2030 YILDA YALPI ICHKI MAHSULOT
2030 YILDA YALPI ICHKI MAHSULOT

kishi boshiga 4500 AQSh dollarini tashkil etishi taxmin qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi yarim yillikda erishilgan natijalar xususida matbuot anjumani o‘tkazdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sdi. Bunda sanoat — 6,9, xizmatlar — 12,7, chakana savdo aylanmasi — 6,4 va qishloq xo‘jaligi 2,1 foizga o‘sishi iqtisodiy yuksalishning asosiy omili bo‘lib xizmat qildi, — deydi Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev. — Shuningdek, jami investitsiyalar 58,9 foiz va qurilish ishlari hajmi 20 foizga o‘sdi. Yana shuni aytish mumkinki, mamlakatimiz tashqi savdo bozorlarida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda. Natijada yanvar-iyun oylarida tashqi savdo hajmi 19,7 milliard dollarni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 129,8 foiz) tashkil etgan bo‘lib, eksport hajmi 8,4 milliard dollarni (127 foiz), import 11,2 milliard dollarni (132,0 foiz) tashkil etdi.

Olti oylikda inflyatsiya darajasi 5,56 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, iste’mol tovarlari narxining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan elektr energiya, tabiiy gaz va siqilgan gaz narxlarining oshirilishi bekor qilindi. Ushbu holat inflyatsiya darajasini 0,49 foizga jilovlash imkonini berdi.

Shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda inflyatsiya darajasini belgilangan prognoz parametrlari doirasida saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni pasaytirish maqsadida o‘tgan davr mobaynida respublika bo‘yicha jami 137,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Yana shuni aytish mumkinki, respublika aholisining daromadi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida aholi jon boshiga umumiy daromad o‘tgan yilning mos davriga nisbatan nominal qiymatda 19,4 foizga oshib, inflyatsiyani hisobga olgan holda real qiymati esa 5,2 foizga o‘sdi. O‘rtacha yillik ish haqi va pensiyalarning o‘sishi mos ravishda 14 va 7 foizni tashkil etdi. Shuningdek, aholi jon boshiga real daromadlarni eng ko‘p o‘sishi Toshkent shahrida, ya’ni 12,6 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 9,4 foiz kuzatildi.

Daromadlar tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlarning ulushi so‘nggi 2 yilda deyarli o‘zgarmay 60 foiz atrofida saqlanib kelmoqda.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar va chora-tadbirlar amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotini o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar guruhi (Jahon banki tavsiyasi bo‘yicha)ga kirish imkonini berib, 2030 yilda yalpi ichki mahsulot kishi boshiga 4500 AQSh dollarini tashkil etishi taxmin qilinayotgani aytildi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Teglar

qurultoy
← Roʻyxatga qaytish