O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining

Saylovoldi dasturi

 

2019 yil 28 oktabrda

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining

XI Qurultoyida qabul qilingan

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini, avvalo, O‘zbekiston mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatanimizning gullab-yashnashi, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, har bir oila hamda butun xalqning farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslanib belgilaydi.

O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasining bosh maqsadi – aholi turmush darajasi yuqori bo‘lgan rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash maqsadi ushbu manfaatlarga to‘liq mos keladi.

Mazkur jarayonda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama, jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiyalash hamda barcha sohalarni liberallashtirishga qaratilgan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Harakatlar strategiyasidagi ustuvor vazifalarni ijrosida faol ishtirok etish O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylov kampaniyasiga kirishar ekan, vakillik organlarida ko‘pchilik deputatlik o‘rinlarini egallashni, shu orqali qonunlarni qabul qilish, davlat hokimiyati ijro organlarini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va samarali amalga oshirish imkoniyatlariga ega bo‘lishni maqsad qilmoqda.

 

Rivojlanishdagi ijtimoiy ustuvorlik – partiya siyosiy pozitsiyasining asosi

Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonda ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya mezonlariga mos keladigan ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni o‘zining oliy maqsadi deb hisoblaydi.

Shu maqsadga erishishda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratgan.

2030 yilgacha mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash orqali O‘zbekistonni aholi turmush darajasi va sifati bo‘yicha dunyoning o‘rta rivojlangan davlatlari darajasiga olib chiqish yuqoridagi ustuvor vazifani amalga oshirishda asosiy dasturilamal qilib olingan.

Partiya ushbu maqsadga erishish yo‘llarini belgilashda, davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy himoya hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj quyidagi aholi qatlamining manfaatlaridan kelib chiqish zarur, deb hisoblaydi:

- pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirish uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari;

- mehnat bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotgan insonlar, jumladan, mehnat bozoriga endi kirib kelgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari;

- zarur kasbiy malakasi yo‘qligi sababli doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, jumladan, ichki va tashqi mehnat migrantlari.

O‘zbekiston XDP mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyati aholining kam ta’minlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish uchun xizmat qilish kerak, deb hisoblaydi. Bu mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va fuqarolar birdamligini yanada mustahkamlashning asosiy omili hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi.

Ushbu ustuvorlikdan kelib chiqib, partiya o‘z deputatlari orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirib borishni, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishni, ijtimoiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Ijtimoiy himoyaga muxtoj kishilarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishda partiya barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarafdori bo‘lgan barcha shaxslarning ko‘magiga tayanadi.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

Biz ijtimoiy taraqqiyot tarafdorimiz! Bu iqtisodiy islohotlar samaradorligining asosiy omilidir!

 

Aholining kam ta’minlangan qatlamlari, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasini oshirish

Aholining ehtiyojmand qatlamlarini yuqori ijtimoiy ta’minlanganlik darajasi — jamiyat barqarorligining mustahkam poydevori hisoblanadi.

Partiya pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda aholining boshqa zaif qatlamlariga pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarni belgilash 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish bo‘yicha Milliy maqsadlar va vazifalardagi mezonlarga asoslanishi kerak, deb hisoblaydi.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

- aholining kam ta’minlangan va boshqa zaif qatlamlariga bepul ijtimoiy xizmatlar taqdim etilishini ta’minlaydigan “Minimal davlat ijtimoiy standartlari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish;

- aholi turmush darajasini belgilashda, ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya’ni yashash minimumi va iste’mol savatchasi hamda ularni qo‘llash tartibini amaliyotga kiritish.

Shu maqsadda partiya qonunchilik tashabbusiga muvofiq o‘z parlament fraksiyasi orqali tegishli qonun loyihasi va tegishli qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Partiya, shuningdek, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini to‘liq qo‘shib hisoblanishiga erishadi.

Shu maqsadda partiya “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni rejalashtirgan.

Partiya quyidagi masalalar bo‘yicha parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni rejalashtirgan:

- kam ta’minlangan oilalar a’zolari, jumladan, ishsizlar, mehnatga layoqatli nogironlar, ayollarning tadbirkorlik sohasidagi faolligi hamda kasanachilikni davlat va davlat-xususiy sheriklik asosida rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish. Bu aholi o‘rtasida boqimandalikni yo‘qotishga xizmat qiladi;

- nogironlarga xususiy tadbirkorlik hamda tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish;

- fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari negizida qonunchilikda ko‘zda tutilgan maslahat markazlari va kam ta’minlangan, mehnatga layoqatli fuqarolarni tadbirkorlik asoslariga bepul o‘qitishning boshqa shakllari hamda ularga tegishli masalalar bo‘yicha huquqiy va iqtisodiy maslahatlar berish tizimini yanada rivojlantirish.

Partiya yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlarning hayotiy ehtiyojlariga e’tiborni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Shu maqsadda partiya quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rmoqchi:

- deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida istiqomat qilayotgan yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlarning yashash sharoitini o‘rganish;

- yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanish hamda ijtimoiy tadbirkorlik bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini o‘rganish;

- o‘rganishlar hamda tegishli ijtimoiy guruhlar bilan o‘tkazilgan muloqot natijalaridan kelib chiqib, amaldagi qonunchilikka davlat-xususiy sherikligi hamda ijtimoiy tadbirkorlik asosida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning aniq protsessual mexanizmlarini kiritishni nazarda tutuvchi takliflar ishlab chiqish hamda ularni partiyaning parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida ilgari surish.

Shuningdek, XDP ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining mamlakat madaniy va ijtimoiy hayotida ishtirok etishi uchun munosib sharoit yaratishni ko‘zlagan.

Aholining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning ijtimoiy manfaatlari va axloqiy qarashlariga jiddiy zarar yetkazadigan ortiqcha xarajatlarning oldini olish maqsadida partiya quyidagi takliflarni ilgari surishni rejalashtirgan;

- nikoh to‘ylari, yubileylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini qonun yo‘li bilan mustahkamlash;

- tarixan shakllangan madaniy qadriyatlar va an’analarning asl mazmuni hamda ahamiyatiga doir targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish.

Partiya nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda quyidagi choralarni ko‘rishni rejalashtirgan:

- Moliya, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish, davlat sarmoyasi hisobidan nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish hamda ushbu korxonalarga ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijtimoiy buyurtma berish tartibiga doir aniq takliflar ishlab chiqish va hukumatga taqdim etish;

- parlamentdagi fraksiyasi orqali BMTning Nogironlar xuquqlari bo‘yicha konvensiyasini ratifikatsiya qilish tashabbusini o‘rnatilgan tartibda ilgari surish.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz insonlarni ishonchli ijtimoiy himoya qilish tarafdorimiz! Bu ijtimoiy barqarorlikning tayanchidir!

 

Kundalik iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta’minlash – manzilli ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan qat’iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tarafdori.

Shu maqsadda partiya quyidagilarni taklif qiladi:

- muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlari hamda ro‘yxatini belgilash davlat tomonidan tartibga solinishini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

- mamlakatimizda yetarli miqdorda ishlab chiqarilmayotgan muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar uchun bojxona boji va to‘lovlari bo‘yicha imtiyozli stavkalarni o‘rnatish;

- import o‘rnini bosuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchilarga import tovarlaridan olinadigan daromadlarning bir qismini imtiyozli kredit berishga yo‘naltirish tartibini joriy etish;

- ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning monopoliyasini cheklash, jumladan, monopol korxonalarni majburiy ravishda bo‘lish va ularning tarkibidan mustaqil xo‘jalik subyektlarini ajratish bo‘yicha qonunchilikka tegishli protsessual me’yorlarni kiritish.

- aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan do‘konlar tashkil etishni huquqiy tartibga solish hamda shunday savdo tarmoqlarini rivojlantirishga doir ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish. Olingan natijalar asosida xorij tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz har bir insonning hayotiy ehtiyojlari kafolatli ta’minlanishi tarafdorimiz!

 

Uy-joy va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash — ijtimoiy himoyaning muhim yo‘nalishidir.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:

- hashamatli ipoteka turar-joylarini qurayotgan qurilish kompaniyalari va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalarni qonunchilikka joriy qilish. Ushbu mablag‘larni maxsus fondlarda jamlash va keyinchalik aholining zaif qatlamlari, jumladan, uy-joysiz, yashash sharoiti o‘ta og‘ir ayollar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari uchun ijtimoiy turar-joylar qurilishi uchun ishlatish;

- aholining kam ta’minlangan qatlami, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qurilayotgan arzon uy-joylar sonini ko‘paytirish. Shuningdek, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyotini takomillashtirish.

Partiya, kvartiralar va ko‘p kvartirali uylarda kommunal xizmatlari hamda ko‘p kvartirali uylarda ekspluatatsiya xizmatlari to‘lovlarining ijtimoiy maqbullik darajasini oshirish maqsadida quyidagilarga erishishni ko‘zda tutgan:

- markazlashgan isitish va issiq suv ta’minotini, maishiy chiqindilarni olib ketish va utilizatsiya qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarni tabiiy monopoliyasi bo‘yicha qonunchilik me’yorlarini ko‘rib chiqish;

- muhandislik tarmoq infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan, kommunal xizmatlar taqdim etish bo‘yicha muqobil avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish;

- “Kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga solish asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish. Shu orqali kommunal xizmatlar, uy-joy fondidan foydalanish uchun narx-navo va tariflarni, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar rentabelligining chegaralangan darajasini shakllantirish me’yorlarini qonunchilikda mustahkamlash;

- kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlarini qoplash maqsadida, narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash hamda kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

- qonunchilikni uy-joy jamg‘armasidan foydalanishni tashkil etish, asosiy kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar va ulardan foydalanuvchilarning o‘zaro mas’ulligini oshirishga doir aniq protsessual normalar bilan boyitish.

Shuningdek, partiya quyidagilarni amalga oshirishni taklif etadi:

- uy-joy fondini - kommunal xizmatlar yetkazib beruvchi tashkilotlar hisobidan zamonaviy elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi va issiq suv hisoblash asboblari bilan to‘liq ta’minlash;

- kommunal xizmatlar uchun barcha o‘lchov asboblarini yetkazib beruvchi tashkilotlar balansiga o‘tkazish hamda ularning zimmasiga asboblarga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va muntazam tekshirish vazifasini yuklash.

Partiya yuqoridagi masalalarni hal etish maqsadida tegishli davlat organlari bilan tizimli ravishda hamkorlik qilib, ularning joylardagi bo‘linmalari faoliyati ustidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni ko‘zda tutgan

Jumladan, partiya joylarda kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz hisoblangan qarzdorlikni aniqlash, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishda ishtirok etadi.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz uy-joy va kommunal xizmatlarining ijtimoiy maqbulligini ta’minlash tarafdorimiz!

 

Tibbiy xizmatning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

Aholining kam ta’minlangan qatlamlariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ayniqsa, ijtimoiy xavfi bor kasalliklarni davolash va oldini olish — ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishidir.

Shu maqsadda partiya quyidagilarni amalga oshirmoqchi:

- mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini, shuningdek, tegishli majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini qonunchilikda mustahkamlashga doir takliflarni ishlab chiqish va parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi bilan chiqish;

- mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalangan holda har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish;

- aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish.

Shuningdek, partiya “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etadi.

Yuqoridagi masalalarni hal etish maqsadida partiya deputatlik birlashmalari sa’y-harakatini pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashovchilar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ta’minlash hamda ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini rivojlantirish ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishga yo‘naltiradi.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz jamiyatning har bir a’zosiga salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratish tarafdorimiz!

 

Ta’limda ijtimoiy tenglik

Ta’limda ijtimoiy tenglikni ta’minlash mamlakatimizda demokratik jamiyatni shakllantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ta’lim sohasida ijtimoiy ahamiyatga ega quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga e’tibor qaratishni muhim, deb hisoblaydi:

- bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va kelgusida 3 – 6 yoshdagi bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, maktabgacha ta’lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish;

- tegishli pedagogik ma’lumotga ega, lekin maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollarni maktabgacha ta’lim hududiy organlari tizimida oilaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachisi sifatida uy mehnatini tashkil etish, jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarga uyiga borib maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish dasturi – “Nomevisits” tariqasida ularning ishtirokini ta’minlash.

Aholining kam ta’minlangan qatlami uchun oliy ta’limdan foydalanishining ijtimoiy maqbulligini oshirish maqsadida partiya quyidagilarni taklif etadi:

- qishloq yoshlarini keyinchalik o‘z qishlog‘ida ishlash sharti bilan davlat grantlari asosida pedagogik, tibbiyot va boshqa ixtisoslikdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga imtiyozli qabul qilish;

- to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga imtiyozli ta’lim kreditlarini ajratish;

- nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish.

Shuningdek, partiya davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat ta’lim muassasalarida faqat o‘ziga to‘q oilalar farzandlari o‘qiy olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu ta’lim muassasalaridagi to‘lov-kontraktning ijtimoiy maqbul miqdorini qonunchilikda belgilab qo‘yishni taklif etadi.

Shu bilan birga, partiya quyidagi masalalar bo‘yicha protsessual mexanizmlarni qonuniy jihatdan mustahkamlash hamda samarali parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi:

- kam ta’minlangan oilalardan chiqqan iqtidorli bolalarning nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida tahsil olishini ta’minlash;

- maktab o‘quvchilarining jamoat transportidan bepul foydalanishiga erishish;

- oliy ta’lim tizimini davlat tomonidan tartibga solishga doir ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda to‘lov-kontrakt miqdorini optimallashtirish, talabalarga tayinlanadigan stipendiya miqdorini fanlarni o‘zlashtirish darajasi hamda innovatsion faolligiga qarab belgilash, barcha ehtiyojmand talabalarning yotoqxonada qulay sharoitda yashashini ta’minlash va h.k.;

- maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari uchun sog‘lom ovqatlanishni tashkil yetish;

- nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus adabiyotlar, jumladan, ovoz jo‘rligidagi Brayl alifbosi asosida ham chop etish va xarid qilish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilariga imtiyozlar taqdim etish, ushbu maqsadlar uchun xarajatlarni davlat budjetidan moliyalashtirishni ta’minlash.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz hamma teng ravishda ta’lim olishi tarafdorimiz. Bu mamlakatimiz intellektual salohiyatini yuksaltirish kafolatidir!

 

Madaniy-gumanitar sohada teng imkoniyatlarni ta’minlash

O‘zbekiston XDP jamiyat hayotining barcha sohasida ijtimoiy tenglik tamoyillariga tayangan holda, islohotlarning mazkur bosqichida kam ta’minlangan oilalarning iste’dodli va qobiliyatli farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud, deb hisoblaydi. Shu maqsadda partiya quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi:

- bola qobiliyatini erta aniqlash va ularning barkamol rivojlanishiga yo‘naltirilgan samarali protsessual mexanizmlarni yaratish;

- kam ta’minlangan oilalarning iste’dodli va qobiliyatli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tizimini yaratish;

- olis qishloq aholi punktlaridagi madaniyat muassasalari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, musiqa va san’at maktablarini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun budjet harajatlarini oshirish;

- kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun “Barkamol avlod” bolalar maktablariga to‘lovlarni bekor qilish;

- kam ta’minlangan oilalar, ayniqsa, olis qishloqlar aholi punktlarida yashayotgan yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi va maroqli dam olishi uchun tegishli infratuzilmani rivojlantirish.

Mamlakatning moddiy va nomoddiy madaniy merosidan aholining kam ta’minlangan qatlamlari bahramand bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish lozim. Shu maqsadda, partiya homiylar yordamida O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish uchun ixtisoslashtirilgan fondlar tuzishni taklif qiladi.

Ushbu masalalarda partiya shiorlari:

Biz madaniy-gumanitar sohada teng imkoniyatlar tarafdorimiz! Bu barkamol avlodni tarbiyalash poydevoridir!

 

Ijtimoiy iqtisodiyot – kuchli ijtimoiy siyosatning asosidir

Ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omilidir.

Shu maqsadda partiya mahalliy hokimiyatlar darajasida xududlarning iste’mol tovarlarga ehtiyojini o‘rganish hamda aholining o‘sish tendensiyalarini hisobga olgan holda, iste’mol talabini rivojlantirish rejasini tayyorlash zarur deb hisoblaydi. Bunda, tegishli xududlarda ishlab chiqariladigan mahsulot uchun zarur resurslar mavjudligiga e’tibor qaratish lozim.

Shu asosda kerakli tovarlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni ishlab chiqish. Mazkur dasturlarni shahar va tumanlarda bandlik va ish o‘rinlari yaratishga doir hududiy dasturlar hamda o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.

Partiya mazkur dasturlarni amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlarining faolligini rag‘batlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etadi:

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, samarali biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida, imtiyozli kredit va moddiy resurslardan foydalanish amaliyotini kiritish.

- muayyan hududlarga import tovarlarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning bir qismini tegishli mahalliy budjetlarga yo‘naltirish orqali import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus tuman va shahar investitsiyaviy fondlarini yaratishni ko‘zda tutish;

- “ishlab chiqarish ipotekasi”ni, ya’ni tijorat banklarining investitsiyaviy resurslari hisobiga tayyor korxonalar tashkil etish va kelgusida tadbirkorlik subyektlariga kredit yoki lizing bo‘yicha sotish mexanizimini amaliyotga kiritish. Shuningdek, import o‘rnini bosadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha asosli biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarni joriy etish.

Mazkur vazifalarni hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlar iqtisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholining quyidagi uzoq muddatli ijtimoiy manfaatlarini amalga oshirishga yordam beradi:

- ishlab chiqarish sohasida barqaror va yuqori haqi to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratishni jadallashtiradi;

- ichki bozorga o‘z tovarlari bilan kiradigan milliy ishlab chiqaruvchilarning doirasini kengaytirish sog‘lom raqobatni rivojlantirishga yordam beradi. Bu o‘z navbatida mahsulot sifatini yaxshilash va iste’mol narxlarini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ichki bozorda import tovarlari bilan raqobatdoshlikka erishish tashqi bozorlarda ham raqobatbardoshlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Partiya iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor tizimini shakllantirish ijtimoiy maqsadlarga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaydi. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozimdir. Shu maqsadda partiya kelgusi davrda quyidagilarga erishishni ko‘zlaydi:

- iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish. Ushbu jarayonlarni aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish;

- texnologik ekspertizaning zamonaviy tizimini shakllantirish, bu jarayonda ijtimoiy sherikchilik asosida, kasaba uyushmalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan xamkorlikni kuchaytirish;

- investitsiyalar ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini yaratish, investitsiya siyosatida jamiyat manfaatlari himoyasini ta’minlash.

Partiya ushbu vazifalarni amaliy hal etish maqsadida parlamentdagi fraksiyasi, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari va hududiy partiya tashkilotlarida jamoatchilik eshituvlari, maslahatlar va xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishning boshqa shakllarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi.

Partiya mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, mazkur holat ichki bozorda taqchillik keltirib chiqarmasligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirib yubormasligi lozim, deb hisoblaydi. Partiya ana shu maqsadda iste’mol bozorining tegishli segmentlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi va uning yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlarida o‘z guruhlari orqali mamlakatimizda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

Biz barchaning farovonligini ta’minlaydigan ijtimoiy iqtisodiyot tarafdorimiz!

 

Bandlikka oid siyosat

O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi mehnatga layoqatli fuqarolarni ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

Ushbu masalalar yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning joylardagi bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda XDP aholi bandligini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarish ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishni maqsad qilgan.

Bunda partiya tegishli vazifalar ijrosini ta’minlaydigan demokratik ta’sir mexanizmlarini ishga solgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash uchun qonunchilikda belgilangan kvotalarga qat’iy rioya etilishiga erishishni ko‘zda tutgan.

Shuningdek, partiya ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollar, “Mehribonlik uylari” bitiruvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlar uchun ishga joylashish bo‘yicha huquqiy kafolatlarni oshirish hamda “Tyeng ish uchun - teng ish haqi” tamoyiliga qat’iy rioya etilishiga intiladi.

Shu maqsadda, partiya O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tegishli norma va protsessual mexanizmlar bilan to‘ldirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va parlamentdagi fraksiyasi orqali ularni qonunchilik tashabbusi sifatida olib chiqishni rejalashtirgan.

Partiya uy mehnatini tashkil etishning yangi samarali shakllarini rivojlantirishga harakat qiladi. Xususan, maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollar uchun uy mehnati hamda ularning davlat-xususiy sherikligining tegishli shakllaridagi ishtirokini oshirish bo‘yicha ehtiyojlarini aniqlash va ishlab chiqilgan takliflarni xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.

Olis qishloq hududlaridagi maktablar, qishloq vrachlik punktlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga malakali va tajribali mutaxassislarni jalb etish maqsadida partiya bunday xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish mexanizmini qonunchilikda mustahkamlash bo‘yicha taklif tayyorlash hamda uni parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida ilgari surishni rejalashtirgan.

Tadbirkorlik subyektlarini o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish maqsadda partiya quyidagilarni taklif etadi:

- mehnatga haq to‘lash miqdoridan kelib chiqib, ijtimoiy to‘lovlarning differensial stavkalarini belgilash. Bunda korxona to‘laydigan o‘rtacha ish haqi qancha yuqori bo‘lsa, yagona ijtimoiy to‘lov miqdori shuncha pasayadi;

- ish haqining o‘rtacha hisoblangan nominal miqdoridan past maosh to‘laydigan korxona va xususiy tadbirkorlarga qonunda belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llamaslik, daromadiga esa yuqori stavka bo‘yicha soliq solish.

Partiya, ijtimoiy sheriklari bilan birgalikda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:

- deputatlik va jamoatchilik nazorati tarzida “mardikor bozorlari”ni o‘rganib chiqish va shu asnoda fuqarolarni vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlashga odi huquqiy-me’yoriy hujjatlar nega ish bermayotganining sabablarini aniqlash;

- bandlik va ishsizlikka qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishga doir ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish;

- o‘rganishlar natijasi asosida “Bandlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda boshqa tegishli qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirishlarni kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash va parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida olib chiqishni ko‘zda tutgan.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz har bir shaxs munosib sharoitlarda mehnat qilishining tarafdorimiz!

 

Davlat, jamiyat qurilishi va sud-huquq sohasida ijtimoiy tenglik hamda ijtimoiy demokratiya

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatda ijtimoiy demokratiya tizimini shakllantirish tarafdori. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat, jamiyat va sud-huquq sohalarida tenglikni ta’minlash demakdir.

Partiya ana shu maqsadda quyidagi masalalarni ko‘rib chiqib, hal etishni taklif etadi:

- mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim jabhalari, aholining hayotiy ehtiyojlariga daxldor bo‘lgan va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan qaror qabul qilishda, parlamentdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan majburiy jamoatchilik maslahatlarini o‘tkazish mexanizmini joriy etish;

- aholining muhtoj qatlamlari ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish majburiyligini qonunchilikda mustahkamlash. Shu maqsadda, “Qonun hujjatlarining ta’sirini baholash to‘g‘risida”gi va “Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish hamda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi va “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish;

- Davlat xizmatlari markazlari negizida “elektron hukumat” tizimi asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga qonun loyihalari va turli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida erkin qatnashish imkonini beradigan shoxobchalar tashkil etish. Shuningdek, bunday shaxslar uchun qonunlar va turli me’yoriy-huquqiy hujjatlar matnlari, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlari, davlat ijro hokimiyati idoralarining me’yoriy-huquqiy hujjatlari matnlari bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, qonun oldida barchaning tengligi – huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish partiyaning sud-huquq sohasini isloh etishdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

Yuqoridagi vazifalarni amaliy hal etish maqsadida partiya quyidagilarni ko‘zda tutgan:

- aholi zaif qatlamlarining fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik, deputatlik hamda parlament nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilish;

- aholining kam ta’minlagan qatlamlari uchun huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, shu maqsadda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul maslahatlar beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirish. Xususan, bunday muassasalarni xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhi va partiya tashkilotlari qoshida tashkil etish;

- aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir ishlar samaradorligini yanada yaxshilash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida xuquqiy maslahat berish tizimini yaratish. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat va vakillik organlariga yuborayotgan murojaatlari yuzasidan maslahatlar berib borish.

Partiya sog‘liqni saqlash hamda ta’lim xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, kasbiy obro‘si va xavfsizligini himoya qilishga alohida ahamiyat qaratgan holda quyidagilarni amalga oshirishni lozim, deb hisoblaydi:

- parlamentdagi fraksiyasi orqali “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarda tegishli normalar mavjudligini inventarizatsiya tariqasida tekshirish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish;

- sog‘liqni saqlash hamda ta’lim xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, kasbiy obro‘si va xavfsizligini himoya qilish masalalarini huquqiy tartibga solish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish;

- o‘rganishlar natijasi asosida “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga va boshqa tegishli qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlash.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz ijtimoiy demokratiya – huquqlar tengligi va ularni amalga oshirishda imkoniyatlar tengligi tarafdorimiz!

 

Jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash

Partiya axborot makonida mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda, ularga qarshi kurashish uchun jamiyatning ijtimoiy birlashishi muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi.

Partiya ushbu masalaga doir vazifalarini fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda milliy mustaqillik g‘oyasini mustahkamlash bo‘yicha davlat va fuqarolik jamiyati institutlari olib borayotgan ishlarni izchil qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiradi.

Shu munosabat bilan, partiya oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda o‘zining barcha tashkilotlarining yanada faol ishtirokini ta’minlashga intiladi.

Partiyaning fikricha, bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning mamlakat siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishi lozim. Salohiyatli yoshlarga siyosiy partiyalar tizimida ishlash va deputatlik faoliyatida o‘zini namoyon qilish imkoniyatini berish zarur.

Partiya jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash va hal etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Partiyaning ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va elektoratining kayfiyatini tizimli monitoring qilib boradigan mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlari bu mexanizmning muhim tarkibiy qismlari bo‘lishi lozim.

Har bir monitoring natijalariga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinishi zarur. Bunda, odamlar ijtimoiy muammolarini xolis va adolatli hal etishda partiya yordam berishini bilishi kerak. Bu holatda mazkur masalalar bo‘yicha “uchinchi tomonga” murojaat qilishga zaruriyat qolmaydi. O‘z navbatida, partiya mahalliy kengashlari huzuridagi jamoatchilik qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va partiya guruhlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashni rejalashtirgan.

Ushbu masalada partiyaning shiori:

Biz mamlakatda fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash tarafdorimiz!

 

***

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor dasturiy vazifalarni ilgari surar ekan, boshqa siyosiy partiyalar bilan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashlari uchun bo‘layotgan sog‘lom raqobat sharoitida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ta’sirchan parlament fraksiyasini yaratishni ta’minlaydigan munosib o‘ringa erishishni rejalashtirmoqda. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston XDP davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlarida yetakchi pozitsiyalarga erishish yo‘lida kurash olib boradi.

Bu, partiyaning davlat hokimiyati saylanma organlari faoliyatida ishtirok etishi va dasturiy maqsadlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratadi. Jamiyatda ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida qonunlar va boshqa davlat qarorlarining qabul qilinishi hamda samarali ijro etilishini ta’minlashda O‘zbekiston XDPning joylarda ta’sir doirasini mustahkamlashga imkon beradi.

Biz – har bir inson farovonligini ta’minlash tarafdorimiz! Bu yurtimiz ravnaqi garovidir! Bizga ovoz bering!