GIYOHVAND MODDALAR KULFAT KELTIRADI
GIYOHVAND MODDALAR KULFAT KELTIRADI

Bu balo-qazoni yetishtirgan, sotmoqchi bo‘lgan qancha odam qamalib ketmoqda

Ma’lumki, giyohvand moddalarni yetishtirish, sotish o‘ta og‘ir jinoyatlardan hisoblanadi. Har yili bu zahri qotil qancha odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, bu fojialardan hamon to‘g‘ri xulosa chiqarib olmaganlar uchrab turibdi.

Giyohvandlik vositalarini yurtimizga odatiy usullarda olib kirishning imkoni yo‘qligini bilgan shaxslar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini chalg‘itib, o‘z rejalarini amalga oshirmoqchi bo‘ladilar. Tijorat maqsadida muntazam ravishda Turkiya davlatiga qatnovchi, Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi 50 yoshli Z.R. joriy yilning 8 iyul kuni soat 18:30 larda Istambul shahridan Toshkent Xalqaro aeroportiga uchib keladi. 19 AQSh dollari evaziga kimdir berib yuborgan «sovg‘a» — umumiy vazni 38,78 gr MDMA hamda 0,85 gr metamfetamin giyohvandlik vositalari yashirib qadoqlangan 10 dona shirinlik qutisini vaqtincha Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi, farg‘onalik 25 yoshli X.A.ga berishi kerak edi. X.A «sovg‘a»ni olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan voqea joyida ushlandi.

Ushbu giyohvandlik vositalari asli Farg‘onaning Qo‘qon shahrida yashovchi, hozirda Turkiya davlatida bo‘lgan 28 yoshli M.A. tomonidan tanishi Qo‘qon shahrida yashovchi Sh.P.ga berib yuborilgan ekan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

2019 yilda ham narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Natijada o‘tgan 6 oy davomida 1524 nafar shaxs ushlanib, 313 kg. 511 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olindi.

2018 yilning mos davri bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan yilning 6 oyi davomida 1562 nafar shaxs ushlanib, 562 kg. 482 gramm giyohvandlik moddasi olingan edi. Ushbu raqamlardan ko‘rish mumkinki, jinoyatning bu turi oz bo‘lsa-da kamaymoqda.

Joriy yil 1 may — 30 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida «Qoradori — 2019» keng qamrovli tadbirining birinchi bosqichi o‘tkazildi. Unda barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, ular qatorida 9 mingdan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari hamda 3 yarim mingdan ziyod jamoatchilik, korxona, tashkilot va hokimiyat vakillari qatnashdi. Narkotik moddalar kontrabandasining oldini olish maqsadida chegaraoldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, aylanma yo‘llarda 361 ta ko‘chma harakatlanuvchi post va 303 to‘siq guruhlari faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu guruhlar va postlarga jami 4 260 texnika vositalari ajratildi hamda 306 xizmat itlari jalb etildi.

Keng qamrovli tadbirning birinchi bosqichi mobaynida respublika bo‘yicha giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jami 1 ming 48 ta holat aniqlanib, 174 kilogramm 987 gramm narkotik modda olindi.

Shuningdek, tadbir davomida 2 363 kv.m yer maydonida tarkibida narkotik vositalari mavjud o‘simliklar ekib yetishtirilganligi aniqlanib, yo‘q qilindi. Shundan 289 holatda 1 999 kv.m. yer maydonida ko‘knori, 202 ta holatda esa 364 kv.m. maydonda yovvoyi tarzda o‘sayotgan nasha o‘simligi aniqlanib, yo‘q qilindi. Yovvoyi nashani yo‘q qilish choralarini ko‘rmagan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Tadbir davomida ichki ishlar organlari xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qo‘shni davlat fuqarolari geroin, opiy va gashish giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tayotgan vaqtida ushlandi.

8 may kuni janubiy chegaralarimizdagi bojxona postida yurtimizga kirib kelayotgan fuqaro qo‘lidagi qurtkasining ichiga 30 dona yelim paketchalarga qadoqlangan 230 gramm opiy giyohvandlik vositasini yashirib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tmoqchi bo‘lganida ushlandi.

«Qoradori — 2019» keng qamrovli tadbirining birinchi bosqichida vazirlikning Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan 25 kun mobaynida 348 kv.m. yer maydonida tarkibida narkotik moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanib, noqonuniy muomaladan jami 9 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar olindi.

Farg‘ona tumanida yashovchi shaxs yashash uyi tomorqasining 15 kv.m. yer maydonida maxsus joy tayyorlab, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan katta miqdordagi o‘simliklarni parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.

Hozir amalga oshirilayotgan ishlar bilan xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi, albatta. Chunki giyohvandlik bilan bog‘liq birgina jinoyat ham davlat va jamiyatga katta ziyon-zahmat yetkazishi mumkin.

Katta miqdorda giyohvandlik vositalar kontrabandasi bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruhlarni, shuningdek, tarkibida giyohvandlik moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirayotgan shaxslarni aniqlash va ularning jinoiy faoliyatlariga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor ishlar davom ettirilmoqda.

 

Mirzo Ulug‘bek MADALIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xodimi.

← Roʻyxatga qaytish