Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidaOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidaOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  q a r o r i

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Faoliyat koʻrsatmayotgan, foydalanilmasdan turgan noturar obyektlardan oqilona va samarali foydalanish hamda ularni tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik):

Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalarini (keyingi oʻrinlarda – hududiy boshqarmalar) tashkil etish;

Agentlik tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari – Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi direktori (keyingi oʻrinlarda – Markaz direktori) lavozimini kiritish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha toifadagi boʻsh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini (keyingi oʻrinlarda – boʻsh turgan obyektlar) aniqlash va hisobini yuritish;

boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan, davlat mulki obyektlarini ijaraga berishni tashkil etish;

ijaraga berilgan davlat mulki obyektlarini va ularni ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlarni hisobga olish va ularning monitoringini olib borish;

ijaraga berilgan davlat mulki obyektlaridan maqsadli foydalanilishini va ularning saqlanishini, shuningdek, ijara toʻlovi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishini nazorat qilish;

davlat muassasalari (korxonalari)ga biriktirilgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanilishi va ularning saqlanishini belgilangan tartibda tekshirish;

davlat muassasalari (korxonalari)ga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki obyektlarining ortiqcha qismini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki obyektlarini olib qoʻyish;

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki obyektlarini buzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

boʻsh turgan xususiy mulk obyektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga koʻra ijaraga berilishida har tomonlama amaliy yordam koʻrsatish.

Markaz davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida barcha davlat organlaridan, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur boʻlgan axborot va materiallarni soʻrab olishga haqli.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar:

Markazning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 309 nafar, shu jumladan, markaziy apparat boshqaruv xodimlari soni – 22 nafar etib;

Agentlikning Boʻsh turgan davlat obyektlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish boshqarmasi tugatilib, uning 8 ta shtat birligi Markazga oʻtkazilishi;

Markazning markaziy apparati moddiy-texnik taʼminoti va 9 nafar boshqaruv xodimlari shtat birligini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtirilishi;

hududiy boshqarmalarning 287 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini, shuningdek, markaziy apparatning 13 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Markazning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.

Belgilansinki, Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlariga, toʻlov manbalaridan qatʼi nazar, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlari uchun qonun hujjatlarida va boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi.

Markaz direktoriga Agentlik direktori bilan kelishilgan holda Markazning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan markaziy apparat va hududiy boshqarmalarga boshqaruv xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish huquqi berilsin.

4. Quyidagilar Markaz va hududiy boshqarmalar faoliyatini (xodimlarning ish haqi, mukofotlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar) moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

davlat mulki obyektlari ijarasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tushadigan mablagʻlar;

Agentlikning huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Belgilansinki:

Markaz Agentlikning tugatilayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalarining barcha huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan, shartnomaviy munosabatlar boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

boʻsh turgan obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Markaz tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali tegishli davlat organlaridan olinadi;

Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlari oʻz vakolatlari doirasida boʻsh turgan obyektlarga toʻsqinliksiz kiradi va koʻzdan kechiradi. Bunda, xususiy mulk obyektlariga kirish va ularni koʻzdan kechirish Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;

Markaz va hududiy boshqarmalarga tegishli davlat mulki obyektlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Markaz hisobidan, pul mablagʻlari mavjud boʻlmaganda Agentlik huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

Markaz boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida har yili 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi;

boʻsh turgan obyektlar toʻgʻrisida maʼlumotlar (obyekt toʻgʻrisidagi qisqa maʼlumot, geolokatsiya joylashuvi va boshqalar) Markazning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va har oyda yangilab boriladi;

belgilangan tartibda tuzilgan foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash va foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish boʻyicha ishchi guruhlar hududiy boshqarmalarga haftalik axborot kiritib boradi;

hududiy boshqarmalar xodimlari tuman (shahar)larning har bir mahallasiga biriktiriladi hamda vakolati doirasida mahalla hududida joylashgan boʻsh turgan obyektlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etadi;

boʻsh turgan davlat mulki obyektlari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilgan obyektlar bundan mustasno, saqlash va ulardan kelgusida samarali foydalanish (xususiylashtirish, ijaraga berish va boshqa) maqsadida Markaz va hududiy boshqarmalarga topshiriladi;

boʻsh turgan obyektlar roʻyxati Markaz tomonidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib boriladi;

Markazning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

6. 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) barcha auksion savdolari natijalari QR-kod (matrik shtrixli kod)ni qoʻllash orqali rasmiylashtiriladi;

b) “E-IJRO AUKSION” tizimida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinadi:

“mobil identifikatsiya qilish” bilan shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali auksionda ishtirok etish;

davlat mulki obyektlarini ijaraga berish shartnomasini ijaraga beruvchi va ijarachi oʻrtasida elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo orqali) ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtirish;

savdolarda mavjud boʻlgan lotlar haqida batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalogni yaratish.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi doimiy ravishda boʻsh turgan obyektlarni aniqlab, ularni Markaz va hududiy boshqarmalarga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazib borish choralarini koʻrsin.

8. Agentlik bir oy muddatda:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

Markaz va hududiy boshqarmalarni zamonaviy texnika bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

Markaz va hududiy boshqarmalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan sudlarga kiritiladigan daʼvolar va arizalar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisida qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Binolardan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasi negizida davlat muassasasi shaklidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Binolardan foydalanish direksiyasini tashkil etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qaror ijrosini taʼminlash doirasida Markazning xarajatlari uchun 2020-yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻ ajratsin va 2021-yildan boshlab zarur byudjet mablagʻlarini koʻzda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

Markazga xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin va 3 ta, shu jumladan, 2 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlashga limit ajratsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz murojaatiga asosan uni oʻrnatilgan tartibda hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

12. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 1-iyul

 
 
← Roʻyxatga qaytish