Hududlarda bandlik dasturlari ijro holati qanday?

 

2023 yil 26 iyul kuni Hududlarda aholi bandligini taʼminlash va ish oʻrinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda aholi bandligini taʼminlash va ish oʻrinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, ularni kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsizlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlanganidek, oʻrganish davomida deputatlar davlat va mahalliy investitsiya dasturlari boʻyicha yaratilgan ish oʻrinlari, ajratilgan subsidiya, grantlar, nafaqalar, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, nogironligi boʻlgan shaxslarning ish bilan taʼminlanish holatlariga alohida eʼtibor qaratgan.

Xususan, Buxoro viloyatida aholi bandligini taʼminlash, ish oʻrinlarini yaratish borasida qator amaliy ishlar qilingan. Yaʼni, 2023 yilda 4,2 ming nafar band boʻlmagan fuqarolarni qamrab olish quvvatiga ega boʻlgan — 1 ta "Ishga marhamat" monomarkazi, 3 ta kasb-hunarga oʻqitish markazi hamda 480 nafar quvvatga ega boʻlgan 8 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari tashkil etilgan.

Shuningdek, viloyatda mehnat organlari yoʻllanmalari asosida 2023 yil yanvar-aprel oylari davomida 2,9 ming nafar ish bilan band boʻlmagan fuqarolar kasb-hunarga, tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishga jalb etilgan. 2023 yilning oʻtgan davrida band boʻlmagan fuqarolarning qariyb 518 nafari oʻqishni tamomlagan. Ularning 502 nafari bandligi taʼminlangan.

Yigʻilishda qayd etilganidek, Samarqand viloyatida joriy yilning 1 iyun holatiga 123,4 ming aholi bandligi taʼminlangan. Xususan, mahallabay ishlash tizimi asosida hokim yordamchilari koʻmagida 9,9 ming aholi doimiy va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 9,4 mingta loyiha uchun qariyb 241,7 mln. soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham 2023 yilda jami 192 987 nafar aholini daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 44 426 ta doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratilib, belgilangan reja 105 foizga bajarilgan.

Xorazm viloyatidagi oʻrganishlarda maʼlum boʻlishicha, Yangiariq tumanida 2023 yilning yanvar-may oylarida 348 nafar fuqaro kasbga oʻqitishga jalb qilingan. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 393,4 gektar yerlarni aholiga "Ye-auksion" savdosi orqali ajratish hisobiga 1022 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlangan. Shuningdek, yanvar-may oylarida 26 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar ishga joylashtirilgan.

Yigʻilishda keltirib oʻtilganidek, Navoiy viloyatida 2023 yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi doirasida, joriy yilda 240 ming aholini daromadli mehnat bilan band qilish, shu jumladan 77 mingdan ziyodini doimiy ish bilan bandligini taʼminlash rejalashtirilgan.

Oʻrganishlarda maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 1 iyun holatiga viloyatda 123,4 ming aholining bandligi taʼminlangan. Aholini ish bilan taʼminlash rejasi samarali bajarilishiga qaramay sohada ayrim kamchiliklar aniqlangan. Xususan, shu yilning 1 iyun holatiga Navoiy viloyatida "Ayollar daftari"ga kiritilgan 5 259 nafar ishsiz xotin-qizlarning atigi 861 nafari doimiy ish bilan taʼminlangan. Bu koʻrsatkich Karmana tumanida 7 foiz, Xatirchi tumanida 9 foiz, Zarafshon shahrida 9 foiz tashkil qilib, mazkur hududlardagi boʻsh va yangi ish oʻrinlari boʻyicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani deputatlarning eʼtirozlariga sabab boʻldi.


Shuningdek yigʻilishda, Samarqand viloyatida hududiy investitsiya loyihalari hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi yanvar-may oylarida atigi 14 foizni tashkil etgani tanqid qilindi.

Muhokamalarga boy boʻlgan tadbirda ishchi guruh tomonidan oʻrganilgan hududlarda aholi daromadlarini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida 0,1 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari aholiga "Ye-auksion" platformasi orqali yerning normativ qiymatini oshirish va savdo natijasiga koʻra yuqori narx bergan talabgorlarga ajratib kelinmoqda. Natijada ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan "Temir", "Ayollar" va "Yoshlar" daftaridagi ishsiz va kam daromadli aholining ushbu yer maydonini sotib olish imkoniyatini pasaytirmoqda.

Mazkur holatning yechimi sifatida deputatlar tomonidan "Ye-auksion" platformasi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj "Temir", "Ayollar" va "Yoshlar" daftaridagi ishsiz va kam daromadli aholining yer maydoni sotib olish uchun yerning normativ qiymatini oshirib borish qismini bekor qilish, daftarlarga kiritilgan fuqarolarga xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qarorlariga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish va normativ qiymat boʻyicha toʻlovni bir yil davomida yerdan olingan daromad evaziga boʻlib-boʻlib toʻlashni joriy qilish maqsadida tegishli qonunchilik va meʼyoriy hujjatlarga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish lozimligi taʼkidlandi.

Savol-javoblarga boy boʻlgan yigʻilishda deputatlar yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha olib borilgan ishlarni eʼtirof etgan holda, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasidan xotin-qizlarni kasbga oʻqitish xarajatlarini qoplash, tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish maqsadida subsidiyalar yetarli darajada ajratilmaganligini tanqid ostiga olishdi. Deputatlar mazkur muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berdi. Aholi bandligidagi sohalar boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, investitsiya loyihalari asosida yangi ish oʻrinlarini yaratishni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati

Teglar

Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish