JAMOL AKA QURAYOTGAN IMORATLAR
JAMOL AKA QURAYOTGAN IMORATLAR

zamonaviy, mustahkam va ko‘rkam

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxirida Qamashi tumanining Yortepa hududida bo‘lgan kuchli zilzila atrofdagi tumanlarning binolariga ham katta zarar yetkazgan edi. Yakkabog‘ shahridagi bir maktabning eski sport zali devorlari qulab tushgani yodimda. Qarangki, Shahrisabz tumanidagi «Shovkan» qishlog‘ida yetmishinchi yillarning oxirida qurilgan qo‘sh qavatli uylar, 32-maktab, bolalar bog‘chasi, xo‘jalik idorasi binolari devoriga birorta ham darz ketmabdi. Ularni mashhur binokor Olimjon aka Komilov brigadasi qurgan ekan. Biz u kishining shogirdlaridan biri bugun qurayotgan binolar haqida hikoya qilmoqchimiz.

 

...Bu bino bilan tanisha boshlaganimda, avval hayratlandim. Keyin esimga qadimiy Quriya davlati haqida hikoya qiluvchi ko‘p qismli badiiy film tushdi. Unda oddiy raqqosadan tug‘ilgan hukmdorning beshinchi o‘g‘li tabiat bag‘rida ulg‘ayib, ko‘p ilmlarni mustaqil egallaydi. Bod kasaliga uchragan podsho — otasi yotadigan xonaning oyoq ostini tashqaridan o‘t yoqib, isitiladigan qilib beradi. Bu voqeaga qariyb ming yillar bo‘lgan ekan.

Bugun Janubiy Koreya jahonning taraqqiy etgan davlatlaridan biri — yurtimizning yaqin hamkori. Men ko‘zdan kechirayotgan ushbu bino shu mamlakatning namunaviy loyihasi asosida qurilayotgan bolalar maktabgacha ta’lim muassasasi ekan. Pol isitilar ekan, boshqa ko‘plab qulayliklar bor.

— Ikkinchi qavatga ham chiqing, — deydi hamrohim – Yakkabog‘ tuman hokimligining bosh mutaxassisi Sobir aka Aripov. – Zinalar, eshik-derazalardan biror qusr topa olmaysiz.

— Men qurilishlar haqida ko‘p yozganman, — deydi hamrohim – tuman gazetasi muharriri Bozorjon Azizov. – Binokorlar boshqa tumandan bo‘lgani bois, ushbu imoratni bir necha bor kelib, ko‘rib ketdim. Bitgach, erinmay, barcha ishlarini «taftishdan» o‘tkazdim. Ko‘nglim to‘ldi. Qani endi, boshqalar ham shunday ishlasa.

— Rosti, 120 bolaga mo‘ljallangan bu muassasa binosi qurilishini kim olib boradi, qanday bo‘larkin, deb cho‘chiganmiz, tan oladi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, hokim o‘rinbosari Matluba Ro‘ziyeva. – Yo‘q, quruvchilar mehnatini ko‘rib, xavotirimiz tarqab ketdi. Mana qarang, bolalar dam olishi, o‘ynashi, ovqatlanishi, o‘qib-o‘rganishi uchun barcha sharoit hozirlangan. Oshxona tabiiy gazga ulangan. Havo aylanishi, sanitariya tizimi soz. Barcha xonalarga kuzatish kameralari o‘rnatilgan. Quruvchilar, ularning rahbari Jamol akadan rozimiz. Bu tashkilot hozir tumanimizda yangi yopiq suv havzasini qurayapti...

Men ham jurnalist sifatida ko‘plab qurilish ob’ektlarida bo‘lganman, yozganman. 90-yillarning oxirida Yakkabog‘ qurg‘oni va Kitob shahri markazida qurilgan kollejlarning loyihasi pala-partish tayyorlangani, o‘ta sifatsiz tiklanganini yozganman. O‘tgan yili viloyat gazetasida binolarga juda sifatsiz g‘ishtlar ishlatilayotgani haqida suratli tanqidiy maqolalar chop etilgandi. Ana shular haqida murojaat qilganimda, qurilishlar ekspertizasi bo‘yicha viloyat bo‘limi rahbari (u kishi uzoq yillar viloyat hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan) Erkin aka Mamadiyorov shunday degandi:

— Zamonning qanchalik o‘zgarganini ko‘ryapsizmi? Hozir viloyatda yuzlab g‘isht, temir-beton, qum-shag‘al, buyoq va boshqa noyob qurilish ashyolari ishlab chiqarayotgan korxonalar bor. Loyihalar-chi? Odamlar o‘zlari borgan mamlakatlarda ko‘rgan binolarga o‘xshatib, uy qurib berishni ustalardan talab qilishmoqda. O‘zimizda, mahalliy sharoit, milliy an’ana va zamonaviy me’morchilikni puxta egallagan loyihachilar yetishib chiqmoqda. Men ham quruvchiman, binolar loyihasi, sifatiga katta e’tibor beraman. Jamol G‘afforov viloyatdagi eng tajribali quruvchilardan biri. Shuning uchun buyurtmachilari ko‘p, odamlar undan rozi. Jamolbek qurayotgan inshootlarning hammasi go‘zal, nafis va puxta...

Erkin akaning gaplaridan keyin qurilishlarga o‘zgacha nazar tashlaydigan, buyurtmachilarning fikrini so‘raydigan bo‘ldim. Esimda, Kitob shahrining katta yo‘lga tutash qismida ikki-uch yildan buyon obodonchilik ishlari davom etayapti. Yoshlar uchun ko‘p qavatli ikkita bino tiklandi. Ip-yigiruv korxonasi qayta jihozlanib, xorijga mahsulot eksport qilinyapti. Korxonaning tennis korti ta’mirlanib, yonida mini futbol maydonchasi bunyod etildi. «Voha gulshani» xususiy korxonasining qo‘sh qavatli ko‘rkam binosi qad rostladi. Shu joyda ancha bo‘sh maydon bor edi. Bu yerda ikki yil ichida katta qurilish ishlari olib borildi. Yopiq basseyn o‘tgan yil aprel oyida foydalanishga topshirildi.

O‘rta bo‘y, oqquvadan kelgan, muloyim gapiradigan Jamol aka G‘offorov sport majmuasining ichki qismini ko‘rsatdi. Sovuq kunlarda bino va hovuz suvi isitilarkan. Barcha xonalar did bilan jihozlangan. Qoplamalar nafis gilamga o‘xshaydi. Qoniqib, rozi bo‘lib tashqariga chiqaman. Oppoq gullagan o‘rik daraxti tagidagi stulga o‘tirib, atrofga razm solaman. Artizan quduq kovlanibdi. Ancha yerga tartib bilan gullar ekilibdi.

— Jamol aka, mana shu chinorlarga qarab yuragim uvishdi, keyin quvondim, gap boshlayman. Nega deysizmi? Qarshi, Shahrisabz, shu Kitobda ham ancha chinorlar kesilib ketdi. Ayting-chi, qaysi tibbiyot instituti tadqiqotchilari chinorlar nafas bug‘ish va boshqa kasalliklarni tarqatishini ilmiy jihatdan isbotlagan? To‘g‘risi, bunga ishonmayman. Qancha chinorlarga qiron keltirildi. Dunyoda besh ming yil yashaydigan daraxtlar bor. Chinor ham umri uzoq daraxt. «Xo‘jailmkoni» qishlog‘ida 1200 yillik chinor yashayabdi. Xullas, chinor daraxti – tabiatning tengsiz obidasi. Shuning uchun daraxtlarga ozor yetkazmay, ish olib borayotganingizdan quvondim.

— Ha, gapingizda jon bor, — deydi Jamol aka ancha uylanib. — Shahar va qishloqlarimizdagi azim daraxtlarni huda-behuda kesish — insofsizlik. Imoratlarning oldi ochilsin, deb daraxtlarga asossiz tig‘ urayotganlarga qo‘shilmayman. Shamollarga bardoshli, uzoq yashaydigan daraxtlarni ko‘kartirsak, odamlar jazirama issiqdan saqlanadi. Mana, bu o‘rik daraxtlari uchta ekan. Texnika ishlatish qiyin bo‘ldi, ammo kesishga yo‘l qo‘ymadim, qarang, shig‘il mevaga kirgan. Biz yangidan qurayotgan maktab, bog‘cha hovlisiga turfa daraxt ko‘chatlari o‘tqazib berayapmiz. Yaponiya haqida o‘qigandim chog‘i, yuz qavatli imoratlarning tomida ham gul va daraxt o‘stirisharkan...

— Hamfikr topganimdan juda xursandman, — deyman yuragimni ochib. – Ko‘pdan buyon chinor va uning xususiyatlari haqida ma’lumot to‘playman, biror maqola yozilar. Ha, aytganday, shu ko‘chadan ko‘p bora o‘tganda, sizlar qurgan sport majmuasi nimaga o‘xsharkin, deb o‘ylardim. Hozir miyamda bir narsa yarq etdi, bu imorat tashqaridan kattakon beshikka o‘xsharkan. Nima dedingiz?

— Rost, o‘xshashligi bor, tasavvuringiz zo‘r ekan, — jilmayadi Jamol aka o‘zlari qurgan binoga boqqancha, keyin ohista qo‘shib qo‘yadi: — Kitob shahri men uchun beshik bo‘lgan... Eh, qanday kunlar o‘tdi-ya...

Ularning hovlisi Kitob shahrining «Chuqurchashma» mahallasida edi. U chashmalardan ko‘p bora suv ichgan. Otasi shirinliklar tayyorlaydigan kichik korxona rahbari, onasi uy bekasi edi. Oilada to‘rt o‘g‘il va to‘rt qiz ulg‘aydi. Ularning oltitasi oliy ma’lumotli bo‘ldi. Jamol bolaligidan tortinchoq, rahmdil edi. Otasi talaba farzandlarini qiynalib o‘qitayotganini yuragi his qilardi. Yetmish ikkinchi yili maktabni bitirgach, o‘zi xohlab qurilish tashkilotiga ishga kirdi, keyin harbiy xizmatga chaqirishdi. Armiyadan kelgach, politexnika institutining qurilish ishlari fakultetining kechgi bo‘limida o‘qib, kunduzi Toshkent bosh qurilish birlashmasida mehnat qildi.

— Yetti yil umrim aziz poytaxtimiz Toshkent bilan bog‘liq, — deydi Jamol aka o‘sha yillarni eslab. — Toshkentni jonday yaxshi ko‘raman. Qachon borib qolsam, o‘zim qurilishida qatnashgan binolarni borib ko‘raman. Ochig‘i, shu shahar menga quruvchilikni o‘rgatdi. Institutni bitirib, «Qashqadaryosuvqurilish» boshqarmasiga qarashli Kitobdagi mexanizatsiyalashgan tashkilotga ishga kelganman. 1982 yilda Kitobdagi ip-yigiruv fabrikasini qurganimizda, men ish boshqaruvchi bo‘lganman.

— Bir gal Varganzani tilga olgandingiz, — eslataman unga. – Tog‘dagi qishloqni borib ko‘rdim, yangi suv inshooti qurilayapti.

— O‘shanda jamoamiz vohadagi ko‘p suv inshootlarida mehnat qilgandi, hikoya qiladi Jamol aka. – Qancha kanallarga beton qopladik, qancha ochiq yerlarga suv chiqardik. Anor yetishtiradigan Varganza xo‘jaligi va qishlog‘i adirlariga suv yetkazadigan 2 ta nasos stansiyasini sakson to‘qqizinchi yilda ishga tushirib berdik, 400 gektar yangi yer o‘zlashtirilgan edi. Hozir ham ishlab turibdi.

— Bilasizmi, suv chiqarishi kamayibdi, — dedim unga. – Shaxsan Prezidentimizning ko‘rsatmasi bilan «Varganza 1-2» nasos stansiyalarini ta’mirlash, qariyb 3.5 kilometrga suv uzatadigan yangi «Oqboy» nasos stansiyasini qurish ishlari boshlanib ketgan. Yana 400-500 gektar uzumzor, anorzor tashkil etilibdi.

— Buni eshitgandim, — deydi Jamol aka mamnun bo‘lib. – Bunday inshootlar nihoyatda zarur.

Jamol aka viloyatdagi ko‘plab qurilishlarda qatnashdi. Mustaqillik yillarida xususiy tashkilot tuzish ehtiyoji tug‘ildi va «Avangardgidroekspress» MChJ faoliyat ko‘rsata boshladi. Mohir binokorlar jamlandi, yaxshi texnikalar olishdi, bo‘yoq ishlab chiqarish sexiga ega bo‘lishdi. Kasbi, G‘uzor, Chiroqchi tumanlaridagi ko‘p qurilishlarda qatnashishdi.

Qadimiy Shahrisabz shahrini obod qilish, markaziy ko‘chalarini tuzash, yuzlab ko‘p qavatli binolar, savdo, maishiy xizmat shoxobchalarini qurish muhim vazifalar edi. Insoniyat barpo etgan nodir obidalardan biri — Oqsaroyning saqlanib qolgan qismi to‘liq ta’mirlandi, oldidagi maydon 80 gektardan ortiq. «Avangardgidroekspress» MChJ jamoasi 2014 yildan buyon shahardagi qurilish-obodonchilik ishlarida faol qatnashadi.

— Ish ko‘p va nihoyatda murakkab edi, deya eslaydi ilgari Shahrisabz tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, yaqinda Yakkabog‘ tumani hokimi etib saylangan Abdurasul Safarov. – Bir tomonda kanalizatsiya, suv quvurlari tortib kelinayapti, bir tomonda yangi uylar tiklanayapti. Rostini aytaman, ko‘plab tashkilotlar orasida Jamol aka G‘afforov jamoasi pishiq, sifatli ishlari bilan ajralib turardi. Amir Temur bobomizning muazzam haykali atrofini obod qilishda ularning hissalari ko‘p. Men har kuni u kishi bilan uchrashib, muhim ishlarni maslahatlashardik. Katta tajribaga ega mohir quruvchi Jamol akadan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Ustozim, deb bilaman...

Jamol aka bilan Shahrisabzning bosh maydoniga keldik. Oqshom tushgan, turli shakldagi favvoralar dilga huzur bag‘ishlaydi, yengil shabboda daraxtlar shoxlarini sekin silkitadi. Qora qarag‘ay, dub va boshqa daraxtlar bo‘y cho‘zmoqda. Bir eman daraxtini Jamol aka ekkan ekan. O‘sishidan doim xabar olarkan. Hozir qadimiy shaharning bosh maydoni yashnab turibdi. Nodir obidalar qatori zamonaviy qo‘sh qavatli binolarga milliy bezaklar juda yarashgan. Guyo o‘tmish va hozirgi me’morlar o‘zaro bellashganday.

– Hov anavi, ikki qavatli imoratdagi uch xonali uyning sohibi Temurbek degan yigit bilan suhbatlashdim, — deyman unga. — Bu uylarni sizni tashkilotingiz qurganini bilarkan. Pastki qavatida hunarmandlik kichik korxonasi joylashgan, milliy liboslar tikib, eksport qilisharkan. «Uy emas, mehmonxona, istagan xorijlik sayyohni bemalol kutib olamiz», deydi u.

— Buyursin va farzandlarini yangi uyda ulg‘aytirsin, — tilak bildiradi. Halol ishlashni bizga ustozimiz – Olimjon aka Komilov o‘rgatgan. U kishi qurgan imoratlar hozir ham pishiq va ko‘rkam. Endi Shahrisabzga kelsak, shaharda 40 milliard so‘mlikdan oshiq qurilish ishlarini bajardik. Jami 108 xonadon uchun 6 ta ko‘p qavatli uyni qurdik. Imoratlarning suvog‘i, kanalizatsiyaga ulash, elektr o‘tkazish ishlarini ham o‘zimiz bajarganmiz. Chalasi yo‘q...

— Esingizdami, o‘tgan yili xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazilishi belgilangach, Bosh maydonda ishlar tezlashib ketgandi, — eslataman unga. – Sizni va quruvchilariingizni mana shu san’at saroyini ta’mirlash paytida uchratganman. Juda ulkan imorat, eng ko‘p ish shu joyda edi. Ishboshilar tinmay kelib turganini ko‘rib, «iloho, ulgursinlar, birorta jazo olib qolmasinlar», deb qayg‘urganman. Mas’uliyat og‘ir edi, shunday emasmi?

— Yurak hovuchlagan kunlarimizni eslatdingiz, — kuladi Jamol aka mahobatli oppoq san’at saroyi binosiga o‘zgacha mehr bilan boqib. – Xalqaro anjuman kuni belgilangach, ta’mirlash fursati keskin qisqardi. O‘ziyam tun-kun tinmadik. Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan maqom san’ati muzeyi joylashgan xonalarni jihozlash, turfa eksponantlarni joylashtirish ishlarini ham bajardik. Xudoga shukrki, uddaladik, ulgurdik...

Turli davlatlardan kelgan san’atkor va mehmonlar obod xiyobonda yayrab sayr qilishdi, nodir obidalar, zamonaviy binolarni mahliyo bo‘lib tomosha qilishdi.

— Ancha yildan buyon Jamol aka bilan birga ishlaymiz, — deydi jamoaning ish yurituvchisi Jamshid Salomov. – Yutuqlarimiz boshlig‘imizning mahoratiga bog‘liq. Jamol aka samimiy, juda mehribon. «Nima kerak bo‘lsa, aytinglar, pul odamdan aziz emas», deydi hamisha. Qancha xodimimiz u kishining beg‘araz yordami tufayli uylar qurib, to‘ylarini o‘tkazdi. Shunday mehribon rahbar bilan kim birga ishlashni istamaydi?..

Jamol aka umr yo‘ldoshi — bolalar shifokori Farog‘at aya Temirova bilan besh o‘g‘il va ikki qizni ulg‘aytirishdi. Ular iqtisodchi, quruvchi, shifokor bo‘lib yetishdi. Eng kenjalari Madina o‘quvchi, uch o‘g‘li otasi bilan birga qurilishda. Oila bekasi Farog‘at aya Kitob shahridagi bolalar poliklinikasida hozir ham shifokor. Bu tibbiyot maskaniga ancha yil rahbarlik qilgan Sattor Rahmatov hozir Oliy Majlis deputati.

Yaqinda Sattor Rahmatov Farog‘at opaga Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilibdi. O‘g‘illari — Hasan yana o‘g‘illi bo‘lgani bilan tabriklabdi. Bu xushxabardan men ham quvondim, Farog‘at opamni qutladim. Jamol akaga qo‘ng‘iroq qilib, tilaklarimni aytdim. Ilohim, «Umri bilan bergan bo‘lsin», dedi u xursandchiligini yashirmay.

Quruvchilar sulolasi yana bir kishiga ko‘payibdi. Ehtimol, u ham mohir quruvchi bo‘lar. Boshqa kasbni tanlasa ham bobosiga munosib nabira bo‘lsin, degan tilak dilimdan o‘tdi.

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

← Roʻyxatga qaytish