Xalq ta’limi vaziri partiyamiz Saylovoldi dasturi haqida qanday fikr bildirdi?

Sherzod SHERMATOV, Xalq ta’limi vaziri:

— Partiyaning saylovoldi dasturida ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik masalalariga e’tibor qaratilgani juda muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Hammamiz qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan jamiyat tuzishga harakat qilyapmiz. Mana shu masalada partiyamiz ham o‘zining munosib hissasi, ovozi va so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun parlamentda yetarli o‘rinni egallashi talab etiladi. Parlamentning muhim yo‘nalishlaridan biri bu — davlat byudjetini tasdiqlash masalasidir. Bunda fraksiyamiz a’zolari ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lar xususida o‘z fikrlarini bildiradi.

Masalan, ta’lim sohasiga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar ortyaptimi yoki kamayaptimi? Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ortyaptimi, kamayyaptimi, kabi savollarga to‘g‘ri javob olish kerak. Fraksiyamiz a’zolari bu borada o‘z pozitsiyasini qat’iy bildira olsa, kelasi yilgi byudjetni tasdiqlashda o‘z takliflarini ilgari surish imkoniga ega bo‘lishadi. Natijada ta’lim sohasida rivojlanish, o‘sish sur’ati yanada ortadi.

Aytaylik, 12 yillik majburiy ta’lim 11 yillikka o‘tgach, ajratilayotgan mablag‘larda qanday o‘zgarish bo‘ldi? Bu savolga byudjet muhokamasi jarayonida javob topamiz, deb umid qilamiz.

Yana bir masala. Keyingi paytlarda byudjetdan ortgan mablag‘ mahaliy hokimliklar hisobida qolmoqda. Tabiiyki, har biri o‘ziga yarasha mablag‘ga ega. Ushbu mablag‘larning qaysi sohaga taqsimlanishi bo‘yicha ham mahalliy Kengashlar deputatlari o‘z so‘ziga, o‘z fikriga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, Namangan viloyatida mahalliy byudjetdan ortgan mablag‘lar ta’lim sohasiga ajratildi. Natijada birorta ham eski maktab qolmadi. Barchasi zamonaviy ko‘rinishda qayta qurildi, rekonstruksiya qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, elektoratimiz manfaatlari hamda partiyamiz g‘oyalarini himoya qila oladigan kuchli deputatlar kerak bo‘ladi. O‘ylaymanki, ana shunda ko‘zlangan maqsadlarga erishamiz va saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarni bajaramiz.

Teglar

Qurultoy Saylov-2019 Sherzod Shermatov Men OʻzXDPni tanladim
← Roʻyxatga qaytish