YARASHUV INSTITUTI
YARASHUV INSTITUTI

xalqimizga xos kechirimlilik va insonparvarlikning yorqin namunasi

Dunyoda qancha davlat, millat bo‘lsa, ularning bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos jihatlari ko‘p. O‘zbek xalqi haqida gap ketsa, bir-birining quvonchiga sherik bo‘lish, musibatidan qayg‘urishi, adashib, xato qilganlarni to‘g‘ri yo‘lga solishi, kechirimlilik kabi olijanob fazilatlari e’tirof etiladi. Sud-huquq tizimini liberallashtirish hamda demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi va yarashuv institutining joriy etilishi xalqimizning insonparvarlik va kechirimlilik xususiyatini to‘la namoyon qildi.

Bugun sud tizimida keng qo‘llanilayotgan yarashuv yangi huquqiy usul bo‘lsa-da, u milliy qadriyat sifatida asrlar davomida takomil topib kelgan. Bugungi kunda yarashuv institutidan samarali foydalanilmoqda.

2001 yilda qabul qilingan «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun muhim ahamiyatga ega. Mazkur qonun mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi islohotlarni chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Buning natijasida minglab fuqarolar «qamalgan», degan tamg‘adan asrab qolindi, minglab oilalar o‘rtasida dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lishiga to‘siq qo‘yildi va fuqarolar manfaati ishonchli hamda samarali himoya qilinishi ta’minlandi.

Mustabid tuzum davrida esa aytaylik, avtoulov haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzib, yo‘lovchiga tan jarohati yetkazsa, garchi u pushaymon bo‘lib, jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatgan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortilardi. Bundan uning oilasi ham aziyat chekar va farzandlari tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi.

Yarashuv institutining joriy etilishi bilan bunday noxush vaziyatga barham berildi. Qadriyatlarimiz va xalqimizning tarixiy an’analariga mos tushadigan bu institut ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jabrlanuvchi bilan yarashgan hamda yetkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolar jinoiy jazodan ozod etiladigan bo‘ldi. Juda ko‘p fuqarolarimiz jinoiy jazolarning liberallashtirilishi nechog‘li insonparvar ekanini o‘z hayotlarida anglab yetdilar. Eng asosiysi, sudlanuvchi yarashuv orqali «sudlangan», degan tamg‘adan xalos bo‘ladi. Shuningdek, dastlabki tergov ishlarini olib borish va ishni sudda ko‘rib chiqish uchun sarflanadigan muddatlar ancha qisqaradi.

Yarashuv institutining afzalligi shundaki, birinchidan, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar tez va to‘liq qoplanishi ta’minlanadi. Ya’ni, uning manfaatlari ustuvor sanaladi. Ikkinchidan, jinoyat sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgani uchun sudlanmagan hisoblanadi. Uchinchidan, aybdorni kechirish orqali jazolanmasdan tarbiyalanadi.

Yarashuv jamiyatda sudlanganlik holatini kamaytiribgina qolmay, uning uzoq davom etadigan, hatto avlodlar taqdiriga ham ta’sir o‘tkazadigan oqibatlarini bartaraf qilish imkonini berdi. Qolaversa, aybga iqror bo‘lishni rag‘batlantirayotgan bu samarali huquqiy institut ortiqcha sud-tergov harakatlariga barham berdi. Jarayonni tezlashtirish va soddalashtirishga yo‘l ochdi. Fuqarolarning vaqtini tejadi.

Shu o‘rinda ayrim misollarni keltirib o‘tsak.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi Ahror Umaraliyev hech bir sababsiz A.Komiljonovni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, u yengil tan jarohati olgan. Sud majlisida jabrlanuvchi A.Komiljonov gumonlanuvchi A.Umaraliyev bilan yarashganligi haqidagi ariza bilan murojaat etib, gumonlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tdi. Sud jabrlanuvchining yarashganligi haqidagi arizasini qanoatlantirib, A.Umaraliyega oid jinoyat ishini taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatdi.

Rahimjon Mo‘minov yarashuv instituti nechog‘li insonparvar ekanligini o‘z hayoti misolida ko‘rdi. Sababi, u «Parkent» bozorida fuqaro K.Olimjonovning ishonchiga kirib, 6000 AQSh dollari evaziga 14 dona eshik yasab berishini va’da qilgan. Biroq u va’dasida turmay pulni ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan. Dastlabki tergov organi tomonidan u ayblanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb qilingan. Sud majlisida jabrlanuvchi K.Olimjonov sudlanuvchi unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berganligini va u bilan yarashganligi haqida ariza bilan murojaat etdi. Sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tgan. Sud ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatildi.

Yana bir misol. Yashnobod tumanida yashovchi R. Manshurmatov «Spark» rusumli avtomashinasida piyoda F.Toshevani urib yuborib, tan jarohati yetkazgan. Dastlabki tergovda gumonlanuvchi R.Manshurmatov va F.Tosheva ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishini yarashganliklari munosabati bilan tugatishni so‘ragan.

Sud jabrlanuvchi va gumonlanuvchining arizalarini jinoyat ishi bilan o‘rganib chiqdi. Taraflar yarashganliklari munosabati bilan R.Manshurmatovga oid jinoyat ishini uning ayblilik haqidagi masalani hal qilmasdan harakatdan tugatdi.

Qisqasi, yarashuv institutining amalda keng qo‘llanilishi o‘zining ijobiy natijalarini berayotir. Bu institut insonparvarlik tamoyilining tobora kengroq qo‘llanilishi nuqtai nazaridan jinoyat qonunida odillik tamoyilining o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xulosa shuki, mustaqillik yillarida yarashuv huquqiy institut sifatida qonun darajasiga ko‘tarildi. Sudlar tomonidan hozirda yarashuv institutining samarali qo‘llanilayotgani inson huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari ustuvor qadriyat sifatida e’zozlanayotganining yaqqol tasdig‘idir.

 

Sherzod ESHMATOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining sudyasi.

Teglar

qurultoy
← Roʻyxatga qaytish