Qonunchilik palatasi deputati F. Sharipovning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvlarida davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga ko‘proq e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlarda «Yashil makon» umummilliy harakatining ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Mahalla faollarining ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi har bir xonadonga kirib bormoqda. Hududlarda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ikki mavsumda ommaviy ravishda nihol ekish amalga oshirilmoqdaki, bu kelajak avlod oldidagi mas’uliyat va majburiyatimiz ekanligi e’tirof etildi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tajribasi xususida atroflicha so‘z yuritildi. Bu tajriba bo‘yicha avvalo, yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlarning o‘z mahsuloti uchun bozor topishiga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni o‘z ichiga olishi bayon etildi. Umuman, ushbu yangi tizim respublikamizning barcha 9 ming 452 ta mahallasida yo‘lga qo‘yilishi bildirildi.
Mazkur tajribaning Denov tumanida joriy etish holati qandayligini bilish maqsadida xonadonlarda ham bo‘lindi. Aytish kerak, bu borada tumanda aholi tomonidan mas’uliyat bilan ishlar olib borilmoqda.
Aholi vakillari, “mahalla yettiligi” bilan uchrashuvlar asnosida qonun ijodkorligi sohasida qilinayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, o‘tgan haftada Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Er uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmuni haqida tushuntirishlar berildi.
Ko‘plab fuqarolar ushbu qonun aholining uy-joyga bo‘lgan huquqini e’tirof etish bo‘yicha o‘tkir muammolarni hal etishi nuqtai-nazaridan mazkur tashabbusni olqishlashdi. Aholi vakillari bu Qonun fuqarolar va minglab tadbirkorlik subyektlari kutgan muhim hujjat bo‘lganini alohida qayd etishdi. Shuningdek, mazkur qonun fuqarolarimizni yillar davomida o‘ylantirib kelayotgan ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, odamlarni davlatimizda amalga oshirilayotgan oqilona siyosatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Yana bir masala, Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mohiyati haqida ham targ‘ibot ishlari olib borildi. Aholi iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlarning “ijtimoiy norma” asosida amalga oshirilishini asosli hamda adolatli tarzdagi yondoshuv bo‘lganligini ta’kidlashdi. Shuningdek, faollar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan bir qator takliflar bildirildi. Ushbu takliflarning har biri yozib olinib, Qonunchilik palatasidagi fraksiya, qo‘mita hamda boshqa tegishli yig‘ilishlarda mas’ullar ishtirokida muhokama qilinishi belgilab olindi.
Umuman olganda, aholi vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganiga guvoh bo‘lindi.