Farg‘onada yoshlar bandligi masalasi muhokama qilindi

 

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kelajak avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni jamiyatning faol qatlamiga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zining ham bir Saylovoldi dasturida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash partiyaning ustuvor maqsadlaridan biri ekanligini e’lon qilib keladi.

Shu sababdan, partiya doimiy ravishda davlat dasturlari va maxsus strategiyalarida ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalishdagi ishlarning hududlarda qanchalik amalga oshirilayotgani borasida muttasil o‘rganishlar olib bormoqda. O‘rganishlar asosida mas’ul idoralar, soha mutaxassislari ishtirokida mavjud vaziyatning tahliliga bag‘ishlab muloqotlar tashkil qilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan Qo‘qon shahrida “Yoshlar va mehnat bozori: kasbiy ta’limni rivojlantirish yo‘nalishlari” mavzusida konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada dastlab viloyatdagi mavjud holat haqida ma’lumot berildi. Keltirilishicha, bugungi kunda viloyatda bir millionga yaqin yoshlar bor. Ular “Yoshlar balansi” asosida bandlik holati bo‘yicha “yaxshi” va “o‘rta” hamda “og‘ir” toifalarga ajratilgan. Hozirgi kunda 664 688 ta yoshlarning bandligi ta’minlangan. Rasmiy ishsiz yoshlar soni 4235 tani tashkil qilmoqda.

Mavjud vaziyat haqida ma’lumotlar taqdim etilganidan so‘ng soha mutaxassislari, ekspertlar va mas’ul idoralar vakillari bilan birgalikda mehnat bozori talablari, kasbiy ta’limning zamonaviy tendensiya va imkoniyatlari, shuningdek, yoshlar bandligidagi muammo va kamchilliklar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mas’ullari hamda deputatlari har bir masalada ijro hokimiyati va vakillik organlari birgalikda muhokamalar tashkil etib, fikr-mulohazalar almashish orqali to‘g‘ri yechim topish mumkinligini ta’kidlashdi.

Partiya vakillari bundan keyin ham har bir hududda mazkur yo‘nalishdagi ishlarning ijrosi qay ahvoldaligi borasida tizimli o‘rganishlar olib borishi, hamda aholi vakillari bilan doimiy muloqotlar o‘tkazish orqali mavjud muammo va kamchilliklarni aniqlashda davom etishini ma’lum qildi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish