Kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash asosiy kun tartibidan tushmay kelayotgani, aksincha, natijalar ochiq tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilab olinayotgani niyat ezgu, maqsad qat’iyligini yana bir isbotlamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni bu boradagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi eng muhim paytga to‘g‘ri keldi. Avvalo, hukumat, ijro hokimiyati va mutasaddi vazirliklar, barcha mutasaddilarga kambag‘allikni qisqartirish masalasiga diqqatni susaytirmaslik zarurligi uqtirildi.
Albatta, kambag‘allikni qisqartirish oson va birdan bo‘ladigan jarayon emas. Eng muhimi, davlatning katta resurs va imkoniyatlari shu yo‘nalishga sarflanayotgan ekan, bu boradagi ishlar tizimli tus olishi, belgilangan har bir chora-tadbir o‘z o‘rnida va samarali ijro etilishi kerak.
Jahon amaliyotida kambag‘allikni aniqlashda besh xil yondashuv mavjud ekan. Tirikchilik vositalaridan mahrumlik ko‘rinishidagi kambag‘allik, tengsizlik ko‘rinishidagi kambag‘allik, madaniy kambag‘allik shulardan eng asosiylaridir. E’tibor bersak, yig‘ilishda ta’kidlangan masalalar, belgilangan vazifalar kambag‘allikning turli sabablarini bartaraf etishga tizimli yondashuvga qaratildi.
Daromad manbaini yaratish, yurtdoshlarimizda “intilsa natija bo‘lishi”ga ishonchni yanada mustahkamlash, ayniqsa, davlat qo‘llovini yetkazishi kerak bo‘lgan mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish dolzarb masaladir.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda bu yo‘nalishdagi ishlarni quyida to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilandi. Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgani qayd etildi (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan).
Bu boradagi ishlarni tashkil qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Birinchidan, qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish muhim yo‘nalishdir.
Kelgusi yilda yurtimizda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgani, shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri kelishi sohada katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun qurilishda kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishining bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
Ikkinchidan, servis loyihalarini ko‘paytirish orqali aholi bandligini ta’minlash ham ulkan yo‘nalish hisoblanadi. Xizmat ko‘rsatishda yaratilayotgan ish o‘rinlari barqarorligi va fuqarolarni doimiy faollikka undab turishi bilan ahamiyatlidir.
Ehtiyojmand oilalarning himoyasini kuchaytirish, bu boradagi qonuniy huquqlarni muhofaza qilish dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalasini kambag‘allikni qisqartirish vazifalari bilan bir xil ko‘rib bo‘lmaydi. Bu yo‘nalishda alohida yondashuv, professional munosabat bo‘lishi zarur.
Shu bois yig‘ilishda yangi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasini joriy etish, nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish muhim ekani ta’kidlandi. Bandlik jamg‘armasidan 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Deputatlarimiz, partiyamiz Jamoatchilik qabulxonalariga tushayotgan murojaatlarda endigina iqtisodiy faollikka intilayotgan, lekin hali barqaror daromad topishga ulgurmagan oilalar davlat yordamidan uzib qo‘yilayotgani to‘g‘risida savollar ko‘tarilib kelardi. Bu muammo ayrim oilalarning kambag‘allikka qaytib qolish xavfini oshiradi.
Yig‘ilishda mazkur jihatga alohida e’tibor berildi. Muhtoj oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinishi, 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettirilishi, bog‘cha va to‘garak xarajati qoplanishi, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanilishi, bunga imkon berilishi insonparvarlik namunasi bo‘ladi.
Partiyamiz faollari, deputatlik birlashmalari bilan kambag‘allikni qisqartirishga doir har bir dastur va me’yoriy hujjat, har bir vazifaning bajarilishi bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazorati ta’sirchanligini oshirishimiz zarur. Kelgusi yil uchun Harakat dasturimizda, doimiy rejalarimizda bu masalani kun tartibidan tushirmaymiz.
Har bir inson farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish, shu yo‘lda uni qo‘llab-quvvatlash ezgu maqsad, ezgu faoliyatdir. Har birimiz zimmamizdagi mas’uliyatni his etib, kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatiga munosib hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.