O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
DASTURI
2019 yil 28 oktabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi XI Qurultoyida qabul qilingan
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlarini, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqini ta’minlash, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik, har bir oila hamda butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlardan kelib chiqib belgilaydi.
O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasining bosh maqsadi – aholi turmush darajasi yuqori bo‘lgan rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash maqsadi ushbu manfaatlarga to‘liq mos keladi.
Bu masalada islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha jabhalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan amaliy harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur jarayonda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiyalash hamda barcha sohalarni liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan amaliy harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ustuvor vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishda faol ishtirok etish O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
O‘zbekiston XDP saylov kampaniyalarida faol ishtirok etib, o‘z nomzodlarining ko‘pchilik saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlashiga erishish va shu orqali davlat hokimiyati ijro organlarini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ularga erishishning samarali yo‘llarini belgilashda ta’sirga ega Qonunlarni qabul qilish uchun zarur imkoniyatni qo‘lga kiritishni maqsad qilmoqda.
O‘zbekiston XDP saylov kampaniyalarida faol ishtirok etib, ko‘pchilik saylovchilar ovozini to‘plashni, shu orqali qonunlarni qabul qilish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirish hamda ular tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va ro‘yobga chiqarish jarayonlariga samarali ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgan.
RIVOJLANISHDAGI IJTIMOIY USTUVORLIK – PARTIYA SIYOSIY POZITSIYASINING ASOSI
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi siyosatining asosiy ustuvorligi iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirishdir.
Bu ustuvor maqsadni amalga oshirishda O‘zbekistonni barqaror iqtisodiy rivojlanish orqali yaqin istiqbolda aholi turmush darajasi va sifati bo‘yicha dunyoning o‘rtacha rivojlangan mamlakatlaridan kam bo‘lmagan davlatlar qatoriga kiritish asosiy yo‘nalishdir.
Partiya ushbu maqsadga erishish yo‘llarini belgilashda davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy himoya hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj quyidagi aholi qatlamining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqishni zarur, deb hisoblaydi:
- pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirish uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali oilalardagi ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari;
- mehnat bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotgan insonlar, jumladan, mehnat bozoriga endi kirib kelgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari;
- zarur kasbiy malakasi yo‘qligi sababli doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, jumladan, ichki va tashqi mehnat migrantlari.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining fikricha, mamlakatning o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining kam ta’minlangan qatlamlari turmush darajasini yaxshilash uchun xizmat qilishi kerak.
O‘zbekiston XDP mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining kam ta’minlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish yo‘lida foydalanish kerak, deb hisoblaydi.
Bu mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolik jamiyatini yanada mustahkamlashning asosiy omili hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi.
Ushbu ustuvorlikdan kelib chiqib, partiya o‘z deputatlari orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirib borishni, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishni, ijtimoiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishda partiya barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarafdori bo‘lgan barcha shaxslarning ko‘magiga tayanadi.
PARTIYA SIYOSIY MAFKURASINING ASOSIY USTUVOR YO‘NALISHLARI
Ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya partiya siyosiy mafkurasining asosiy qadriyatlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy adolat va tenglik deganda fuqarolarning huquq va imkoniyatlardan erkin foydalanishdagi tengligini, ijtimoiy va moddiy holatidan qat’i nazar qonun oldida barcha birday ma’sul ekanligini tushunadi. Tenglik va adolat barcha – iqtisodiy, gumanitar, madaniy jabhalarda mustahkam qaror topishi lozim, bu ijtimoiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikning asosiy shartidir.
Partiya fikricha, xalqning tarixiy an’analarida chuqur ildiz otgan ijtimoiy birdamlik - aholining ijtimoiy himoyalanganlik darajasini oshirish va muhim ijtimoiy dasturlarni hayotga samarali tatbiq etishda, davlat va jamiyatning barcha ilg‘or kuchlari, iqtisodiy faol va moddiy ta’minlangan fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi muhim omil hisoblanadi.
Ijtimoiy demokratiya – barcha uchun, shu jumladan, aholining himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ham birday tegishli bo‘lib, ularga o‘z manfaatlari va hayotiy ehtiyojlariga aloqador bo‘lgan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa muammolarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlari hamda bevosita fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali hal qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi davlat faoliyati va jamiyat hayotining barcha jabhalarida mazkur ustuvor ijtimoiy tamoyillarni qaror toptirish har bir insonga siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda erkin va mas’uliyat bilan ishtirok etish, aholining nafaqat himoyaga muhtoj, balki barcha qatlami manfaatlariga mos keladigan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish imkonini beradi deb hisoblaydi.
III. PARTIYANING IJTIMOIY IDEALI – IJTIMOIY DEMOKRATIK DAVLAT BARPO ETISHDIR
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonda quyidagi mezonlarga javob beradigan ijtimoiy demokratik davlat qurishni o‘zining eng oliy maqsadi deb biladi:
- Bu – huquqiy demokratik davlat va rivojlangan fuqarolik jamiyati. Unda jahon tan olgan umuminsoniy huquqlar va erkinliklar nafaqat konstitutsiyada kafolatlab qo‘yiladi, balki so‘zsiz bajariladi ham. Oilalar va bolalar bexavotir yashaydi, ayollar va erkaklar teng huquqliligi me’yoriy hujjatlardagina emas, amalda mavjud bo‘ladi.
- Bu – jahon hamjamiyatida tan olingan demokratik tamoyillarga asoslanib, mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlariga binoan faoliyat olib boradigan, xalq nazorati va hisobdorligida bo‘lgan samarali davlat hokimiyatidir.
- Bu – ichki bozorni samarali tarzda hamyonbop mahalliy tovar va mahsulotlar bilan to‘ldirish hamda aholining mehnatga layoqatli barcha qatlamini to‘laqonli va munosib haq to‘lanadigan ish bilan band qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratuvchi, bir yoqlama xom ashyoga yo‘naltirilmagan va shiddat bilan rivojlanayotgan ijtimoiy iqtisodiyotdir.
- Bu – himoyaga muhtoj aholi qatlamining hayotiy ehtiyojlarini yetarli darajada qondiradigan, kafolatlangan manzilli ijtimoiy himoya, ijtimoiy yordam va ijtimoiy ta’minot, shu jumladan, pensiya ta’minotini ta’minlaydigan kuchli ijtimoiy siyosatdir.
- Bu – kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatini teran anglaydigan, tabiat va atrof-muhit muhofazasiga g‘amxo‘rlik qilishda o‘rnak ko‘rsatadigan, yosh avlodga ishonchli kelajakni, keksalarga – tinchlik va farovonlikni ta’minlaydigan mamlakatdir.
- Bu – xalqning boqiy madaniy an’analari, boy ma’naviy merosiga tayangan va hozirgi zamon sivilizatsiyasining eng yaxshi yutuqlarini o‘zida mujassam qilgan yuksak ma’naviy barkamollik va madaniyatlilik darajasidir.
- Bu – tinch va osoyishtalikda yashayotgan millat va elatlar vakillari – turli siyosiy qarash va e’tiqodga ega insonlar uchun umumiy uy hisoblangan mamlakatdir.
- Bu – xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq, o‘z milliy manfaatlarini amalga oshirish uchun mustaqil tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan, boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarda yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga amal qiladigan, jahon hamjamiyatida tan olingan va hurmatga sazovor bo‘lgan mamlakatdir.
- Bu – ishonchli va professional tarzda himoyalangan milliy xavfsizlik, hududiy yaxlitlik va davlat chegaralarining daxlsizligi, fuqarolarning jinoyatchilik va tazyiqdan ishonchli himoyalanganligidir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu ishlarni O‘zbekistonda mustaqillik yillarida shakllangan shart-sharoitlar asosida yaqin o‘n yillar ichida amalga oshirish va yanada rivojlantirishga qat’iy ishonadi.
Bu ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi dunyoning rivojlangan davlatlari darajasiga mos ravishda munosib hayot kechirish, sifatli oliy ta’lim olish, kasbi bo‘yicha ishga joylashish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, barqaror rivojlanib borayotgan yurtda yashayotganidan O‘zbekistonning har bir fuqarosiga faxrlanish tuyg‘usini taqdim etadi.
Bu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z oldiga quyidagi o‘rta muddatli va uzoq muddatli dasturiy vazifalarni qo‘yadi.
RIVOJLANISHDAGI IJTIMOIY USTUVORLIK
- Aholining kam ta’minlangan qatlamlari, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasini oshirish
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zining ijtimoiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining yuqori ijtimoiy ta’minlanganlik darajasi, jamiyat ijtimoiy barqarorligining mustahkam poydevori hisoblanadi, degan fikrdan kelib chiqadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zining ijtimoiy ustuvor yo‘nalishlarini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining yuqori darajada ijtimoiy himoya qilish jamiyat ijtimoiy barqarorligining ishonchli asosi ekanligidan kelib chiqib belgilaydi.
Partiya pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda aholining boshqa zaif qatlamlariga pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarni belgilash xalqaro umumjahon standart va tavsiyalariga, Barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar va vazifalariga javob beradigan mezonlarga asoslanishi kerak, deb hisoblaydi.
Ushbu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish zarur:
- fuqarolarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordam, uy-joyga ega bo‘lish, ijtimoiy himoya, madaniy hayotda ishtirok etish huquqi va malakali yuridik xizmatdan foydalanish, jumladan, aholining kam ta’minlangan va boshqa zaif qatlamlariga bepul ijtimoiy xizmatlar taqdim etish orqali konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy kafolatlari va huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlaydigan minimal davlat ijtimoiy standartlarni qonuniy jihatdan belgilash;
- aholi turmush darajasini belgilashda, ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya’ni yashash minimumi va iste’mol savatchasi hamda ularni qo‘llash tartibini qonuniy jihatdan belgilash hamda amaliyotga kiritish;
- kam ta’minlangan oila a’zolari, jumladan, ishsizlar, ishlashga imkoniyati bo‘lgan nogironlar, ayollar uchun tadbirkorlik faoliyati va kasanachilikni tashkil etish maqsadida imtiyozli kredit berish, davlat va davlat-xususiy sherikchilik asosida rag‘batlantirish tizimini yanada rivojlantirish. Bu aholining boqimandalik kayfiyatini yengib o‘tishiga xizmat qiladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida qonunchilikda ko‘zda tutilgan maslahat markazlari tizimi va kam ta’minlangan mehnatga layoqatli fuqarolarni biznes yuritish va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bepul o‘qitish hamda ularga huquqiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahat berishning boshqa shakllarini yanada rivojlantirish;
- aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda, jumladan, yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlar, "Muruvvat", "Saxovat" va "Mehribonlik" uylarida istiqomat qiluvchilar uchun zamonaviy qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik va ijtimoiy tadbirkorlikni amalga oshirishning aniq protsessual mexanizmlarini qonuniy mustahkamlash;
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining ijtimoiy manfaatlari va axloq me’yorlariga jiddiy ziyon yetkazadigan ortiqcha xarajatlarning oldini olish bo‘yicha to‘y, oilaviy, yubiley, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini qonuniy mustahkamlash. Shu bilin birga, tarixan shakllangan milliy-madaniy qadriyatlar va an’analarning asl mazmuni va ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish zarur;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni tartibga soluvchi milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha Konvensiyasiga, boshqa umumjahon xalqaro hujjatlar va tavsiyalarga muvofiqlashtirish.
- Kundalik iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta’minlash
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari, tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan qat’iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tarafdori.
Shu maqsadda partiya quyidagilarni taklif etadi:
- muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlari hamda ro‘yxatini belgilash davlat tomonidan tartibga solinishini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
- mamlakatimizda yetarli miqdorda ishlab chiqarilmayotgan muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar uchun bojxona boji va to‘lovlari bo‘yicha imtiyozli stavkalarni o‘rnatish;
- import o‘rnini bosuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchilarga import tovarlaridan olinadigan daromadlarning bir qismini imtiyozli kredit shaklida berishga yo‘naltirish tartibini joriy etish;
- ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning monopoliyasini cheklash, jumladan, monopol korxonalarni majburiy ravishda bo‘linishi va ularning tarkibidan mustaqil xo‘jalik sub’ektlarini ajratish bo‘yicha qonunchilikka tegishli protsessual me’yorlarni kiritish.
- ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, milliy qonunchilik me’yorlariga aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan do‘konlar tashkil etilishini tartibga soluvchi mexanizmlarni joriy etish va bunday savdo tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish.
- Uy-joy va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholining ijtimoiy zaif qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash – ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishidir, deb hisoblaydi.
Buning uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim:
- hashamatli ipoteka turar-joylarini qurayotgan qurilish kompaniyalari va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalarni qonunchilikka joriy qilish. Ushbu mablag‘larni maxsus fondlarda jamlash va keyinchalik aholining zaif qatlamlari, jumladan, uy-joysiz, yashash sharoiti o‘ta og‘ir ayollar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari uchun ijtimoiy turar-joylar qurilishi uchun ishlatish;
- kam ta’minlangan aholi qatlamiga, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga maqbul arzon uy-joylar qurishni kengaytirish, hamda bu sohada imtiyozli ipoteka krediti amaliyotini takomillashtirish.
Partiya uy-joy va kommunal xizmatlari hamda ko‘p xonadonli uylarda ekspluatatsiya xizmatlari to‘lovlarining ijtimoiy maqbullik darajasini oshirish maqsadida quyidagilarga erishishni ko‘zlamoqda:
- markazlashgan isitish va issiq suv ta’minotini, maishiy chiqindilarni olib ketish va utilizatsiya qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tabiiy monopoliyasi bo‘yicha qonunchilik me’yorlarini ko‘rib chiqish;
- muhandislik tarmoq infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan, kommunal xizmatlar taqdim etish bo‘yicha muqobil avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish;
- kommunal xizmatlar, uy-joy fondidan foydalanish uchun narx-navo va tariflarni shakllantirish me’yorlarini hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar rentabelligining chegaralangan darajasini qonunchilikda mustahkamlash;
- kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlarini qoplash maqsadida, narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash hamda kommunal xizmatlarga o‘rnatilgan tariflar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
- uy-joy fondidan foydalanishni tashkil etish, asosiy kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar va ulardan foydalanuvchilarning o‘zaro mas’ulligini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish.
- uy-joy fondini kommunal xizmatlar yetkazib beruvchi tashkilotlar hisobidan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi va issiq suv hisoblash asboblari bilan to‘la qamrab olish;
- kommunal xizmatlarning barcha o‘lchov asboblari hisob-kitobini yetkazib beruvchi tashkilotlar balansiga o‘tkazishda jihozlarga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va muntazam tekshirib borish vazifasini ham ular zimmasiga yuklash.
Partiya mazkur masalalarni hal etish maqsadida tegishli davlat organlari bilan tizimli asosda hamkorlik qilishni, uning joylardagi bo‘linmalari faoliyati ustidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
- Tibbiy xizmatning ijtimoiy maqbulligining ustuvorliklari
Aholining kam ta’minlangan qatlamlariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ayniqsa, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni davolash va oldini olish — ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishidir.
Shu maqsadda partiya quyidagilarga erishishni ko‘zlamoqda:
- mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan majburiy tibbiy xizmatlar hajmini qonuniy jihatdan mustahkamlash, jumladan, tegishli majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish;
- mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining boshqa zaif qatlamlarini har yili to‘liq ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish;
- aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
- dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlari davlat tomonidan tartibga solinishini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
- pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashovchilar, aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ta’minlash hamda ijtimoiy dorixonalarning tarmog‘ini yaratish va faoliyatini tashkil etish ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish.
- Ta’limda ijtimoiy tenglik
Ta’lim tizimida ijtimoiy tenglikni ta’minlash — mamlakatimizda demokratik jamiyatni shakllantirishning muhim omillaridan biridir.
Shu maqsadda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi kelgusi davrda ta’lim sohasida quyidagi ijtimoiy ustuvor vazifalarni amalga oshirishga e’tibor qaratishni muhim, deb hisoblaydi:
- bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta’lim va tarbiya muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va kelgusida 3–6 yoshdagi bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim-tarbiya bilan qamrab olish hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish;
- tegishli pedagogik ma’lumotga ega, lekin maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollarni maktabgacha ta’lim hududiy organlari tizimida oilaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachisi sifatida uy mehnatini tashkil etish, jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarga uyiga borib maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish dasturi – “Nomevisits” tariqasida ularning ishtirokini ta’minlash;
- o‘zlari yashagan qishloq aholi punktlarida ishlash sharti bilan, qishloq yoshlari davlat grantlari asosida oliy pedagogik, tibbiyot va boshqa mutaxassislarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyozli sharoitlarni joriy qilish;
- to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga imtiyozli ta’lim kreditlarini taqdim etish;
- oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat ta’lim muassasalari faqatgina daromadi yuqori bo‘lgan oilalarga xizmat qilmasligi uchun mazkur ta’lim muassasalarida to‘lovlarning ijtimoiy maqbul miqdorini qonunchilikda belgilashni taklif etadi;
- kam ta’minlangan oilalarning qobiliyatli farzandlari nodavlat maktabgacha ta’lim va o‘rta maktablarda tahsil olishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish, shu maqsadda tegishli davlat-xususiy sherikchilik shaklidagi muassasalarni rivojlantirish;
- maktab o‘quvchilarining jamoat transportidan bepul foydalanishini joriy qilish;
- ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda oliy ta’limni rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy ma’muriy-huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, shu jumladan, ta’lim shartnomalari narxlarini optimallashtirish, talabalarning akademik ko‘rsatkichlariga va innovatsiyalarda ishtirok etishlariga bog‘liq ravishda stipendiya miqdorini belgilash, ularning hayotiy ehtiyojlarini yetarli darajada qondirish uchun bunga muhtoj bo‘lgan barcha o‘quvchilarni yotoqxonalarda qulay yashash sharoitlari bilan ta’minlash va hokazo;
- maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish;
- nogironligi bo‘lgan bolalar uchun zarur maxsus adabiyot va qo‘llanmalar, jumladan, ovoz jo‘rligi bilan va Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish, xarid qilish, soha o‘qituvchilariga imtiyozlar joriy etishni o‘z ichiga oladigan inklyuziv ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, bu maqsadlar uchun xarajatlarni davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtirish.
Madaniy-gumanitar sohadagi teng imkoniyatlarni ta’minlash
O‘zbekiston XDP jamiyat hayotining barcha sohasida ijtimoiy tenglik tamoyillariga tayangan holda, islohotlarning mazkur bosqichida kam ta’minlangan oilalarning iste’dodli va qobiliyatli farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud, deb hisoblaydi. Partiyaning fikricha, shu maqsadda, quyidagi ijtimoiy ustuvor vazifalarni amalga oshirish zarur:
- bola qobiliyatini erta aniqlash va ularning barkamol rivojlanishiga yo‘naltirilgan samarali protsessual mexanizmlarni yaratish;
- kam ta’minlangan oilalarning iste’dodli va qobiliyatli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tizimini yaratish;
- olis qishloq aholi punktlaridagi madaniyat muassasalari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, musiqa va san’at maktablarini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun byudjet xarajatlarini oshirish;
- kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun “Barkamol avlod” bolalar maktablariga to‘lovlarni bekor qilish;
- kam ta’minlangan oilalar, ayniqsa, olis qishloq aholi punktlaridagi yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi va maroqli dam olishi uchun qulay infratuzilmani yanada rivojlantirish.
Mamlakatning moddiy va nomoddiy madaniy merosidan aholining kam ta’minlangan qatlamlari bahramand bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish lozim. Ushbu maqsadda partiya O‘zbekiston madaniyati va tarixining asosiy diqqatga sazovor joylariga homiylik sayohatlarini uyushtirish uchun ixtisoslashtirilgan fondlarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qiladi.
IQTISODIY SIYOSATINING USTUVORLIKLARI
Ijtimoiy iqtisodiyot – kuchli ijtimoiy siyosat yuritishning asosidir
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir, deb hisoblaydi.
Shu maqsadda, partiya mahalliy hokimiyatlar darajasida hududlarning iste’mol tovarlarga ehtiyojini o‘rganish hamda aholining o‘sish tendensiyalarini hisobga olgan holda, iste’mol talabini rivojlantirish prognozini tayyorlash zarur, deb hisoblaydi. Bunda, tegishli hududlarda ishlab chiqariladigan mahsulot uchun zarur resurslar mavjudligiga e’tibor qaratish lozim.
Shu asosda kerakli tovarlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli va uzoq muddatli hududiy dasturlarni ishlab chiqish. Mazkur dasturlarni shahar va tumanlarda bandlik va ish o‘rinlari yaratishga doir hududiy dasturlar hamda o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.
Partiya mazkur dasturlarni amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarining faolligini rag‘batlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etadi:
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga, samarali biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida imtiyozli kredit va moddiy resurslardan foydalanish amaliyotini kiritish;
- muayyan hududlarga import tovarlarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning bir qismini tegishli mahalliy byudjetlarga yo‘naltirish orqali import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus tuman va shahar investitsiyaviy fondlarini yaratishni ko‘zda tutish;
- “ishlab chiqarish ipotekasi”ni, ya’ni tijorat banklarining investitsiyaviy resurslari hisobiga tayyor korxonalar tashkil etish va kelgusida tadbirkorlik sub’ektlariga kredit yoki lizing bo‘yicha sotish mexanizmini amaliyotga kiritish. Shuningdek, import o‘rnini bosadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha asosli biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarni joriy etish.
Mazkur vazifalarni hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlar iqtisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholining quyidagi uzoq muddatli ijtimoiy manfaatlarini amalga oshirishga yordam beradi:
- ishlab chiqarish sohasida barqaror va yuqori ish haqi to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratishni jadallashtiradi;
- ichki bozorga o‘z tovarlari bilan kiradigan milliy ishlab chiqaruvchilar doirasini kengaytirish sog‘lom raqobatni rivojlantirishga yordam beradi. Bu o‘z navbatida mahsulot sifatini yaxshilash va iste’mol narxlarini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ichki bozorda import tovarlari bilan raqobatdoshlikka erishish tashqi bozorlarda ham raqobatbardoshlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Partiya iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor tizimini shakllantirish ijtimoiy maqsadlarga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaydi. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozimdir. Shu maqsadda partiya quyidagilarga erishishni ko‘zlaydi:
- iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish. Ushbu jarayonlarni aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish;
- texnologik ekspertizaning zamonaviy tizimini shakllantirish, bu jarayonda ijtimoiy sherikchilik asosida, kasaba uyushmalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan xamkorlikni kuchaytirish;
- investitsiyalar ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini yaratish, investitsiya siyosatida jamiyat manfaatlari himoyasini ta’minlash.
Partiya mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, mazkur holat ichki bozorda taqchillik keltirib chiqarmasligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirib yubormasligi lozim, deb hisoblaydi. Partiya ana shu maqsadda iste’mol bozorining tegishli segmentlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi va uning yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlarida o‘z guruhlari orqali mamlakatimizda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Bandlikka oid siyosat
Partiya mehnatga layoqatli aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo‘nalishi – bandlikni ta’minlash, deb hisoblaydi. Bunda mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash ustuvor vazifadir.
Shu bilan birga, partiya mehnatga layoqatli aholi bandligini uy mehnatining zamonaviy shakllari orqali oshirish pirovard maqsadimiz emas, deb biladi. Avvalambor, iqtisodiyot real sektorining ishlab chiqarish faoliyatiga band bo‘lmagan aholini samarali jalb etish - YaIM o‘sishini ta’minlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu, shuningdek, ichki iste’mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan yanada ko‘proq to‘ldirishga yordam beradi. Mehnat faoliyatiga jalb qilinadigan inson ijtimoiy nafaqa oluvchidan byudjetning daromad qismini to‘ldiruvchi manbaga aylanadi.
Partiya deputatlik birlashmalari orqali mazkur masalalar bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning joylardagi bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi amalga oshirilishi ustidan parlament va deputatlik nazoratini olib boradi.
Shu bilan birga, partiya demokratik ta’sir mexanizmlaridan foydalangan holda, qonunchilikda o‘rnatilgan kvotalarga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bandligini ta’minlashga harakat qiladi. Shuningdek, partiya nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnati uchun markazlashgan davlat investitsiyalari hisobidan ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish hamda ushbu korxonalarga ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish amaliyotini rivojlantirish zarur, deb biladi.
Partiya ish topishda qiynalayotgan ayollarni, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini va boshqa ijtimoiy guruhlarni, shu jumladan, “Teng ish haqi - teng ish uchun” tamoyiliga qat’iy rioya qilishni ta’minlash uchun huquqiy kafolatlar darajasini oshirishga intiladi.
Partiya uy mehnatini tashkillashtirishning yangi samarali shakllarini rivojlantirishga harakat qiladi. Xususan, maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollar uchun uy mehnati hamda ularning tegishli davlat-xususiy sherikchiligi shakllarida ishtirokini rivojlantirish bo‘yicha ehtiyojlarni aniqlash va ishlab chiqilgan takliflarni xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Olis qishloq joylaridagi maktablar, qishloq vrachlik punktlari va boshqa ijtimoiy sohalarga malakali va boy tajribaga ega mutaxassislarni jalb etish maqsadida partiya ularni tegishli moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik darajasida mustahkamlash lozim, deb hisoblaydi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish muhimdir. Shu maqsadda partiya quyidagilarni taklif etadi:
- mehnatga haq to‘lash miqdoridan kelib chiqib, ijtimoiy to‘lovlarning differensial stavkalarini belgilash. Bunda korxonadagi o‘rtacha ish haqi qancha yuqori bo‘lsa, shunga qarab yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini pasaytirib borish;
- ish haqining o‘rtacha hisoblangan nominal miqdoridan past darajada mehnat haqini to‘lovchi korxona va xususiy tadbirkorlar uchun qonunda ko‘zda tutilgan soliq imtiyozlarini qo‘llamaslik va daromadga soliqning yuqori stavkalarini belgilash.
Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar, birinchi navbatda, og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida partiya o‘zining ijtimoiy sheriklari bilan birgalikda fuqarolarning vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlanishini qonunchilik asosida tartibga solishga hamda amaliyotini ta’minlashga intiladi.
DAVLAT, JAMIYAT QURILISHI VA SUD-HUQUQ SOHASIDA IJTIMOIY TENGLIK HAMDA IJTIMOIY DEMOKRATIYA
Partiya mamlakatimizda ijtimoiy demokratiya tizimini shakllantirish tarafdori. Bu barcha, jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat, jamiyat va sud-huquq sohasida tenglikni ta’minlash demakdir.
Partiya ana shu maqsadda quyidagi masalalarni ko‘rib chiqib, hal etishni taklif etadi:
- mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim jabhalari, aholining hayotiy ehtiyojlariga daxldor bo‘lgan va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan qaror qabul qilishda, parlamentdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan majburiy jamoatchilik maslahatlarini o‘tkazish mexanizmini joriy etish;
- aholining zaif qatlamlari ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi shartligini qonuniy jihatdan mustahkamlash;
- Davlat xizmatlari markazlarida “elektron hukumat” tizimi orqali aholi zaif qatlamlarining qonun loyihalari va turli me’yoriy-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasida erkin qatnashishi uchun shoxobchalar tashkil etish. Shuningdek, qonunlar va turli me’yoriy-huquqiy hujjatlar matnlari, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining, davlat ijro hokimiyati idoralarining me’yoriy-huquqiy hujjatlari matnlari bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish.
Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, qonun oldida barchaning tengligi – huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish partiyaning sud-huquq sohasini isloh etishdagi ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Partiya mazkur vazifalarni amaliy hal etish maqsadida quyidagilarga erishishni ko‘zda tutadi:
- aholi zaif qatlamlarining fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik, deputatlik hamda parlament nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilish;
- sog‘liqni saqlash va ta’lim xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, kasbiy obro‘sini va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha aniq me’yor va protsessual mexanizmlarini qonuniy jihatdan belgilash;
- aholining kam ta’minlagan qatlamlari uchun xuquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, shu maqsadda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul maslahatlar beradigan ixtisoslashgan ijtimoiy korxona – “yuridik klinikalar” tarmog‘ini rivojlantirish. Jumladan, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhi va partiya tashkilotlari qoshida shu kabi maslahat tuzilmalarini tashkil qilish;
- aholining huquqiy madaniyatini oshirish ishlari samaradorligini yanada yaxshilash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida huquqiy maslahat berish tizimini yaratish. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hayotiy masalalar bo‘yicha davlat va vakillik organlariga yuborayotgan murojaatlari yuzasidan maslahatlar berib borish.
VII. JAMIYATDA IJTIMOIY BARQARORLIKNI TA’MINLASH
Partiya axborot makonida mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ularga qarshi kurashish uchun jamiyatning ijtimoiy birlashishi muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi.
Partiya ushbu masalalarda o‘z vazifasini mafkuraviy immunitetni shakllantirish va mamlakatimizning milliy mustaqillik g‘oyalarini mustahkamlash bo‘yicha davlat va fuqarolik jamiyati institutlari olib borayotgan ishlarni izchil qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiradi.
Shu munosabat bilan, partiya oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda o‘zining barcha tashkilotlarining yanada faol ishtirokini ta’minlashga intiladi.
Partiyaning fikricha, bugungi sharoitda yoshlarga oid davlat siyosati jamiyatning siyosiy hayotiga yoshlarni faol jalb etishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Istiqbolli yoshlarga siyosiy partiyalar tizimida ishlash va deputatlik faoliyatida o‘zini namoyon qilish imkoniyatini taqdim etish kerak.
Partiya, jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun, ijtimoiy keskinliklar oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash va hal etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Bunda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va partiya elektoratining kayfiyatini tizimli monitoring qilib boradigan mahalliy va boshlang‘ich tashkilotlar bu mexanizmning muhim tarkibiy qismi bo‘lishi lozim.
Har bir monitoring natijalariga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinishi zarur. Bunda, odamlar ijtimoiy muammolarini xolis va adolatli hal etishda partiya yordam berishini bilishi kerak. Bu holatda mazkur masalalar bo‘yicha “uchinchi tomonga” murojaat qilishga zaruriyat qolmaydi. O‘z navbatida, partiya mahalliy kengashlari huzuridagi jamoatchilik qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va partiya guruhlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashni rejalashtirgan.
***
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor dasturiy vazifalarni ilgari surar ekan, boshqa siyosiy partiyalar bilan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashlari uchun bo‘layotgan sog‘lom raqobat sharoitida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ta’sirchan parlament fraksiyasini yaratishni ta’minlaydigan munosib o‘ringa erishishni rejalashtirmoqda. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston XDP davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlarida yetakchi pozitsiyalarga erishish yo‘lida kurash olib boradi.
Bu, partiyaning davlat hokimiyati saylanma organlari faoliyatida ishtirok etishi va dasturiy maqsadlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratadi. Jamiyatda ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lida qonunlar va boshqa davlat qarorlarining qabul qilinishi hamda samarali ijro etilishini ta’minlashda O‘zbekiston XDPning joylarda ta’sir doirasini mustahkamlashga imkon beradi.