Qoraqalpog‘istondagi voqyealarga doir
Qoraqalpog‘istondagi voqyealarga doir

 

O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ochiqlik va xohish-irodani erkin ifoda qilish siyosatiga qaramay, 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida bir guruh jinoyatchi shaxslar Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlarni tashkil etdi.

Populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyasiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldidagi maydonga yig‘dilar.

Ig‘vogarlar yig‘ilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindilar.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qat’iy choralar bilan tashabbuskorlarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari to‘xtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘yildi.

Shuni ishonch bilan aytamizki, davlatimiz vaziyatni yanada beqarorlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur salohiyatga ega. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha ig‘vogarlarning shaxsi aniqlanadi va ular amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi.

Respublikadan tashqaridagi nosog‘lom kuchlarning Qoraqalpog‘istondagi vaziyat rivojiga, shu jumladan aniq yo‘naltirilgan axborot xurujlari va ro‘y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko‘rsatish orqali ta’sir qilishga urinishlari qayd etilmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatda jamoat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda, fuqarolarni g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan ogohlantirib, yuzaga kelgan masalalarni qonun doirasida hal qilishda birgalikda sa’y-harakat qilishga chaqiramiz.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi

 

 

← Roʻyxatga qaytish