“Mehribonlik uyidagi bolalarni 10—15 yil oq yuvib-oq tarab, keyin ko‘chada qoldirish bizga yarashmaydi”. Deputat Hukumat qarorini o‘zgartirishni so‘ramoqda

 

“Mehribonlik uyi”... Bu dargoh turli taqdir egalarini, o‘ksik ko‘ngillarni bir tom ostida birlashtiradi. Tug‘iliboq, hayot zarbasiga duch kelgan, ota-ona mehridan mosuvo murg‘ak qalb egalarining taqdiri ham bevosita ana shu uy bilan bilan tutashdir. Shunday bo‘lsa-da, bu maskanda orzulari bir olam, sinovlardan cho‘chimaydigan, qiyinchiliklarni sabr va bardosh, intilish bilan yengishga tayyor turadigan o‘g‘il-qizlar yashaydi.

Prezidentimiz ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ilgari surayotgan g‘oya hamda tashabbuslar asosida ezgu maqsad mujassam. Ming-minglab qiynalgan, moliyaviy imkoniyati cheklangan oilalar, onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joylar berilayotgani buning tasdig‘idir.

Lekin shu vazifalarga mas’ul bo‘lgan davlat tuzilmalaridagi mutasaddi va rahbarlarda mas’uliyatsizlik kuchayib borayotgani xavotirli. Bunday xulosa chiqarayotganimiz bejiz emas. Boisi, mazkur masalada hududlarda ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan. E’tiborsizlik, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haq-huquqlari, taqdiriga befarqlik kuchayib borayotgani yaqqol sezilyapti.

Tahlillarga ko‘ra, Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning 338 nafari, ya’ni 14 foizi chin yetimlar, ularning na otasi va na onasi bor. Sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlarning farzandlari 811 nafar (34 foiz), otasi yoki onasi hayot bo‘lganlarning farzandlari 569 nafar (24 foiz), kam ta’minlangan oilalarning farzandlari 420 nafar (18 foiz) tashkil etmoqda. Bundan tashqari, 98 nafari nogironligi bor shaxslarning, 133 nafari ozodlikdan mahrum etilganlarning farzandlaridir.

Hukumat qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash tartibi belgilab berilgan. Ammo joylarda bu boradagi ahvol yaxshi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011—2019-yillarda Mehribonlik uylarining jami 2307 nafar bitiruvchisidan 1024 nafari turar joyga muhtoj deb topilgan. Biroq 2020-yil yanvar holatiga ko‘ra, ularning 450 nafari uy bilan ta’minlangan xolos. 574 nafari haligacha uy berilishini intizorlik bilan kutmoqda.

Boshpanasi yo‘q, ko‘chada sarson yurgan yoshlarning, norasida go‘daklarning kelajagi, taqdiri nima bo‘ladi? Shuncha qiyinchilik va sinovlarni boshidan o‘tkazgani kamday, endi ular jamiyatdan, hayotdan ijtimoiy yetim sifatida uzilib qolishi kerakmi?..

Masalaning yana bir tomoni. Davlat Mehribonlik uyidagi bir bolaga 10-15 yil ichida qancha kuch va resurs sarflaydi. Bola bitirgach, u ko‘chada qolsa, yillar davomida sarflangan kuch, mehr havoga uchgandek bo‘lib qoladi. Boshqacha aytganda, ne bir mashaqqatlar bilan unib chiqqan niholni bir zumda ham suvdan, ham quyoshdan ayirish borib turgan shavqatsizlikdir.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik birlashmalari bilan birgalikda bu borada hududlarda yuzaga kelgan vaziyat chuqur, tanqidiy tahlil asosida o‘rganilgan.

Xalq demokratik partiyasi, partiyamizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joy bilan ta’minlash masalasida yuzaga kelgan muammoli vaziyatdan jiddiy xavotirda ekanini bildiradi.

Muammo chuqur va tushunarli. Uni hal etish uchun nima qilishimiz kerak? Eng birinchi ish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-qarori bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni butunlay qaytadan ko‘rib chiqish, bolalarni uy-joy bilan ta’minlash mexanizmi va asosiysi, moliyaviy manbalarini aniq ko‘rsatib qo‘yish, yaxshisi, shu masala bo‘yicha mutlaqo yangi hujjat qabul qilish zarur.

Deputatlarning o‘rganishlari, yaqinda Senatda bo‘lib o‘tgan muhokamalar, mahalliy hokimlarning xulosalari bu masalaning pishilib yetganini, uni samarali hal etish davlat oldidagi dolzarb vazifaga aylanganini ko‘rsatmoqda. Buning uchun birinchi navbatda hujjat, tartib o‘zgarishi, muammo yechimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan qoidalar joriy etilishi kerak.

Ba’zi hokim va mutasaddilar “muammo ko‘p, ularni hal etishga mablag‘ni qayerdan topamiz, byudjet imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa?”, deb o‘ylashi ham mumkin. Ota-ona, jamiyat mehriga muhtoj bolalarni rozi qila olsak, boshqa yo‘nalishdagi ishlarimizda ham unum, baraka ko‘payadi, deb o‘ylaymiz.

Mehribonlik uyi bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlagan davlatning quvvati ozayib qolmaydi, aksincha, kuchiga kuch qo‘shiladi.

 

O‘rol O‘rozboyev,

Xalq demokratik partiyasining

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi.

 

www.daryo.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish