O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2024-yilda o‘tadigan saylovlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
SAYLOVOLDI DASTURI
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini avvalo, ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yuzaga chiqarish orqali "O‘zbekiston – ijtimoiy davlat" tamoyilini va davlatning tegishli ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslanib belgilaydi.
Saylovlardan so‘ng Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlaridagi deputatlarimiz yaqin 5 yil ichida ushbu maqsadga erishish yo‘lida quyidagi ustuvor vazifalar hamda tegishli aniq qadamlarni amalga oshiradi.
I. Kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga intilamiz!
Bu ijtimoiy barqarorlikning tayanchidir!
Maqsadimiz – har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta'minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish. Shu bois, davlat aholi manfaatlarini to‘laqonli ta'minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishi lozim, deb hisoblaymiz.
Ana shu maqsadlarga erishish uchun partiya keyingi besh yillik uchun quyidagi 15 ta strategik qadamdan iborat ustuvor vazifalarni belgilab olgan:
1-qadam. Har bir shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan ijtimoiy huquqlarini adolatli va samarali amalga oshirilishini ta'minlash
Parlamentdagi fraksiyamiz ijtimoiy ta'minot va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarini yangi normalar bilan to‘ldirish orqali Ijtimoiy kodeksni ishlab chiqish va qabul qilishga erishadi.
Shu maqsadda:
– imtiyozga ega bo‘lgan fuqarolardan tashqari boshqa og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolar toifalarini va ularga ko‘rsatiladigan yordam turlarini qonunchilikda aniq belgilash;
– aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda davlat-xususiy sheriklik, ijtimoiy tadbirkorlikni amalga oshirishning protsessual mexanizmlari va ijtimoiy xizmatlar shartnomasini tuzish tartibini ishlab chiqish;
– jamiyatda ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash va o‘z vaqtida hal qilishga qaratilgan ijtimoiy diagnostikani amalga oshirish tartibini ishlab chiqish zarur.
Har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste'mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash maqsadida "Eng kam iste'mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilishga intilamiz.
2-qadam. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash
Parlamentdagi fraksiyamiz va mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash bo‘yicha standart qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirishga erishadi. Shu jumladan:
– nogironlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish hamda "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonunining alohida qismi sifatida qonun darajasida mustahkamlashga;
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxatini kengaytirish (mushaklar distrofiyasi (miodistrofiya), miyacha erta ataksiyasi, zo‘rayib boruvchi irsiy ataksiya singari kabilarni kiritish) orqali doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, shu jumladan, temir yo‘l vokzallari, aeroport va shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalarini, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni o‘rnatishga intilamiz.
3-qadam. Davlat pensiya ta'minoti tizimini takomillashtirish
Barcha fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishiga erishamiz. Shu maqsadda quyidagilarni qonun darajasida tartibga solish zarur, deb hisoblaymiz:
– sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning mehnat faoliyatlari davrlarini to‘liq yil sifatida inobatga olish;
– ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta'tillarida bo‘lish vaqtini to‘liq qo‘shib hisoblash;
– tug‘ma nogironlarni, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab kelayotgan kishilarga yoshga doir pensiya tayanch miqdorini olishga bo‘lgan cheklovni bekor qilish;
– er yoki xotini vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda, ushbu pensiyani uning hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish (pensiyani almashtirish) tartibini joriy etish;
– fuqarolarni jamg‘arib borilayotgan pensiya mablag‘larini boshqarish, shu jumladan, ularni doimiy ravishda onlayn ravishda kuzatish, bankka depozitga qo‘yish orqali ko‘paytirib borish imkoniyatini berish;
– pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish;
– pensiyani yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha siyosatni davom ettirish.
II. Biz aholini arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlari
bilan ta'minlash tarafdorimiz!
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan mamlakati hisoblanadi. Tabiiyki, tez o‘suvchi demografiya davlat oldiga odamlarni uy-joy bilan ta'minlash masalasini qo‘yadi. Bu borada mamlakatimizda keyingi yillarda aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash borasida, shu jumladan, partiyamiz tashabbusi bilan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, davlat uy-joy siyosati va konsepsiyalari qabul qilindi, ijtimoiy davlat tamoyilining muhim belgisi sifatida oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilarini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, kam ta'minlangan oilalarni, ayniqsa, alohida yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlash, ularga subsidiyalar berish, uylarning dastlabki badallarini to‘lab berish, imtiyozli va uzoq muddatli ipoteka kreditlar berish kabi ma'lum bir choralar ko‘rilmoqda. Partiya ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas, deb hisoblaydi va ularni karrasiga kengaytirish kerakligini ta'kidlaydi.
Bu borada partiya fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan har kimning uy-joyli bo‘lish huquqini ta'minlash, buning uchun arzon uy-joy qurilishini kengaytirishga qat'iy harakat qiladi.
4-qadam. Aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash hamda qurilish sohasida samarali nazoratni ta'minlash
Biz kambag‘allarga jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini yanada ko‘paytirish tarafdorimiz.
Ushbu masalani hal etishda quyidagilarni amalga oshirish lozim:
– "Ijtimoiy turar joylar to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish, unda hashamatli uy-joylarni barpo etayotgan qurilish kompaniyalari va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalar evaziga maxsus jamg‘armalar tashkil etib, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari, jumladan uy-joysiz, yashash sharoiti o‘ta og‘ir, nogironligi bo‘lgan yoki oila a'zolari orasida nogironligi mavjud ayollar, oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari uchun ijtimoiy turar joylar qurishni nazarda tutish;
– turar-joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida eskrou to‘lov tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi "Ulush kiritish asosida uy-joy qurishda ishtirok etish to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish;
– qurilish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan aholiga ruxsat etilgan qurilishlarga oid uzil-kesil ma'lumot berish majburiyatini yuklash;
– qurilishlar ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, qurilish jarayonlarini tartibli, aholiga va atrof-muhitga zararsiz tartibda tashkil etish, qurilishlarda shovqin va chang-to‘zon darajasini o‘lchash tizimini yo‘lga qo‘yish;
– qurilishga oid talablarni kuchaytirish, shu jumladan, qurilishlarda yashil zona, maktab, bog‘cha, poliklinika, avtoturargoh kabilarni inobatga olish bo‘yicha talablarni qonun darajasida qat'iy belgilash;
– qurilishlar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida onlayn muhokama platformasini ishlab chiqish;
– eskirgan va yaroqsiz binolarni yangilash (renovatsiya) jarayonini fuqarolar oilasiga, mulkiga, hayotiy xotirjamligiga putur yetkazmagan holda tashkil etish, renovatsiyaga tushgan uylarda yashayotgan insonlar, ayniqsa, nuroniylar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini e'tiborga olinishini ta'minlash, ushbu jarayondagi fuqarolar xarajatlarini qoplash uchun maxsus renovatsiya jamg‘armasini tashkil etish;
– fuqarolarga bozordagi mavjud takliflar bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lish, uy-joy sotib olish, ijaraga berish va uy-joylarga texnik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yagona dasturiy platformani joriy etishga erishamiz.
5-qadam. Aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish
Shuningdek, partiya iqtisodiyot rivojlanishi, aholining kayfiyati, hayotga munosabatini belgilashda kommunal soha, energetika holati muhim ahamiyatga ega, deb biladi. Biz energetika va moddiy resurslarning katta yo‘qotishlariga yo‘l qo‘ymaslik, kommunal xizmatlar yetkazib beruvchilarining monopoliyasiga barham berishni ko‘zlaganmiz.
Shu maqsadda parlamentdagi fraksiyamiz:
– kommunal xizmatlar va uy-joy fondidan foydalanish bo‘yicha xizmatlar narxlari va tariflarni belgilashni tartibga solish maqsadida "Kommunal xizmatlar narxlari va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish.
Qonunda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish va unga xizmat ko‘rsatish usullarini qayta ko‘rib chiqish, ko‘p kvartirali uylarning joylashuvi, muhandislik-kommunikatsiyalariga ulanganlik holati, kommunal infratuzilma obyektlari va obodonlashtirish elementlarining mansubligiga qarab xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari xodimlarini, birinchi galda, rahbar xodimlarni malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutish;
– ko‘p qavatli uylarga tutash bo‘lgan joylarda zamonaviy bolalar maydonchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va saqlash uchun Uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruv servis kompaniyalarini mas'ul etib belgilash;
– boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga qo‘yilgan talablarni kuchaytirish, ularni aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishi, shaffoflik, hisobdorlik darajasini, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish salohiyatini oshirish;
– fuqaro kommunal xizmatlardan asossiz yoki ta'minotchining aybi bilan uzilgan taqdirda ta'minotchi tomonidan fuqaroga kompensatsiya to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Bu borada mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz aholini arzon elektr energiya, issiqlik va issiq suv tizimi bilan ta'minlash bo‘yicha hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, joylarda davlat-xususiy sheriklik tartibida dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi.
III. Shaharlar va aholi yashash punktlarining xavfsizligi
va ekologik barqarorligini ta'minlashga erishamiz
Partiya shaharlar va aholi punktlarini tarixiy qiyofasini saqlash, tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha o‘z sa'y-harakatlarini kuchaytiradi.
6-qadam. Mamlakatni xavfsiz va ekologik barqaror hududga aylantirish
Ushbu maqsadda quyidagi choralarni ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz:
– suvdan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun Suv kodeksini qabul qilish, unda, suv resurslaridan foydalanishda bozor tamoyillarini joriy etish, suv xo‘jaligini tartibga solish va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash;
– ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda keksalarning faol dam olishi hamda jismoniy mashqlar uchun "Salomatlik bog‘lari"ni tashkil etish;
– urbanizatsiya va boshqa sanoat markazlarini tashkil qilishda ularning qishloq ko‘rinishi, landshafti va infrastrukturasiga salbiy ta'sirini cheklash maqsadida "Qishloq ko‘rinishi va landshaftini saqlash to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish;
– ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda o‘zboshimcha qurilishlarni cheklash hamda umumiy foydalanishdagi joylarni to‘sganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
– davlat yaylov xo‘jaliklari tizimini yo‘lga qo‘yish, ularga nisbatan davlat o‘rmon xo‘jaliklariga qo‘llaniladigan yer va soliq imtiyozlarni qo‘llash, bunda ushbu imtiyozlar hisobidan iqtisod qilinadigan mablag‘larni yaylovlarni tiklash, degradatsiyadan chiqarish, yaylov o‘simliklari urug‘chiligi maydonlarini kengaytirish tadbirlariga sarflash;
– Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun ruxsatnoma berishga besh yil muddatga moratoriy e'lon qilish;
– yovvoyi tabiat bilan chegaradosh aholi punktlariga kelib qolgan yovvoyi, shu jumladan, yirtqich hayvonlarni ularga zarar yetkazmasdan tutish va tabiatga qaytarish tizimini yaratish;
Ushbu yo‘nalishda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz bilan birgalikda:
– shahar hududlarida suv toshqinlarining oldini olish maqsadida drenaj tizimini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish;
– elektr jamoat transport vositalari ulushini ko‘paytirish, bepul elektr quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishni tashkil etish ustida faol ish olib boramiz.
IV. Biz barcha uchun malakali tibbiy xizmat imkoniyatlarini
yaratish tarafdorimiz!
Partiya aholining qaysi hududda yashashidan qat'i nazar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat olishi, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflik ta'minlash tarafdori.
Tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta'minlangan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishda quyidagilarni ustuvor yo‘nalishlar, deb hisoblaymiz:
7-qadam. Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish
Bu borada partiya quyidagilarni ustuvor vazifalar sifatida belgilaydi:
– tibbiy sug‘urtani joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida "Davlat tibbiy sug‘urta to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish;
– viloyatlarning ko‘p tarmoqli tibbiyot va tibbiy diagnostika, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini zamonaviy tibbiyot texnikasi va texnologiyalari hamda tegishli mutaxassislar bilan ta'minlash bo‘yicha dastur qabul qilish;
– kasallikni barvaqt aniqlash orqali uning salbiy oqibatlarini yumshatishga erishish maqsadida aholini skrining qilish ko‘lamini kengaytirish choralarini ko‘ramiz.
Shuningdek, partiyamiz keksalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratadi, shu maqsadda:
– keksa yoshdagi fuqarolarga tibbiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish;
– keksalar va onkologik kasallar uchun sifatli xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlarini ta'minlashga qaratilgan xospis tizimini rivojlantirish va "Xospis xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasini ishlab chiqish;
– sog‘lom qarish bo‘yicha strategiyani ilgari surish orqali barcha sohalarda keksa odamlarning faol ishtirokini rag‘batlantirish.
8-qadam. Farmatsevtika sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, dori-darmon va protezlash vositalari hamda boshqa tibbiy-ijtimoiy xizmatlar narxlarini tartibga solish
Partiyamiz parlament, deputatlik hamda jamoatchilik nazorati yordamida ehtiyojmand aholiga dori-darmon vositalari, protezlash vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni xarid qilish qulay bo‘lishi uchun kurashadi. Shu maqsadda parlamentdagi fraksiyamiz va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz:
– dori va tibbiy buyumlarni narxlari bo‘yicha cheklovlarni belgilash bo‘yicha "Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish;
– farmatsevtika sohasida, xususan, dori vositalari sifati, dorixonadan chiqarilish tartibi va savdosida davlat nazoratini kuchaytirish;
– yangi dori vositalarini sinovdan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-taomillarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablari asosida takomillashtirish;
– ijtimoiy dorixonalar faoliyatini yanada takomillashtirish va farmatsevtika sohasi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
– sog‘liq uchun zararli mahsulot guruhlariga soliq yukini oshirish va shu orqali sog‘liqni saqlash sohasini qo‘llab-quvvatlash intensivligini oshirish;
– mamlakatda osh tuzi ishlab chiqarishga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish, jumladan, yodlashtirilmagan osh tuzini ishlab chiqaruvchilarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash;
– zamonaviy tibbiyot va xalq tabobatini qo‘shgan holda davolash standartlarini (protokollarini) joriy etish orqali doriga qaramlikni kamaytirish;
– dori vositalarining reklamasini butkul taqiqlashni taklif qiladi.
9-qadam. Sport va madaniyatni qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish
Partiyamiz aholini sportga ommaviy jalb qilishni sog‘liqni saqlash tizimining muhim qismi deb hisoblaydi. Bu yo‘nalishda:
– vorkaut tizimini ommalashtirish orqali bolalarni sport bilan bepul shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish lozim;
– O‘zbek madaniyati va tarixini targ‘ib qiluvchi videoo‘yinlarni, o‘zbek afsonalari va tarixiy personajlari ishtirokidagi video qahramonlarni yaratishni rag‘batlantirish zarur, deb hisoblaymiz.
V. Biz yoshlarning sifatli ta'lim olishi tarafdorimiz
Bu mamlakatimiz intellektual salohiyatini yuksaltirish kafolatidir!
Biz O‘zbekistonni har bir bola qayerda va qaysi oilada tug‘ilganidan qat'i nazar, o‘z orzulariga erisha oladigan, kimningdir taraqqiyoti uning moddiy ahvoliga emas, faqat bilimi, iqtidori, mehnatsevarligiga bog‘liq bo‘lgan mamlakatga aylantirishga intilamiz.
Bilim olmoqchi bo‘lgan har bir yoshni o‘z taqdirini yaxshilashga intiladigan shaxs va millatning kelajakdagi muvaffaqiyatlari kafolati bo‘lgan fuqaro sifatida ko‘ramiz.
10-qadam. Biz fuqarolar barcha ta'lim muassasalarida sifatli maktabgacha, o‘rta, oliy ta'lim, shuningdek, kasbiy ta'lim olishi, malakasini oshirishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga erishmoqchimiz
Umumiy va kasbiy ta'limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish uchun quyidagi choralarni ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz:
– "Yagona ijtimoiy reyestr"da ro‘yxatga olingan oila farzandlarini davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga to‘lanadigan ota-onalar to‘lovidan ozod qilish;
– davlat umumta'lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida kuni uzaytirilgan guruhlar faoliyatini tashkil etish, bunda "Yagona ijtimoiy reyestr"da ro‘yxatga olingan oila farzandlari uchun yengilliklar berish;
– "Salomatlik maktabi" ijtimoiy loyihasini keng amalga oshirish tashabbusi bilan chiqish;
– maktab o‘quvchilariga jamoat transportidan foydalanishi uchun tabaqalashgan tariflarni joriy etish;
– maktablarda ovqatlantirish tizimi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, sog‘liq uchun zararli oziq-ovqat mahsulotlarini sotilishini oldini olish, sifatsiz mahsulot tarqatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
– boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar sonini 20 nafardan oshirmaslik, katta sinflarda esa 24 tagacha o‘quvchi o‘qitish tizimini yaratish;
– oliy ta'lim muassasalarida nogironlar bilan ishlash bo‘limlarini tashkil etish, ular uchun barcha infratuzilmalarni yaratish, shu jumladan, o‘quv mashg‘ulotlariga kar-soqov talabalar uchun sun'iy intellektdan foydalangan holda surdo sharhlovchilarni jalb etish;
– oliy ta'lim uchun kontrakt-to‘lov miqdorini davlat tomonidan qat'iy belgilash va ularni uch yildan kam bo‘lmagan muddatda qaytadan ko‘rib chiqishni taqiqlash;
– talabalarni yotoqxonadan joy bilan ta'minlash bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish va davlat xususiy sherikchiligi asosidagi yotoqxonalar tizimini yaratish;
– yirik korxonalar, ayniqsa ayollar mehnatiga ixtisoslashtirilgan ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qoshida oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali korxonada ishlovchi ayollar uchun munosib sharoitlarni yaratish, oiladagi ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish;
– inklyuziv ta'limni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv ta'limga jalb etilgan bolalar qamrovini oshirish;
– maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish orqali maktab bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
– 9-sinfdan keyingi ta'limni tanlov asosida oliy ta'limga yoki kasbga yo‘naltirish tizimini yo‘lga qo‘yish, bunda oliy ta'limga ishtiyoqi bo‘lmagan yoshlarga ularning ixtiyoriga ko‘ra muayyan kasbni va xorijiy tilni chuqurlashtirib o‘rgatish;
– norasmiy va informal ta'lim natijalarini o‘rta maxsus, professional va bakalavriat darajasida tan olish tartibini yo‘lga qo‘yish orqali rasmiy professional yoki oliy ta'lim ololmagan shaxslar uchun mustaqil ravishda ta'lim olish va kasb egallash orqali o‘z ijtimoiy holatini o‘nglashiga shart-sharoit yaratish;
– birinchi sinfga turli sabablarga ko‘ra kech borgan bolalar uchun tezlashtirilgan ta'lim bergan va davlat ta'lim standartlari asosida imtihon o‘tkazgan holda o‘zining yoshiga mutanosib yuqori sinfga o‘tkazish tartibini joriy etish;
– sun'iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini qabul qilish hamda ushbu sohada o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash;
– ta'lim olish tanlovini kengaytirish, raqobatni kuchaytirish hamda ta'lim sifatini oshirish vositasi sifatida oliy ta'limda ta'lim vaucheri tizimini joriy etish;
– Bolalarni Internet tarmog‘ida xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish, bolalarni kiberxavfsizlik asoslari, jumladan, onlayn firibgarlik, onlayn tahdidlarni aniqlash va ulardan himoya qilish bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish;
– oxirgi besh yillikda xorijiy mamlakatlarda chop etilgan yirik ilmiy-tadqiqot natijalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda pedagoglar va tadqiqotchilar uchun ochiq resurslarda joylashtirib borishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan tizimini joriy etish;
– oliy ta'limdan keyingi bosqichda ilmiy tadqiqotchilar uchun turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, sohani raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, dalolatnoma va ma'lumotnoma olish, avtoreferatni nashr etib tarqatish kabi jarayonlarni soddalashtirish.
Shuningdek, partiyamiz kutubxona, muzeylar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tashabbuslarni ham ilgari suradi. Xususan, kutubxonachilarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida kutubxonachi-pedagog maqomini berish, ular faoliyatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, kutubxonalar faoliyatiga sun'iy intellektni joriy etish, muzeylar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rish lozim, deb hisoblaymiz.
VI. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti –
kuchli ijtimoiy siyosatning asosidir!
Biz ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdorimiz. Iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta'minlash, iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchi rolini kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.
11-qadam. Iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, kambag‘allikni qisqartirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish hamda bank-kredit sohasini rivojlantirish
Partiyamiz ushbu yo‘nalishda quyidagilarni taklif qiladi:
– strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash;
– ishsizlik bo‘yicha majburiy ijtimoiy sug‘urta milliy modelini joriy etish;
– mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish;
– mahalliy budjet mablag‘lari va xususiy investitsiyalar hisobiga import o‘rnini bosadigan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
– vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to‘liqligicha Davlat budjetiga yo‘naltirish;
– daromad va ularning manbalaridan qat'i nazar, boylikning haddan tashqari konsentratsiyasiga adolatli soliq solish tizimini joriy qilish.
– Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali blogerlar, vaynerlar, inflyuyenserlarning tijorat va reklama faoliyati uchun daromad solig‘ini joriy etish;
– 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarishlash va oziqlantirish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini bekor qilish;
– o‘zini o‘zi band qilganlar va mehnat migrantlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish, tashkillashtirilgan va tartibli migratsiyani amalga oshirishga urg‘u berish;
– davlat xaridlarining shaffofligini oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xaridlari sohasidagi barcha tenderlarni ommaviy e'lon qilinishini belgilash, davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
– iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish orqali byurokratik to‘siqlarni, ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish jarayonlarini jadallashtirish;
– aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha dastur qabul qilish.
VII. Tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta'minlash – manzilli ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi
Ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat'iy o‘rnatish lozim. Shu maqsadda quyidagi choralarni ko‘rish zarur:
12-qadam. Partiya ehtiyojmand aholi qatlamining kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanishini ta'minlash uchun kurashadi
Partiyamiz shu maqsadda quyidagilarni taklif etadi:
– kam ta'minlangan aholi qatlami uchun kundalik zarur tovar va mahsulotlarni arzon narxlarda sotish bo‘yicha ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini rivojlantirish;
– pensiya va nafaqa oluvchilarga mamlakat bo‘ylab sayohat dasturlarini tashkil etish maqsadida turoperatorlar arzon va qiziqarli takliflarni yaratishi uchun soliqlarni nol stavkasida belgilashni joriy qilish;
– aholi tomonidan isrofgarchilik holatlarini kamaytirish, kam ta'minlangan oilalarning qarzga botib ketishiga chek qo‘yish maqsadida to‘ylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni qat'iy tartibga solish, ushbu tadbirlar uchun ijtimoiy me'yor belgilash.
Shu bilan birga partiyamiz banklar taklif etayotgan kredit mexanizmlari ham ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiq bo‘lishi, xususan:
– aholiga iste'mol krediti foizlari tadbirkorlik uchun taklif etilayotgan biznes krediti foizlaridan yuqori bo‘lishi mumkin emasligini belgilab qo‘yish;
– ipoteka krediti to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni auksionda sotishdan oldin kredit olgan shaxsga uch oy muddatda ushbu ko‘chmas mulkni uch tomonlama oldi-sotdi shartnomasi asosida o‘ziga qulay narxda sotish imkonini berish orqali murakkab vaziyatga tushib qolgan kreditor ahvolini yaxshilash;
– iste'molchi adashishining oldini olish va ularning huquqlarini himoya qilish maqsadida mahsulotni kreditga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida xarid qilganda, uning to‘liq qiymatini ochiqlash talabini do‘kon va platformalar uchun ham joriy etish, bunda mahsulot uchun qo‘shimcha to‘lov summasini shartnomada va sotuvchining savdo sahifasida ko‘rsatishni majburiy talab sifatida belgilash kabi takliflarni ilgari suradi.
Partiyamiz aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida ushbu sohada davlat ishtirokini kuchaytirish, shu jumladan, davlat ishtirokidagi qishloq xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif etadi.
VIII. Ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruvni amalga oshirish tarafdorimiz!
13-qadam. Partiya ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish tarafdoridir
Parlamentdagi fraksiyamiz aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining majburiy jamoatchilik muhokamasi va ekspertizasi mexanizmini yaratishni ko‘zlagan.
Shu asosda biz aholining zaif qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish tartibi va darajasini sezilarli darajada o‘zgartiradigan qarorlar tegishli jamoatchilik roziligisiz qabul qilinmasligini ta'minlaymiz.
Partiya ushbu yo‘nalishda "Mening fikrim" platformasini takomillashtirish orqali fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga partiyamiz davlat boshqaruvida yuqori professionalizmni ta'minlash maqsadida qonun darajasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbari lavozimiga faqatgina shu sohada kamida o‘n yillik ish stajiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni tavsiya etish bo‘yicha talabni belgilash uchun harakat qiladi.
Demokratik rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda shuningdek, yana quyidagi g‘oyalarni amalga oshirish uchun kurashamiz:
– gender tengligining institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, ayollarning saylovlarda, siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirokini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida ayollar uchun 50 foizlik majburiy kvotalarni joriy etish;
– ijro hokimiyati tomonidan muhim ijtimoiy qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari va joylardagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish institutini joriy etish;
– davlatning ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish;
– siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalarining huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish;
– parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida "nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvota" joriy etish.
Davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, davlat xizmati sohasida boshlangan islohotlarni izchil va qat'iy davom ettirish, shu jumladan:
– havo harorati belgilangan darajadan issiq yoki sovuq bo‘lgan kunlarda, xodimlarga ishga 1 soat kechikib kelish va ishdan 1 soat erta ketish huquqini berish;
– davlat organlarining mansabdor shaxslari sonini qisqartirish, mansabdor shaxslar faoliyatida hashamatni cheklash, shu jumladan, ularning transport ta'minoti darajasini pasaytirish, davlat xizmatchisi faoliyatida hashamatni ko‘z-ko‘z qilish hollarini uni odob-axloq kodeksini buzish sifatida intizomiy javobgarlikka tortish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
– homilador va qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalari bor ayollarga masofaviy ishlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning mehnat sohasidagi huquqlarini ta'minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish.
IX. Qonun ustuvorligi, ijtimoiy tenglik va inson huquqlarini ta'minlash, fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash tarafdorimiz!
Partiyamiz qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash asosida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta'minlash uchun qat'iy harakat qiladi.
14-qadam. Sud mexanizmlarining maqbulligini ta'minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat'iy amal qilish
Ushbu yo‘nalishda quyidagi choralarni ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz:
– odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari o‘rniga hakamlar hay'ati institutini joriy qilish;
– viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini rotatsiya qilish amaliyotini joriy etish;
– kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta'minlash, ularga huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maqbul tizim yaratish, bepul maslahat beradigan "yuridik klinika"lar tarmog‘ini rivojlantirish;
– sohaviy nazorat organlarini (inspeksiya) mustaqilligi va maqomini kuchaytirish, ularga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ta'sirini kamaytirish;
– tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan bolalar va xotin-qizlar ruhiyati hamda kelgusi hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda, ular haqidagi ma'lumot, rasm, videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni taqiqlash;
– firibgarlik jinoyati bo‘yicha jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplanilganligini inobatga olish talabini kiritish;
– Davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg‘alar hadya qilishni taqiqlash, Davlat budjeti mablag‘larini samarasiz va maqsadsiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.
Partiyamiz korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Ushbu yo‘nalishda:
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni reyestrini yuritish va ularni davlat xizmatiga kirishini cheklash;
– korrupsiyaga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish va natijalarini e'lon qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash;
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga ko‘maklashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ham partiyamiz oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi.
Partiya yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash, o‘limlarning oldini olish, tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Shu maqsadda, bizning partiyamiz bu yo‘nalishda quyidagilarni taklif qiladi:
– jamoat transporti tizimini rivojlantirish, jamoat transporti bekatlarini aholi uchun qulay qilish, ularni noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga qarshi kurashish;
– avtoturargohlarni kengaytirish, yo‘l atrofida pullik avtoturargohlar ekotizimini yo‘lga qo‘yish, yangi turar-joylarda avtoturargohlar bo‘lishi haqidagi majburiy talabni kiritish, ko‘p qavatli avtoturargohlarni joriy etishni rag‘batlantirish;
– davlat xizmatchilarini ishga jamoat transportida qatnashishini rag‘batlantirish, shaxsiy transport vositalari davlat raqami toq va juft sonlarini hafta kunlari o‘rtasida taqsimlagan holda harakatlanishini cheklash;
– pullik yo‘llarni asosiy yo‘llarga muqobil sifatida, ularning umumiy maydoniga ta'sir ko‘rsatmagan holda yo‘lga qo‘yish;
– yo‘llarda rejalashtirilayotgan ta'mirlash ishlari va ularning davomiyligi haqida kamida o‘n kun oldin ushbu hududda hamda Internet tarmog‘ida e'lon joylashtirish orqali fuqarolarni xabardor qilish;
– avtomobillarsiz ko‘chalarni tashkil etish, shaharlar va qishloqlarni odamlar uchun qulayroq qilish uchun boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish, piyodalar va velosiped uchun yo‘laklarni ko‘paytirish;
– avtomobillarga siqilgan tabiiy gaz ballonlarini ishlab chiqarish, o‘rnatish, mamlakatga olib kirishdan ekspluatatsiyagacha bo‘lgan davriy texnik tekshiruvlar, sinovlar bilan bog‘liq barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali nuqsonli gaz ballonlaridan yetkaziladigan zararning oldini olish;
– yo‘l-transport sohasida qonuniylikni ta'minlash maqsadida haydovchilik huquqidan mahrum etish muddatini qisqartirish imkoniyatidan faqatgina bir marotaba foydalanish tartibini joriy etish;
– yo‘llarda transport vositalari xavfsizligini ta'minlash maqsadida transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda davlat nazoratini amalga oshirish tartibini joriy etish.
X. Milliy manfaatlariga asoslangan ochiq, o‘zaro manfaatli
va konstruktiv tashqi siyosatni izchil davom ettirish tarafdorimiz!
15-qadam. O‘zbekistonning xalqaro mavqeini mustahkamlash, o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik asosida hamkorlik va sherikchilikni faol rivojlantirish
Ushbu yo‘nalishda partiyamiz yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash tamoyillari asosida, avvalo, Markaziy Osiyo, MDH mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuskor tashqi siyosat yuritish tarafdori.
Xususan, bu borada quyidagilarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz:
– O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi borasidagi ishlarni izchil davom ettirish. Inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, inson huquqlari bo‘yicha muloqotlarni muntazam ravishda o‘tkazish;
– mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar hamda loyihalarni xalqaro hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirish;
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, agentlikning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni ijtimoiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mas'uliyatini oshirish;
– chet davlatlarga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarga "ishchi viza" ni rasmiylashtirishga ko‘maklashish, shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligi huzurida xorijiy davlatlarga "ishchi viza" hujjatlarini rasmiylashtirilishiga ko‘maklashish markazini ochish;
– ta'lim tizimi rivojlangan xorijiy davlatlar bilan o‘qituvchi va talabalarning tajriba almashish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish va ushbu tizimni har tomonlama rag‘batlantirish;
– parlamentlararo aloqa institutlarini rivojlantirish, gumanitar, madaniyat, san'at, ilm-fan, sport va turizm, nodavlat tashkilotlar hamda partiyalararo aloqalar sohalarida "xalq diplomatiyasi" usullarini qo‘llash;
– mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni keng targ‘ib qilish maqsadida xalqaro axborot resurslaridan faol foydalanish.
***
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda tegishli aniq qadamlarni ilgari surar ekan, boshqa siyosiy partiyalar bilan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashlari uchun bo‘layotgan sog‘lom raqobat sharoitida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ta'sirchan parlament fraksiyasini yaratishni ta'minlaydigan munosib o‘ringa erishishni rejalashtirmoqda. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston XDP davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlarida yetakchi pozitsiyalarga erishish yo‘lida kurash olib boradi.
Bu, partiyaning davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida ishtirok etishi va dasturiy maqsadlarini amalga oshirishi uchun zarur imkoniyat yaratadi.
Biz – har bir inson farovonligini ta'minlash tarafdorimiz!
Ijtimoiy tenglik uchun Xalq demokratik partiyasiga ovoz bering!