O‘zbekistonning 6 ta yirik kompaniyasi ishonchli boshqaruvga berildi
O‘zbekistonning 6 ta yirik kompaniyasi ishonchli boshqaruvga berildi

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning oltita yirik kompaniyasi — “Yangi Angren” va “Angren” issiqlik elektr stansiyalari, “O‘zbekko‘mir”, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Toshkent hayvonot bog‘i va “Ammofos-Maksam” boshqa kompaniyalarga ishonchli boshqaruvga berildi. “Gazeta.uz” ishonchli boshqaruvni amalga oshiruvchi kompaniyalar haqida ma’lumot taqdim etdi.

Issiqlik elektr stansiyalari va ko‘mir kompaniyasi

O‘zbekistonning eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan bo‘lgan “Yangi Angren IES” va “Angren IES”, shuningdek, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati “Central Asia Energy” MChJning boshqaruviga o‘tdi.

Central Asia Energy kompaniyasi 2019-yilning iyun oyida Toshkentda ro‘yxatga olingan. Uning rahbari sifatida Nodir Qahhorovich Nazarov ko‘rsatilgan. U avval Xalq banki raisi sifatida ishlagan. Shuningdek, Nodir Nazarov “Yangi Angren IES” va “Angren IES” kuzatuv kengashlari a’zosi hisoblanadi.

Central Asia Energy kompaniyasining 100 foizli ta’sischisi Qozog‘istonning “Gorniye raboti” kichik kompaniyasi bo‘lib, unda beshta shtat o‘rni mavjud va yer ishlari bilan shug‘ullanadi. 2018-yilning yanvar oyida ro‘yxatga olingan mazkur kompaniyaga Erdos Bakitjonovich Muhammadiyev rahbarlik qiladi.

“Yangi Angren IES” va “Angren IES”ni Qozog‘istonning “Gorniye raboti” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berish haqida 2019-yilning iyun oyida “Issiqlik elektr stansiyalari” kompaniyasi raisi Ruslan Mubarakshin ma’lum qilgan. U IESlar uch yilga ishonchli boshqaruvga berilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy gazdan foydalanishni maksimal darajada qisqartirish va ko‘mirdan foydalanishni oshirish rejalashtirilgan.

Ruslan Mubarakshin Qozog‘istondagi yirik ko‘mir kompaniyalarining ta’sischilaridan sanalgan “Gorniye raboti” kompaniyasi bilan O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berish masalasi muhokama qilinayotganini bildirgan.

“O‘zbekko‘mir” kompaniyasini dastlab Rossiyaning “Progress Gor Tex” kompaniyasiga berish rejalashtirilgandi, biroq keyinroq bu loyiha Prezident qarori bilan bekor qilindi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi

Prezidentning 2019-yil 10-apreldagi qaroriga muvofiq Indoneziyaning PT Trans Asia Resources kompaniyasi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining “O‘zneftmahsulot” kompaniyasiga tegishli 100 foiz ulushini dastlabki 16 million dollarlik dastlabki to‘lov bilan olishi kerak edi. 2019-yil 25-apreldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat ulushini sotish shartlari belgilangan, jumladan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining aylanma kapitaliga 120 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilish ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, kompaniya rahbarlari, o‘zbekistonlik Azim va Omon Aslanovlar zavodni modernizatsiya qilish va uni rivojlantirish bo‘yicha o‘z rejalarini ma’lum qilgan.

Biroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini “Jizzakh Petroleum” MChJ qo‘shma korxonasining ishonchli boshqaruviga berishga qaror qilingan.

“Jizzakh Petroleum” qo‘shma korxonasi 2017-yilning iyun oyida “O‘zbekneftegaz” va Gas Project Development Central Asia (Gazprom International kompaniyasining filiali) tomonidan tashkil qilingan. Loyihaga ko‘ra, ishtirokchilarning ustav fondidagi ulushi qayta taqsimlangan, “O‘zbekneftegaz”ning ulushi 60 foizdan 30 foizga kamaygan, xorijiy ta’sischilarning ulushi esa 40 foizdan 70 foizga oshgan.

Ayni paytda ta’sischilar tarkibidan Belvor Holding Limited (68 foiz), “O‘zbekneftegaz” (30 foiz) va Gas Project Development Central Asia (2 foiz) o‘rin olgan.

“Jizzakh Petroleum”ning rahbari Shokir Fayzullayev hisoblanadi. U avval “O‘zbekneftegaz” raisi va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Toshkent hayvonot bog‘i

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi qarori bilan Toshkent hayvonot bog‘i Wildlife Care kompaniyasining ishonchli boshqaruviga berilgan.

Wildlife Care kompaniyasi 2019-yilning 12-iyulida ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning 99,97 foiz ulushiga Falcon Hunting Solutions kompaniyasi egalik qiladi, mazkur kompaniya O‘zbekistondagi ekoturizm elementi bo‘lgan kolleksion ovchilik bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning qolgan 0,03 foizi Abdulla Alixo‘jayevga tegishli (o‘tgan yilning dekabr oyida ulushlar nisbati 95 foizga 5 foiz bo‘lgan).

Falcon Hunting Solutions kompaniyasining ta’sischisi Aziz Yoqubjonovich Komilov hisoblanadi.

Investitsion majburiyatlar doirasida Wildlife Care hayvonot bog‘ini rivojlantirish uchun keyingi 5 yil davomida 5 million dollar investitsiya kiritishi kerak. Bu orqali hayvonlar tarkibini ko‘paytirish, yangi volyerlar qurish va mavjudlarini qayta ta’mirlash, hayvonlar uchun reabilitatsiya markazi va hayvonot bog‘i xodimlari uchun o‘quv markazi tashkil qilish, zamonaviy audio va videovizual texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan.

Agar boshqaruvchi kompaniya kelishuv talablarini to‘liq bajarsa, u bilan shartnoma 30 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

“Ammofos-Maksam”

“Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistonning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 1969-yilda ishga tushirilgan va Qizilqum konining fosforitlari bazasida murakkab azot-fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. Shuningdek, kompaniya asosiy ammofos ishlab chiqaruvchisi sanaladi.

Kompaniya ta’sischilari “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati (51 foiz) va Ispaniyaning Maxam Corp International S. L. kompaniyasi (49 foiz) hisoblanadi.

“Ammofos-Maksam” Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ishonchli boshqaruvga berilmoqda. Olmaliq KMK 2018-yilning avgust oyidan buyon SFI Management Group xorijiy kompaniyasining ishonchli boshqaruvida turibdi. Shuningdek, SFI Management Group “O‘zmetkombinat”, “O‘zikkilamchiranglimetal” va boshqa aktivlarni ishonchli boshqaruvga olgan.

Avvalroq rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov SFI Management Group kompaniyasi milliarder Fattoh Shodiyevning akasining oilasiga tegishli ekanligini aytgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xabar berishicha, agentlik tashkil etilganidan buyon 1187 ta davlat aktivi sotilgan. Joriy yilning boshidan buyon 359 ta davlat aktivi investorlarga 391,2 milliard so‘mga, shu jumladan, 294 ta aktiv 3,2 trillion so‘m investitsiya kiritish va 5100 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan sotilgan.

Ta’kidlanishicha, davlat aktivlarini samarali boshqarishni tashkil etish yo‘nalishida oltita sohani (“O‘zbekneftegaz”, “O‘zbekenergo”, “O‘zsuvqurilish”, “O‘zsuvta’minot”, “O‘zmilliybank”, Humo Air aviakompaniyasi), shu jumladan, 95 ta tarmoq kompaniyasini qayta tashkil etish ishlari yakunlangan.

Ayni paytda to‘qqizta sohada (“O‘zpaxtasanoat”, “O‘zdonmahsulot”, Navoiy KMK, “O‘zagroservis”, geologiya-qidiruv, yo‘l-qurilish, nashriyot va poligrafiya kompaniyalari va futbol klublari), shu jumladan, 1184 ta tarmoq kompaniyasida qayta tashkil qilish ishlari olib borilmoqda.

 
← Roʻyxatga qaytish