Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri: keyingi chaqiriqdagi deputatlarga oson bo‘lmaydi...

Nuriddinjon ISMOILOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri:

— Shu kunlardagi o‘zgarishlar, yangilanishlarga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz. Prezidentimizning Oliy Majlis deputatlari, siyosiy partiya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida belgilangan vazifalar, bildirilgan takliflar bosqichma-bosqich amalga oshmoqda. Ayniqsa, oxirgi uch yil davomida Qonunchilik palatasi faoliyati tubdan o‘zgardi. Davlatimiz rahbari bizga kutmagan katta-katta imkoniyat va vakolatlarni ishonib topshirdi. Parlament nazorati yo‘nalishidagi ishimiz deyarli qayta ko‘rib chiqildi. Har oyda hukumat soati o‘tkazilmoqda. Vazirlar faoliyatlari yuzasidan deputatlar oldida hisob bermoqda. Bir paytlar Senat yig‘ilishi e’lon qilinganda qonun loyihalarini yetkazib berolmasdik. Hozir 40 ta qonun loyihasi qo‘limizda turibdi. Qonunlar soni bilan birga moddalar ko‘lami ham ortgan. Vazirlik va idora vakillari deputatlardan qonunni o‘tkazib berishni so‘rashmoqda. Bu parlamentda uch yilda bo‘lgan o‘zgarishlar, xolos.

Aytish lozimki, keyingi chaqiriqdagi Qonunchilik palatasi deputatlariga ham oson bo‘lmaydi. Ularning zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklanadi. Oldimizda bajariladigan ishlar ko‘p. Masalan, tibbiyot sohasi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada takomillashtirish lozim. Endilikda viloyatlarda bittadan namunali tuman tashkil etiladi. Galdagi vazifa mamlakatimizdagi barcha tumanlarda aholi uchun havas qilgudek turmush sharoiti yaratishdir. Tan olish kerak, hali internet tarmog‘i ulanmagan tibbiy maskanlar, hatto kompyuter o‘rnatilmagan poliklinikalar mavjud.

Ochiq tan olamiz, biz bajarilgan ko‘pgina ishlarimizni, tashabbuslarimizni yetarli darajada ko‘rsatib berolmayapmiz. G‘alla bo‘yicha bozor munosabatlariga o‘tish borasida 52 deputat joylarda bo‘ldi, o‘rgandi. Zarur deb topilgan joylarda ijtimoiy yordamga muhtoj qatlam manfaati haqida qayg‘urildi, ko‘mak berildi. Natijada hukumat tomonidan bu toifaga ajratiladigan mablag‘ni oshirishga erishildi.

Yana bir muhim jihat shundaki, saylovlarga kirishda biz OAVlar bilan ishlash, jurnalistlarning mavjud muammolarga e’tiborini qaratish yo‘llarini qidirishimiz lozim.

Teglar

Qurultoy Saylov-2019 Men OʻzXDPni tanladim Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish