O‘zA: Yangi sement zavodlarini qurishga moratoriy e’lon qilish yoki to‘xtatib turish masalasi ko‘rilmoqda (+video)

 

Parlament quyi palatasida davom etayotgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining eshituvida deputat Dilorom Imomova sement zavodlarining atmosfera va atrof-muhitga ta’siri haqida to‘xtalib, ularda avtomatik stansiyalar, statsionar kuzatish punktlari o‘rnatilganligi bilan qiziqdi.

– Sement zavodlari havoga juda katta miqdorda zararli moddalar chiqaradi. Asosiy xomashyosi tosh bo‘lgani bois tog‘li hududlarda joylashgan. Bu esa ham tabiatga, ham turistik zonalarga, ham aholiga qiyinchilik tug‘diryapti. 1 ta sement zavodining ta’sirida o‘sha atrofdagi barcha o‘simlik va daraxtlar usti qalin plyonkasifat chang bilan qoplangan. O‘rganganimizda, bu kabi holatlarga qonunchiligimizda bor-yo‘g‘i 100-200 million so‘m jarima qo‘llanilar ekan. Endilikda bu kabi holatlarga kamida 10 milliard so‘m jarima qo‘llashni yo‘lga qo‘yyapmiz. Buning natijasida ana shunday zavodlar zamonaviy, gaz, chang zarralarini ushlab qoladigan uskunalarni o‘rnatishga majbur bo‘ladi, – dedi vazir.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlarga erkinlik berilganda ekologik ekspertiza olib tashlangan edi. Ya’ni hudud tanlashda, qurilishda loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlashda ekologik ekspertiza masalalari bekor qilingan edi.

– Tegishli qaror bilan 2023 yil 1 noyabrdan boshlab yana ekologik ekspertiza qayta tiklandi. Bu ekspertizasiz yangi zavodlar qurilmaydi. Hozirda sement zavodlarining quvvati O‘zbekiston ehtiyojidan karra-karra ko‘p. Bu masala hukumatda ham ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi. Endilikda yangi sement zavodlarini qurishga moratoriy e’lon qilish yoki to‘xtatib turish masalasi ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda 47 ta sement zavodi mavjud, shundan 23 tasi vaqtincha to‘xtatilgan. Qolganlari o‘rganilganda, 90 foizining faoliyati ekologik talablarga javob bermaydi. Ularga ogohlantirish berilgan. Bosh prokuratura bilan birgalikda ishlanyapti, qat’iy choralar ko‘rishga vazirlikning kuchi yetadi, – dedi vazir Aziz Abduhakimov.

 

M.Komilova, O‘zA

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish