DOIMIY PROPISKA XUSUSIDA

Tahririyatimizga kelgan xatlarning birida shunday savol qo‘yilgan:

«Men 21 yildan buyon Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 279-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchilik qilaman. 4 farzandim va turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentda yashaymiz. Biroq doimiy propiskaga ega emasmiz. Xalq ta’limi vazirligi orqali doimiy ro‘yxatga qo‘yilishim mumkinligi haqida eshitdim. Agar shunday bo‘lsa qayerga, qay tartibda murojaat qilishim kerak?

D.Qurbonova,

Toshkent shahri.»

 

Javob: Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish 2011 yil 14 sentabrdagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.

Ro‘yxatning 11-bandida davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin.

Maktablar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga kiradi va shu sababli Siz doimiy propiska masalasida Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilishingiz lozim.

 

Dilmurod RAJABOYEV,

Adliya vazirligi mas’ul xodimi.

Teglar

qurultoy
← Roʻyxatga qaytish