AYOL BAXTLI BO‘LSA, TURMUSH FAROVON, JAMIYAT MUSTAHKAM BO‘LADI

 

Xalqimiz azaldan Ona zotiga, xotin-qizlar sha’niga doimo yuksak ehtirom ko‘rsatib kelgan. Ayolga bo‘lgan hurmat – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan e’tibor ifodasi hamdir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Er yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi”, degan hikmatli so‘zlarda albatta chuqur ma’no bor.

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.

Bugungi O‘zbekistonda inson huquqlari, ayniqsa, ayollar huquqlarining himoyasiga, ularning jamiyatdagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga hammamiz guvohmiz.

Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Prezidentimiz ayollarni bayram bilan tabriklab ayol zotiga, uning oiladagi, jamiyatdagi o‘rni, farzandlar ya’ni kelajak tarbiyasidagi ishtirokiga yuksak baho berdi.

Mazkur tabrik yurt rahbarining mamlakat ayollariga nisbatan chuqur hurmat- ehtiromi namunasi bo‘ldi deya olamiz.

Suyukli qizlarimizni ta’riflab Muhammad Yusufdan keltirilgan satrlar ko‘ngillarimizning tub-tubiga yetib bordi:

Qiz bor uyning fayzi bo‘lak,

deydilar,

Jannat yo‘li – qiz bor yo‘lak,

deydilar.

Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga jahon hamjamiyati, BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baho berilmoqda.

Barchamizni ruhlantirib, yangi kuch-quvvat bag‘ishlaydigan bunday ijobiy o‘zgarishlarga, avvalambor, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi, ularning ijtimoiy nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan salmoqli ishlarimiz mustahkam poydevor bo‘layotganini ta’kidlash lozim.

Bugungi jamiyatda ayol mavqei mehribon ona  va uy bekasi doirasidan tashqariga chiqib, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotining faol ishtirokchisiga aylandi. Jamiyatda ayolning o‘rni  juda muhim va faxrlidir.  Chunki ayol o‘zining qalb mehri bilan erkaklarning cheksiz qudratini ijobiy yo‘nalishga burish xususiyatiga ega.

Agar biz ayol mavqeini ko‘tarsak, uning jamiyatdagi imkoniyatlarini kengaytirsak bugungi ko‘plab muammolarimiz hal bo‘ladi. O‘zbekistonda ayollar ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalarda o‘ta muhimm masalalarni hal qilishda faol ishtirok etmoqdalar.

Har bir ona o‘z farzandlarini farovon, rivojlangan, o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etish uchun imkoniyatlar yaratilgan jamiyatda yashashini istaydi.

Prezidentimiz tabrigida ana shu niyatga yetish yo‘llari va bu jarayonda ayollar ishtiroki va mas’uliyati aniq ko‘rsatib berildi.

Xalq demokratik partiyasi o‘z prinsiplariga sodiq qolgan holda o‘z faoliyatida har bir oila, har bir ayol baxtli hayot kechirishi uchun barcha jabhalarda Davlat dasturi va Prezident ko‘rsatmalari asosida saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni bajarishni maqsad qilgan.

Biz deputat ayollar xalqimiz ishonchini qozonib shunday ulug‘, mas’uliyatli ishga kirishar ekanmiz, albatta farzandlarimiz, oilalarimiz, Vatanimiz farovonligini ta’minlash, jahon maydonida uning har sohada munosib o‘rin egallashi uchun bor kuch g‘ayratimiz, bilimimizni sarflaymiz.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

"O'zbekiston ovozi"

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish