Qashqadaryo viloyatida 30 kishilik to‘ylar davom etmoqda. To‘y xarajatlaridan orttirilgan pullar esa xayrli ishlarga sarflanmoqda.
Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Dilmurodovaning aytishicha, MIB xodimi to‘ydan orttirgan puliga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun kitob sotib olgan.
“Mustaqil hayotga qadam qo‘ygan MIB Kitob tuman bo‘limi inspektori Boburmirzo va turmush o‘rtog‘i Yulduzxon to‘y xarajatlaridan orttirilgan mablag‘ini xayrli yo‘lda sarfladi. Ular oilaviy xursandchiligini tumandagi 5-sonli Mehribonlik uyi bolajonlari bilan baham ko‘rdi. To‘ydan to‘yona sifatida tarbiyalanuvchilarga 100 dan ortiq badiiy kitob sovg‘a qildi”, — deydi Gulnoza Dilmurodova.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2020-yil 1-iyundan boshlab “yashil” hududlarda bir qator faoliyat turlari qatorida oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berilgandi.
Bunda tantana va marosimlar faqatgina fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazilishi belgilangandi.