O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti

 

O‘zbekiston Afg‘onistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Qo‘shni mamlakatda zo‘ravonlikning ortishi chuqur havotir uyg‘otmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afg‘on xalqi hayotini yanada murakkablashtirmoqda.

Ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz.

2021-yilning 23-iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tdi.

Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarildi.

O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi.

O‘zbekiston hukumati birodar afg‘on xalqini har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, mamlakatda mustahkam va keng qamrovli tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladigan yirik energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ko‘mak berishda davom etadi. 

 

www.mfa.uz

 
← Roʻyxatga qaytish