1. Partiyaning oliy rahbar organi Partiya Markaziy Kengashi tomonidan besh yil ichida kamida bir marta chaqiriladigan qurultoy hisoblanadi.

2. Qurultoy delegatlari Markaziy Kengash plenumi tomonidan tasdiqlangan vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibiga muvofiq mintaqaviy partiya tashkilotlaridan saylanadilar.

Partiyaning Markaziy Kengashi, Markaziy Taftish Komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, agar ular qurultoy delegati etib saylanmagan bo‘lsalar, qurultoy ishida maslahat ovozi bilan qatnashish huquqiga egadirlar.

3. Markaziy Kengash Partiya qurultoyini chaqirish, taklif etilayotgan kun tartibi, vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibi to‘g‘risidagi qarori kechi bilan qurultoyga bir oy qolganda e’lon qilinadi.

4. Partiya qurultoyini o‘tkazish sanasi Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan belgilanadi va e’lon qilinadi.

5. Partiya qurultoyi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

- delegatlarning vakolatlarini tekshirish, qurultoy kun tartibi va ish tartibini belgilash, ishchi organlarini saylash;
- Partiya Dasturini, boshqa umumpartiyaviy siyosiy hujjatlarni qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
- Partiya Ustavini qabul qilish, unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
- Partiya Markaziy Kengashi a’zolarining partiya Ustavning 6.6.2-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (partiya ustavining 6.6.5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
- Markaziy Taftish Komissiyasi a’zolarining partiya Ustavning 6.12.1-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash;
- Partiya Markaziy Kengashi, Markaziy Taftish Komissiyasi, qurultoy tomonidan saylanadigan boshqa organlar va shaxslarning hisobot va ma’ruzalarini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- Partiya Markaziy Taftish Komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;
- Partiyani tugatish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
- Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish;
- Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish (partiya ustavining 6.6.5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
- Partiya faoliyatiga oid boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.
Qurultoy qarorlarini bajarish Partiyaning barcha organlari, tashkilotlari va a’zolari uchun majburiydir.

Yangiliklar