Mamlakatimizda joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jadal sur’atlar bilan tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham bu muhim siyosiy tadbirda o‘zining siyosiy pozitsiyasini namoyon etish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining joriy yilning 11 may kunidagi qarori bilan partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki bo‘yicha 7 ta yo‘nalish, 37 banddan iborat asosiy tadbirlarning kalendar rejasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, partiya Markaziy Kengashining qarori bilan partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi faol ishtirok etishini ta’minlash, saylov jarayonlarining barcha bosqichlarini samarali tashkil etish hamda faoliyatni tizimli muvofiqlashtirib borish maqsadida siyosatshunoslar, huquqshunoslar, ekspertlar, deputatlar, partiya faollari va partiya faxriylaridan iborat partiya markaziy saylov shtabi tarkibi tasdiqlanib, ularning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Partiyaning joriy yil 12 may kuni bo‘lib o‘tgan VII plenumi qarori, shuningdek, Saylov kodeksining 63-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasiga Prezident saylovida partiyaning ishtirok etishi yuzasidan 12 may kuni rasman ariza bilan murojaat etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod sifatida Xalq demokratik partiyasidan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovichning ma’lumotlari taqdim etildi.
Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 15 maydagi 1255-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga rasman ijozat berildi.
Saylov kodeksining 64-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatishning aniq tartibi va talablari belgilab berilgan.
Undagi eng asosiy talablardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasidagi umumiy saylovchilarning bir foizi siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodning saylovda ishtirok etishini yoqlab, o‘z imzosini qo‘yib berishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasining 13 maydagi 1248-sonli qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi tuzildi. Mamlakatimizdagi umumiy saylovchilarning soni – 19 million 414 ming 914 nafar, deb belgilandi.
Partiyaga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, respublikadagi umumiy saylovchilar sonining 6,0 foizi hisobida, 10 241 dona imzo varaqa blankalari topshirildi. Bu partiyaga 224 558 nafar saylovchining imzolarini to‘plash imkoniyatini beradi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq, siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada umumiy imzolar sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkinligi qat’iy belgilangan.
Shundan kelib chiqib, saylovchilar soni, hududning joylashuvi hamda partiyaning joylardagi tarafdorlari qamrovini e’tiborga olib, partiyadan Prezidentlikka bo‘lajak nomzodni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini yig‘ish (to‘plash) yuzasidan taqsimot rejasi ishlab chiqildi.
Joriy yilning 16 may kunidan joylarda saylovchilarning imzolarini to‘plash ishlari boshlandi. Saylovchilar imzolarini to‘plash ishlarida partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashi rahbar va mas’ul xodimlari, boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari hamda partiya faollari ishtirok etmoqda.
2023 yil 22 may kungi holatiga ko‘ra, 199 ming 64 ta saylovchining imzolari to‘plandi. Bu 88,6 foizni tashkil qilmoqda. Yana 25 ming 498 ta imzo to‘planishi lozim.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ustavining 6.1-bandiga muvofiq, partiyaning oliy rahbar organi Qurultoy hisoblanadi. Partiya Ustaviga muvofiq, Qurultoy partiya Markaziy Kengashi (plenum) tomonidan besh yil ichida kamida bir marta chaqiriladi.
Qurultoy delegatlari partiya Markaziy Kengashi plenumi tasdiqlagan vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibiga muvofiq mintaqaviy partiya tashkilotlaridan saylanadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2023 yil 12 may kuni bo‘lib o‘tgan VII plenumida, partiyaning XIII Qurultoyiga delegatlarni saylashning vakillik me’yori Qoraqalpog‘iston Respublikasi, har bir viloyat va Toshkent shahar partiya kengashlaridan teng miqdorda – 7 nafar delegat, jami 98 nafar delegat etib belgilandi.
2023 yil 15-17 may kunlari Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya kengashlarining navbatdagi plenumlari bo‘lib o‘tdi. Plenumlarda 563 mingdan ziyod partiya a’zolari nomidan partiyaning XIII Qurultoyida ishtirok etadigan, nomzod ko‘rsatish masalasi bo‘yicha ovoz berish vakolati va huquqiga ega bo‘lgan 98 nafar delegat saylandi.
Shuningdek, plenumlarda partiya tashkilotlari va guruhlarining saylovdagi munosib ishtirokiga oid masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ulug‘bek VAFAYEV,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.
«O‘zbekiston ovozi», 24.05.2022, №19