Yangi loyihalar yangi ish oʻrinlariga asos boʻladi
Yangi loyihalar yangi ish oʻrinlariga asos boʻladi

 

Bugungi kunning dolzarb mavzusi Toshkent viloyatiga davlat rahbari tashrifi buyurgani, yangi loyihalar taqdim etilib, minglab yangi ish oʻrinlari ochilishi istiqboli belgilangani hisoblanadi.

Davlatimiz mustaqilligiga oʻttiz ikki yil boʻlmoqda. Oʻzbekistonda hozirgi kunda juda katta oʻzgarishlar roʻy bermoqda, jamiyat oʻzgardi, xalqimiz fikri oʻzgarayapti.

Yangi Oʻzbekistonni qurish, yangi islohotlarni amalga oshirish uchun barchamiz shu Vatan uchun baland ruh va koʻtarinki kayfiyat bilan ishlash davr talabi, deb oʻylayman.
Davlat rahbari tashrifi Ohangaron tumani, Angren shahri va Ohangaron shahrida joylashgan "Angren" erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar va yangi loyihalar faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Mazkur iqtisodiy zonasida yuzlab korxona va ularda minglab aholi ishlamoqda. Yaqinda choʻl va dasht boʻlgan bu yerlar bugunga kelib, obod va sanoat infratuzilmasi rivojlangan hududga aylanmoqda. Yangi imkoniyatlarni ishga solish orqali Ohangaron tumanida yil yakunigacha qoʻshimcha 180 million dollarlik 100 ta loyihani boshlanishi kutilmoqda.

Umuman, Toshkent viloyatida ishlarni samarali tashkil qilish orqali yil yakuniga qadar 2 milliard dollarlik yangi loyihalarni boshlash, budjetga qoʻshimcha 1 trillion soʻm tushirish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.  

Tashrif davomida viloyatdagi yangi sanoat, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi oʻtkazildi. Bu korxonalarda sement, ip-kalava, toʻqimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sugʻorish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Aholini ijtimoiy himoyalash, bandligini taʼminlash davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Keyingi yillarda bu borada qator saʼy-harakatlar, koʻplab loyihalar, dasturlar ishlab chiqilmoqda. Toshkent viloyati hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obʼektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish asosiy vazifa boʻlib dolzarbligicha qolmoqda.

Bu vazifalarni bajarishda biz, deputatlarning zimmasida katta masʼuliyat turibdi, buni hech birimiz esdan chiqarmasligimiz zarur. Tashrif doirasida koʻtarilgan masalalarning barchasi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga hamohang masalalar hisoblanadi.

Akmal Umaraliyev,

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
Toshkent viloyat kengash raisi

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish