Birgalikda ijtimoiy davlat sari
Birgalikda ijtimoiy davlat sari

 

— Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatov Dasturining bosh g‘oyasi

Shu yilning 30 aprelida umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilandi va ayni tamoyilga muvofiq davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari uch baravarga oshdi. Bu esa mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida ustuvor yo‘nalishlardan biri sanalgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish tendensiyasining tom ma’noda yuqori bosqichga chiqishidan dalolat beradi.

Konstitutsiyaga kiritilgan barcha muhim o‘zgartish hamda yangilanishlarning hayotimizda o‘z tasdig‘ini topishida, so‘zsiz, oldimizda turgan siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hal qiluvchi o‘ringa ega ekanligini izohlashga hojat yo‘q. Binobarin, saylov shunday jarayonki, unda davlat hamda jamiyat taqdiriga bevosita va bilvosita ta’sir etuvchi g‘oya va tashabbuslar siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi. Saylovchilar esa bu g‘oya va tashabbuslar bilan tanishgan holda emin-erkin o‘z xohish-irodasini saylov jarayonida o‘z ovozlari bilan namoyon qiladi. Albatta, bu galgi saylov yangilangan Konstitutsiyaga monand yangicha huquqiy makonda, xalqimizning ijtimoiy faolligi oshgan sharoitda o‘tishi alohida ahamiyatga molikdir.

Har bir saylovchi o‘zining ovozi bilan erkin va farovon hayotga, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, jamiyatning barcha sohasini qamrab olgan yangi o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildiradi. Bu o‘rinda Prezident saylovida ishtirok etayotgan nomzodning Saylovoldi dasturida belgilangan chora-tadbirlar hamda vazifalar har bir saylovchining e’tiborini tortishi turgan gap.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham buni teran anglagan holda bo‘lajak saylov uchun elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidan yuqoriga qarab yo‘naltirilgan takliflar asosida har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgan, keng qamrovli dasturini ishlab chiqdi. To‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbuslarni qamrab olgan dastur saylovoldi tashviqoti boshlangan shu kunlarda saylovchilar hukmiga havola etilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Saylovoldi dasturi haqida partiya faollari o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

 

Sharbat ABDULLAYEVA,

O‘zXDP Faxriylar kengashi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor:

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod dasturining birinchi yo‘nalishi “Kuchli ijtimoiy siyosat — ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi” deb nomlanishi bejiz emas. Sababi, keyingi yillarda insoniyat boshiga og‘ir sinovlarni olib kelgan pandemiya, yildan-yilga keskinlashayotgan global iqlim o‘zgarishi jarayonlari va xalqaro maydonda siyosiy, iqtisodiy vaziyatning taranglashuvi har bir davlat oldiga ijtimoiy siyosatni kuchaytirish vazifasini kechiktirmaslikni shart qilib qo‘ymoqda.

Kuchli ijtimoiy siyosatning birinchi poydevori ijtimoiy davlatning barqarorlik va farovonligini ta’minlashdir. Mazkur siyosiy harakatlar zamirida jamiyatning turli sohalaridagi muammolarni hal etish, inson manfaatlari bilan bog‘liq huquqlarni adolatli hamda demokratiya tamoyillariga asoslangan holda himoya qilish yotadi. Bundan tashqari, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish jarayonida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish hamda mavjud resurslarga tayangan holda tibbiyot sohasini ham rivojlantirish orqali fuqarolarimizning yanada farovon yashashiga zamin yaratiladi.

Amallarimiz niyatimiz bilan hamohang bo‘lsa, maqsadga erishish oson bo‘ladi. Shuning uchun bizning dasturimiz ham o‘zbek davlatchiligining o‘q ildizi hisoblangan Konstitutsiyaga mosdir. Qolaversa, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat tamoyili Xalq demokratik partiyasining asosiy dasturiy maqsadlariga hamohang.

Mazkur yo‘nalishda yoshlarning kasb-hunar tanlashi, ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlashni taklif etyapmiz.

Chunki oliy ta’limni tugatgan yoshlarimiz mutaxassisligi bo‘yicha tegishli tashkilot yoki muassasaga ish so‘rab borsa, unda tajriba va malaka yo‘qligi ro‘kach qilinib, ishga qabul qilmaslik holatlari ham ba’zan uchrab turibdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda mehnat bozoriga professional ta’limdan 144 ming nafardan ziyod bitiruvchi-yoshlar kirib kelgan. Ularning 82,8 foizi ish bilan ta’minlangan. Aslida, bu ko‘rsatkichni boshqa xorijiy mamlakatlar amaliyoti bilan solishtirganda ijobiy deb baholash mumkindir. Biroq bu borada bugungi davlat siyosatining davomiyligidan kelib chiqqan holda yorqin kelajagimiz bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi asosiy vazifalarimiz mezoni bo‘lishi lozim. Shuning uchun doimiy ravishda ta’lim tizimini isloh qilish orqali jamiyatga malakali, bilimli va kerakli bo‘lgan mutaxassis yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash choralari nomzodning Saylovoldi dasturida asosiy o‘rinni egallaydi.

Shuningdek, dasturning ushbu yo‘nalishida ehtiyojmand shaxslarga ajratilayotgan moddiy-ijtimoiy yordam manzilli va maqsadli yetib borishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi keltiriladi.

Yurtimizda ehtiyojmand insonlarning turmush tarzini yaxshilash maqsadida ularga qonuniy imtiyozlar, imkoniyatlar yaratish bilan bir qatorda, tegishli moddiy yordamlar ham ajratilishi barchamizga ma’lum. Lekin qandaydir sabab bilan ajratilgan moddiy yordam o‘z manziliga, ya’ni haqiqatda shu yordamga muhtoj fuqaroga yetib bormasligi bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari ham yo‘q emas. Bu esa oxir-oqibat ehtiyojmand fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga harakat qilayotgan davlat mablag‘idan samarasiz foydalanish, demakdir. Agar ayni yo‘nalishda kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnata olsak, ana shunday noxush holatlar barham topadi, ko‘zlangan ezgu maqsadga tezroq erishishga zamin yaratiladi.

Davlatimizning yanada taraqqiy etishiga har bir fuqaro singari biz ham befarq emasmiz. Demak, har bir fuqaro qonun asosida berilgan saylov huquqlaridan foydalangan holda jamiyatimizning yanada taraqqiy etishi va rivojlanishi yo‘lida o‘z ovozini munosib nomzodga berishlari mumkin.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Nomzod dasturida uy-joy, sifatli kommunal xizmatlar odamlarning hayot sifatini yaxshilashning muhim omili sifatida qayd etilgan.

Har bir millatning, xalqning tarixan shakllangan qadriyatlari bo‘ladi. Xuddi shunday, har bir shaxsning muqim boshpanasi bo‘lishi kerakligi an’anasi ham chuqur ildiz otgan milliy qarashlarimizga borib taqaladi. Vatan ichra vatani, ya’ni o‘z uyi bo‘lishini xalqimiz farovon hayotning asosiy sharti, deb biladi.

Buning huquqiy asosi sifatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uyjoyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi” deb qayd etilgan. Uy-joyga egalik qilish huquqi hamda uy-joy mulkdorlari huquqlari konstitutsiyaviy himoya qilinganligini e’tirof etishimiz lozim.

Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari qatorida aholi uchun qurilayotgan turar joylar salmog‘i ortib borayotgan bo‘lsa-da, biroq fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan talabi ortib borishi tabiiy holdir. Respublikamizda aholi sonining o‘sib borishi hamda yangi oilalarning tashkil topishi ham uy-joyga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, so‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga o‘sgan bo‘lib, yaqin vaqtlarda 40 millionga yetishi kutilayotir. Demografik ko‘rsatkichlar shiddat bilan o‘sayotgan hozirgi paytda, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamni turar joy bilan ta’minlash masalasi yil sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. Biz kambag‘allar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bor farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar uchun uy-joylar qurilishini yanada jadallashtirish tarafdorimiz.

Nomzodning ilgari surilayotgan Saylovoldi dasturida belgilanganidek, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kelajakda mazkur sohaning mustahkam huquqiy asosini yaratishga xizmat qiladi.

Dasturda kam ta’minlangan aholi uchun uy-joy qurishga imtiyozli ipoteka krediti berish amaliyotini kengaytirish masalasining qonun darajasida tartibga solinishini hamda uni amalga tatbiq etish choralari haqidagi fikrlarning mavjudligi diqqatga sazovor jihat, deyish mumkin.

Bugun mamlakatimiz qurilish bozorida tegishli tashkilotlardan ruxsat olmay, mahalliy aholi bilan hisoblashmay, mavjud talab-me’yorlarni mensimay noqonuniy obyektlar barpo etish holatlari kuzatilayotgani ham sir emas.

Albatta, bu borada davlat organlari va tashkilotlar tegishli nazorat tadbirlarini olib bormoqda, biroq ushbu masalada kerakli natijaga erishish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hayotiy zaruratdir.

“Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifi, ayniqsa, bugun dolzarb bo‘lib, fuqarolar tomonidan ulush qo‘shgan holda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini qurish jarayonini huquqiy jihatdan tartibga solishga, jumladan, turar joylarni qurishga jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Bu borada nomzodning Saylovoldi dasturida noqonuniy qurilishlarning oldini olish maqsadida sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni yanada kuchaytirish vazifasi belgilanganligi bugungi kunda dolzarb bo‘lgan masalaga e’tibor qaratilganligini yaqqol ko‘rsatadi.

Prezident saylovi orqali xalqimiz kelajak taraqqiyot mezonini belgilaydi. Shu sababli nomzodning dasturiy g‘oya hamda maqsadlarini amalga joriy etishi, dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun keng siyosiy maydon yaratib berish yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov nomzodini qo‘llab ovoz berishga chorlaymiz!

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Xalq salomatligi, millat genofondining mustahkamligi har bir davlat uchun benazir boylikdir. Bu juda dolzarb masala bo‘lganligi uchun ham yangilangan Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar bir necha barobarga oshirildi.

Partiyamizning O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodi dasturida tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish tashabbusi o‘rin olgan. Dunyodagi eng rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tibbiy sug‘urtani joriy etish sohada turli korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bilan bir qatorda, kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordam ko‘rsatishning birlamchi bo‘g‘inida malakali va sifatli xizmatlarni tashkil qilish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirishga xizmat qiladi.

So‘nggi vaqtlarda farmatsevtika tizimida duch kelingan noxush holatlar fonida aytish mumkinki, bu sohada aynan davlat nazoratini kuchaytirish hamda yangi dori vositalarini sinovdan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-taomillarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablari asosida takomillashtirish zarurati mavjud.

Shuningdek, dori-darmonlar va tibbiy vositalar narx-navosini davlat tomonidan tartibga solishning qonun darajasidagi mexanizmlarini yaratish borasida Saylovoldi dasturida ilgari surilgan taklif farmatsevtika bozorida barqarorlikni va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, pandemiya vaqtida ushbu sohada faoliyat yurituvchi ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z mavqeini suiiste’mol qilib, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i uchun muhim bo‘lgan dori-darmonlarning narxlarini asossiz oshirish holatlari uchragani hech kimga sir emas. Yuqoridagilardan kelib chiqib, nomzod dasturida taklif etilayotgan “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish har qachongidan muhimdir.

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda tibbiyot infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish, katta shaharlar va qishloq aholisini qamrab oladigan tibbiyot markazlarini tashkil etish, bu borada malakali kadrlarni tayyorlash va xalqimizga tibbiyot xizmatlarini taklif qilish kabi masalalar nomzodning Saylovoldi dasturida asosiy o‘rinni egallaydi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi mavjud muammolarning yechimi o‘laroq tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, shifokorlar tomonidan dorilarni tayinlashda elektron retsept tizimiga o‘tish va sohada qat’iy davlat nazoratini o‘rnatishga doir vazifalar dasturda belgilanganligi, nomzodning tibbiyot tizimini raqamlashtirish bilan bog‘liq takliflarning dolzarbligini ko‘rsatadi.

Shu sababli joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — Prezident saylovida hurmatli fuqarolarimizdan, saylovchilarimizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga chaqiramiz!

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

— Barqaror rivojlanishda bo‘lgan har bir davlatning qudrati — fuqarolarining yuqori intellektual salohiyatiga qarab belgilanadi. Xo‘sh, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan qudratli davlatga qanday yo‘llar bilan erishiladi? Albatta, chuqur bilim, ta’lim berish orqali erishish mumkin. Buni jahon tamadduniga asos solgan sivilizatsiyalar misolida ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan ilgari surilayotgan nomzod Saylovoldi dasturining “Yoshlar ta’limi millat kelajagi va yurtimiz raqobatbardoshligining garovi” deb nomlangan yo‘nalishida yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha qator takliflar va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar aks ettirilgan.

Yurtimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish va shu yo‘l orqali bilimli yoshlarni jamiyatimizga yetkazib berish har birimizning zimmamizdagi majburiyat ekanligini unutmasligimiz shart.

Dasturda ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish uchun aniq choralarni ko‘rish zarurligi belgilangan. Xususan, bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovini kengaytirish, buning uchun davlat yangi bog‘chalarni qurishi, mavjudlarini ta’mirlashi, davlat va davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktabgacha ta’lim muassasalarini ko‘paytirish taklif etilmoqda.

Sohaga xususiy sektorning jalb qilinishi quvonarli holat, lekin shu bilan birga, davlat bog‘chalari soni ham oshib borishi kerak. Axir xususiy bog‘chaga pul to‘lash qobiliyati bo‘lmagan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning bolalarini qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun jamoat transportidan foydalanish uchun tabaqalashgan tariflarni joriy qilish, ya’ni ular kattalarga nisbatan arzonroq yo‘lkira to‘lashi ijtimoiy adolatdan bo‘ladi. Yoshlarimizni kutubxonalardan foydalanish imkoniyatini oshirish, ularni barcha uchun foydalanish erkin bo‘lgan axborot-madaniy markazlarga aylantirish ma’rifatli jamiyat qurishdek ezgu maqsad ro‘yobiga xizmat qiladi.

Umuman, nomzod Saylovoldi dasturi orqali “ta’lim — insonning ustuvor huquqi”ni qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasida muqim turganligidan dalolat beradi. Mazkur masalada huquqlar va imkoniyatlar tengligiga amal qilinishi muhim ahamiyatga molik masaladir.

 

 

Akmal UMARALIYEV,

O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi:

— Ma’lumki, Prezidentlik saylovlari doimo demokratik davlatlar taraqqiyoti va fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimida muhim va markaziy o‘rinni egallab kelgan. Har qanday demokratik jamiyat o‘zagini erkin va adolatli saylovlar tashkil etadi. Aynan mazkur tanlov orqali fuqarolar bevosita yoki o‘zlari saylagan vakillari timsolida davlat va jamiyat hayotini boshqarish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Saylovoldi dasturida fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini takomillashtirish masalalari ham chetda qolmagan. Unda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi bevosita ishtirokini kengaytirish, davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich nodavlat institutlarga topshirish kabi tashabbuslarni e’tirof etish joiz.

Har bir shaxs o‘z faoliyatini amalga oshirar ekan, birinchi navbatda, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish jarayonida uning huquqlari, manfaatlari, javobgarlik masalalarini tartibga soluvchi huquqiy baza yetarlimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu borada O‘zbekiston Respublikasida nodavlat notijorat tashkilotlarning erkin faoliyat olib borishlari qonuniy kafolatlangan bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 72-moddasida hamda bir necha normativ-huquqiy hujjatlar bilan atroflicha kafolatlandi.

Bugungi kunda yurtimizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat olib boradi. Shu o‘rinda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari amalga oshirayotgan turli loyihalar, ijtimoiy adolat yo‘lidagi dadil taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni iqtisodiy-ijtimoiy hayotning chin ma’noda faol ishtirokchisiga aylantirishimiz juda muhim. Bu jamiyatda turli qatlamlar o‘rtasida manfaatlar mutanosibligini ta’minlashga, ijtimoiy tenglikni qaror toptirishga yaqindan ko‘maklashadi.

Nomzod dasturida ham fuqarolik jamiyati institutlarini mahalliy miqyosda qo‘llab-quvvatlash, tumanlardagi nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Aytish joizki, bugun hayotimizni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qila olmaymiz. Raqamli texnologiyalar, so‘nggi pallada sun’iy intellektning barcha jabhaga shiddat bilan kirib borayotgani, insoniyat tafakkuri kun sayin ildamlayotgani bu sohaga jiddiy yondashuvni talab qilmoqda. Zamonaviy dunyoni tushunishda, eng ilg‘or ITdan foydalanishda yoshlar, albatta, kattalarga qaraganda peshqadam.

Shu jihatdan olganda, yoshlarning mamlakat hayotidagi faolligini ta’minlash borasidagi tashabbuslar ustuvorlik kasb etadi.

Davlat boshqaruvida, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, davlat xizmatchilarining salohiyati va mahsuldorligini baholash kabilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi. Bu yo‘nalishlarda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, yoshlar ancha ilg‘or. Shuning uchun davlat va hukumat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish asnosida yoshlarning kuch va salohiyatidan foydalanish mamlakat ravnaqi uchun ijobiy samara beradi.

Xulosa shuki, mamlakat yetakchiligiga nomzod dasturi partiyamiz birlashmalari, faollari va elektorati tomonidan bildirilgan minglab takliflar orasidan davlatchilik rivoji va jamiyat farovonligi uchun eng dolzarb, deb topilganlari asosida shakllantirilgan.

 

«O‘zbekiston ovozi», 14.06.2022, №22

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish