar ancha avj olgan, sobiq tuzum parchalanish arafasiga kelib qolgan edi. “Kompartiya”ning yo‘q bo‘lishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ko‘p tortishuvlar, muhokamalar bo‘ldi. Qo‘shni davlatlardagi vaziyatlar o‘rganildi, Xalq demokratik partiyasini tashkil etish kerakligi haqidagi fikrlar ilgari surildi. Bu loyiha haqidagi gaplar 1990-yillarga tegishli bo‘lib, o‘shanda partiyaning ustavini ishlab chiqish jarayoni boshlab yuborildi.

 

Tashabbuskorlar safida

Istiqlolga erishgan davlat demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan edi. Ana shunday vaziyatda M.Elshov faollar va tashabbuskorlar safida bo‘ldi. Demokratik davlatda birinchi siyosiy partiyani tashkil qilish, mamlakatimiz bo‘ylab turli korxona va tashkilotlarda uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishdek mashaqqatli ishda bosh-qosh bo‘ldi. Partiyaning ustavi, g‘oya va maqsadlarini ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va odamlar orasida targ‘ibotini yo‘lga qo‘yishdek mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishdagi asosiy ishtirokchilardan biri ham shu inson bo‘lgan.

Bundan tashqari, mamlakat mustaqil bo‘lgach, parlament saylovlarini o‘tkazish, buning uchun munosib nomzodlarni tanlash va parlamentni shakllantirishda muhim hamda asosiy missiyani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bajardi.

Partiyaning boshlang‘ich tashkilotlarini yo‘lga qo‘yish, ularning faoliyatini tashkil etish, turli loyihalarni amalga oshirish, aholi vakillari bilan muloqot qilish kabi qator masalalar yangi va yosh mamlakat uchun dolzarb ahamiyat kasb etardi. Zero, ana shu jarayonlarda g‘oyalar va ularning tarafdorlari shakllangan. O‘sha paytlarda odamlarni ortidan ergashtira olish, aholini partiya g‘oyalariga ishontirish oson bo‘lmagan.

Bugun partiyaning faxri hamda faxriysi bo‘lgan M.Elshov murakkab vaziyatda ortga chekinmadi, mehnatdan qochmadi. Shu tariqa partiyadoshlari hurmatini qozona oldi.

 

Hamisha izlanish va o‘rganish lozim

Tashkilotchilik va ijtimoiy faollik uning bir umrlik yo‘ldoshi bo‘ldi. Masalan, o‘tgan asrning to‘qson beshinchi va to‘qson oltinchi yillarida 18-maktabda o‘qiyotgan qizining sinfida ota-onalar fondini tashkil qiladi. Yig‘ilayotgan mablag‘lar qanday sarflanayotgani, nimaga sarflanishi bilan ham qiziqib boradi. O‘zi to‘q bo‘lgan oilalar pul jamg‘arib, maktabga yordam qilish, ta’limni rivojlantirishdagi jarayonlardan biroz oldinroq bo‘lish istagida bu ishlarni amalga oshiradi. Ota-onalar maktabni qo‘llab-quvvatlash uchun fondni moliyalashtiradi. Maqsadimiz u yerdan pul qilib, boylik orttirish emas, maktabga chin ko‘ngildan ko‘maklashish edi.

 

Mehnatdan ko‘rqmaydigan inson

1990-yillarning ikkinchi yarmi, 97-98-yillarning oxirida O‘zbekistonni ham moliyaviy, iqtisodiy inqiroz to‘lqini qamrab oladi. Inqiroz muqarrar edi. Chunki O‘zbekiston iqtisodiyoti boshqa davlatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan va bu aloqalar uzilgan edi. O‘sha davrlar hamma qatori Mixail Yelshov va uning oilasi uchun ham sinovli yillar sifatida taqdiriga muhrlanadi. Uning so‘zlariga qaraganda o‘sha paytlarda ikki barobar ishlashga to‘g‘ri kelgan. Biroq qo‘shimcha mehnat qilish hech qachon uni qo‘rqitmaydi, mehnatdan aslo qochmaydi.

Aytish kerakki, qahramonimiz bugun ham ishda, qo‘shimcha loyihalar bilan shug‘ullanadi. Xohlaymizmi-yo‘qmi – insonlar ikki guruhga bo‘linadi: yetakchilik fazilatlariga ega bo‘lgan va ega bo‘lmaganlar. Bundan muammo yasash kerak emas. Chunki hamma liderlik qilgan, o‘zicha faol bo‘lgan jamiyatda o‘sish qiyin bo‘ladi.

Mixail Yelshov qobiliyat egalaridan bo‘lib, bugun ham tashkilotchilik bilan shug‘ullanib keladi. O‘z tashabbusi bilan “Partiya faoli mahallada” loyihasini ishga tushirgan va telegram ijtimoiy tarmog‘ida alohida kanal ochgan. Ayni paytda amalga oshirilayotgan uy-joy kommunal soha tizimidagi islohotlarning to‘g‘ri bajarilishiga bosh-qosh bo‘ladi. Bu esa uning funksional vazifalarini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda. Gap shundaki, mahalladagilar vaziyatidan kelib chiqib, odamlarni nima tashavishga solyapti, og‘riqli nuqtalari qayerda ekanini yaxshi biladi. O‘rganishlari partiya dasturiy maqsadlari va g‘oyalarini tayyorlashda muhim vosita bo‘lmoqda.

 

Jonli ensiklopediya

M.Elshovni yaxshi bilgan insonlar suhbatida bo‘larkansiz, uning hamisha yordamga shayligini aytishadi. Uning uzoq yillik samarali mehnati, har doim yoshlarga partiya ishini tushuntirishda ko‘rsatgan faolligi, sadoqatini e’tirof etishadi.

Partiyamiz safidagilarning aksariyati uni o‘ziga ustoz, deb biladi. Undagi bilim, tajriba va mahorat hali uzoq yillar yoshlarga o‘rnak bo‘lishda davom etishiga umid bildirishadi. Ishxonadagilar tashkilotiga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha uning namunasi, ibratini alohida e’tirof etishadi. Fidoyi insonga, uning g‘ayrati, yoshiga nisbatan ancha tetik ekaniga havas bilan qaraydiganlar talaygina.

Buning siri esa uning hayotga bergan quyidagi ta’rifida mujassam: “Hayot, eng avvalo, oldinga intilishdir. Chunki inson oldinga intilish qobiliyatini yo‘qotsa, u aqlli mavjudot sifatida, avvalo, mavjud bo‘lish instinktini to‘xtatadi. Bunday qobiliyatlarni yo‘qotish - hayotda to‘g‘ri yo‘nalishni yo‘qotish demakdir. Hayot - bu harakatdir”.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

jurnalist.

«O‘zbekiston ovozi», 3.04.2023, №14

 

 

 

 

Teglar

Faxriy
← Roʻyxatga qaytish