Qiz bola bo‘lg‘usi oila bekasi!

 

Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlarini yoshlar, xotin-qizlarga tushuntirish, sog‘lom va mustahkam oilalarni barpo etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Bu borada O‘zbekiston XDP “Ayollar qanoti” tomonidan ham “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” shiori ostida ko‘plab targ‘ibot tadbirlari, amaliy loyihalar o‘tkazib kelinmoqda. Mana shunday tadbirlardan biri Toshkent davlat Agrar universitetida o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent davlat Agrar universitetining professor o‘qituvchilari, talaba qizlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda universitetda 300 nafardan ortiq ayol professor va o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda, 4000 ga yaqin talaba qizlar tahsil olishmoqda. Talaba qizlarning o‘qishi, ta’lim olishi bilan birga, bo‘sh vaqtlarini mazmunli va to‘g‘ri tashkil etish, ularni sog‘lomlashtirish maqsadida yotoqxonalarda tikuv mashinalari, fitnes zallar ham tashkil etilgan. Yaratilgan imkoniyatlardan qizlar ham unumli foydalanishmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilishning huquqiy asoslari, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida, erta va qarindosh o‘rtasidagi nikohlarning, oilaviy ajrimlarning oldini olish, irsiy kasalliklar profilaktikasi dolzarbligi haqida so‘z yuritdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova mutaxassis shifokor sifatida erta nikoh, erta tug‘uruq, qarindosh urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlarini o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda hayotiy misollar orqali tushuntirib berdi.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari Gulshan Asatova siyosiy partiyalar to‘g‘risida, shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash borasida berilayotgan imtiyozlar va ulardan to‘g‘ri foydalanish haqida ma’lumotlar berdi.

Uchrashuvda erta va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, amal qilish muhim bo‘lgan tavsiyalar, maslahatlar berildi. Talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq javoblar olishdi, shuningdek partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirishdi.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish