Oq edi, «qora» bo'lib yurdi

 

Bolalar mehnati va majburiy mehnat ko'p yillar og'ir tamg'a bo'lib keldi. 2009 yilda O'zbekistonda yetishtirilgan paxtaga nisbatan e`lon qilingan boykot 2022 yil 10 mart kuni “Cotton Compaign” xalqaro koalisiya tomonidan bekor qilindi.

Bu xalqimiz, shuningdek, davlatimiz uchun ham, Hech shubhasiz, tarixiy kun bo'ldi. Buning katta yutuqligini, ortida necha yillik mashaqqat va mehnat, asosiysi, Prezidentning qat`iy siyosiy irodasi turganini ko'pchillik biladi. Boykotni bekor qilishda “Cotton Compaign” xalqaro koalisiyasining yetakchi hamkori bo'lgan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi» tomonidan 2021 yilda paxta terimi bo'yicha o'tkazilgan mustaqil monitoring natijalari asos qilib olingan. Hisobotda hukumat tomonidan tashkil qilinadigan majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu tarixiy voqeaga eng qisqa va tushunarli izoh berdi: “Necha yillardan beri manfaat ko'rmadik. Paxtamiz o'zi oq edi, lekin “qora” bo'lib yurdi. Go'yoki o'zidan o'zi bo'ldi deb o'ylashadi, ammo qancha qiynaldik. Siyosiy iroda bo'lmaganda, bular bo'larmidi? Bu kurash. Kecha televizorda ko'rsatyapti, tushungan odam, qadriga yetgan odam yig'ladi, xursand bo'lib. Bu millatimizning qiymati”.

Ushbu voqelik haqida ko'plab xalqaro nashrlar hamda mutaxassislar o'z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

 

 

Xalqaro Mehnat Tashkiloti rasmiy sahifasida O'zbekiston paxtasiga nisbatan Cotton Campaign boykotining bekor qilinishi olqishlandi…

 

O'zbek paxtasiga o'n yillik boykot tugagani haqida xabar berildi, The Business of Fashion rasmiy saytida…

 

Foreign Policy saytidagi maqolada “Transmilliy kompaniyalarni O'zbekiston paxtasi va undan olinadigan mahsulotlarni xarid qilishni qayta boshlashga undash kerak”, deyiladi…

 

 

* * *

Bennet FRIMAN,

“Cotton Campaign” xalqaro koalisiyasi rahbari:

– O'zbekistonda so'nggi yillardagi islohotlar natijasida mutlaqo yangi muhit shakllandi. Paxta-yig'im terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanmayotgani va unga to'liq barham berilgani nafaqat bizning koalisiyamiz, balki fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e`tirof etilmoqda.

Biz Prezident Mirziyoevning majburiy mehnatga barham berish va O'zbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur bo'lgan tarixiy islohotlar va amalga oshirishdagi tashabbusini yuqori baholaymiz. Endi biz O'zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga hamda global brendlarni jalb etadigan, mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan mas`uliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun zarur bo'lgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz.

 

 * * *

Patrisiya YUREVICH,

Responsible Sourcing Network bosh direktori:

— So'nggi 12 yil davomida yuzlab kompaniyalarni o'zbek paxtasidan voz kechishga undaganimizdan so'ng, biz O'zbekiston paxtasiga nisbatan boykot majburiyatini bekor qilish vaqti kelganini e`lon etishdan mamnunmiz. Endi kompaniyalar o'zlari mehnat huquqlariga rioya etishni baholashlari va O'zbekistondan paxta sotib olish bo'yicha qaror qabul qilishlari kerak”.

 

 * * *

Ellison GILL,

Cotton Campaign boshqaruv qo'mitasi a`zosi, «GLJ-ILRF majburiy mehnat dasturi» direktori:

— Bugun biz uchun tantanali kun, asosiysi, bizning adolatli va insonparvar sanoatni rivojlantirishga yordam berishga qaratilgan faoliyatimiz davom etmoqda. Biz etkazib beruvchilar hamda brendlar bilan birgalikda mehnat amaliyoti bo'yicha haqiqiy shaffoflikka ega bo'lgan, ishchilar huquqlariga sarmoya kiritish va yuqori mehnat standartlarini saqlab qolish mumkin bo'lgan yangi turdagi ta`minot zanjirini yaratish imkoniyatiga egamiz.

Brendlar ishlab chiqaruvchilarini eng past narxlar uchun raqobatlashishga majburlash lozim.

 

«O'zbekiston ovozi», 16.03.2022, №11

 

 

 

Teglar

Xorij xabarlari
← Roʻyxatga qaytish