Odob-ahloq qoidalari

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlarining “Odob-axloq” qoidalari

 

 I. UMUMIY QOIDALAR

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlarining “Odob-axloq” qoidalari egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, mintaqaviy hamda tuman va shahar kengashlari xodimlarining kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari yig‘indisidan iborat.
  2. “Odob-axloq” qoidalari huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, partiya xodimlarini yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, hamda partiya Ustaviga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
  3. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, mintaqaviy hamda tuman va shahar kengashlariga ishga kirayotgan shaxslar kadrlar bo‘limi tomonidan “Odob-axloq” qoidalari bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladilar.
  4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari qonun hujjatlari va “Odob-axloq” qoidalari talablariga rioya etishlari shart.

“Odob-axloq” qoidalariga rioya etish partiya xodimining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

 

II. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlarining xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari

     5. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:

- qonuniylik;

- fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

- vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoiylik;

- davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;

- adolatlilik, halollik va xolislik;

- manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkilotlaridagi xodimlar quyidagilarga majbur:

- xizmat vazifalarini bajarishda partiya Ustav, Dastur, ichki idoraviy hujjatlari hamda xizmat majburiyatlariga qat’iy rioya etish;

- o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;

- yuqori organlar va mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarish;

- o‘z faoliyatini qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarida belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;

- o‘z xizmat vazifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning ta’siridan mustaqil bo‘lish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;

- o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan hatti-harakatlarga barham berish;

- normativ-huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z xizmat vazifalarini og‘ishmay bajarish;

- o‘z xizmat faoliyatiga biror-bir ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga barham berish;

- O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy hamda boshqa xususiyatlarini hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka ko‘maklashish;

- o‘zlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishda shubha paydo qilishi mumkin bo‘lgan xulq-atvordan o‘zini tiyish, shuningdek o‘z obro‘siga yoki davlat hamda partiyaning nufuziga zarar yetkazishga qodir bo‘lgan vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik;

- xizmat mavqeidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanmaslik;

- partiyada xabarlarni va xizmat axborotlarini taqdim qilishning belgilangan qoidalariga rioya etish.

  1. Siyosiy, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek shaxsiy vajlar va boshqa subyektiv sabablar partiya xodimlarining qonun hujjatlari talablarini va “Odob-axloq” qoidalarini buzishi uchun asos bo‘la olmaydi.
  2. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, partiya xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rish taqiqlanadi.
  3. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga faol ko‘maklashishi shart.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qilish organlarini ularni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari to‘g‘risida, shuningdek boshqa partiya xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi rahbarlari shaxslar qonunchilikning buzilishi faktlari to‘g‘risida murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikr va murojaatdagi tanqidi uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun ishdan bo‘shatilishiga yoki boshqacha shaklda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kerak.

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlar kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotning saqlanishini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishlari shart, ularning oshkor etilganligi uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
  2. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, partiyada ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim, u bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiqib ketadigan topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. U guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizm ko‘rinishlarining, shuningdek o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning qat’iy ravishda oldini olishi lozim.

Rahbar:

- manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;

- korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;

- xodimlarni samarali boshqarishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi, xizmatdagi xulq-atvori prinsiplari va qoidalarini buzayotgan xodimlarning xatti-harakatlariga (harakatsizligiga) yo‘l qo‘yilmasligi choralarini ko‘rmaganligi uchun javob beradi.

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari o‘zlarining xizmatdagi xulq-atvori bilan jamoada boshqa partiya xodimlari bilan o‘zaro ishchanlik va amaliy hamkorlik qaror topishiga da’vat etilgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart. Partiya xodimlari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bog‘liq holda partiya xodimlarining tashqi ko‘rinishi fuqarolarning O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan “Odob-axloq” qoidalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

 

III. Manfaatlar to‘qnashuvi

  1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek, ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda partiya xodimlari o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

 

IV. “Odob-axloq” qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

     15. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari tomonidan “Odob-axloq” qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.

     16. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi xodimlari tomonidan “Odob-axloq” qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

     17. Ushbu “Odob-axloq” qoidalari normalarining buzilishlari Kadrlarni tanlash va suhbatdan o‘tkazish Ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

“Odob-axloq” qoidalarining buzilishi holatlarini Kadrlarni tanlash va suhbatdan o‘tkazish Ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda partiya rahbarining ko‘rib chiqishiga qoidalar buzilishini sodir etgan partiya xodimini javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Kadrlarni tanlash va suhbatdan o‘tkazish Ishchi guruhi partiya xodimiga nisbatan “Odob-axloq” qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Partiya xodimlari o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek partiyanining qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.