Sayxunobod tajribasi aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda
Sayxunobod tajribasi aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda

 

Xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning bajarilishi holati muhokama qilindi.

Sessiyada Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlar, viloyat hokimi, respublika darajasidagi vazirliklar va idoralar, tijorat banklari mutasaddilari, MFY raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Videokonferens aloqa shaklida o‘tgan sessiyada viloyatning barcha tuman va shaharlari rahbarlari, tegishli tashkilot hamda idoralar mas’ullari qatnashdi.

Sessiya ishida Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi R. Mamutov so‘zga chiqib, aholi davlatimiz rahbarining “Sayxunobod tajribasi”ni yaratish bo‘yicha boshlab bergan tashabbusini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlagan holda, belgilab berilgan vazifalarning izchil amalga oshirilishini sidqidildan xohlayotganini, ushbu islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘zi ham tashabbuslar ko‘rsatib, faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidladi.

Quyi palataning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sh. Nazarov o‘z so‘zida tumandagi islohotlarni samarali amalga oshirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar faqat mahalliy idoralarga emas, bevosita respublika tashkilotlariga bog‘liq bo‘lib qolayotganligi, shundan kelib chiqib, ular tomonidan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi ta’minlanishi zarurligini bildirdi.

Sessiyada Sayxunobod tumani hokimi K.Mullajonovning ham hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, 19 ta mahallaga viloyat tashkilotlari rahbarlari, 794 ta ko‘chaga 174 nafar mas’ul biriktirilgan, tijorat banklari tomonidan 623 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektiga 8,7 mlrd. so‘m kredit ajratilgan, tumandagi 3 340 gektar tomorqa maydonlarining 3 273 gektariga ekinlar ekilgan.

Tuman hokimi muhokama etilgan masala yuzasidan mahalliy Kengash deputatlarining barcha savollariga atroflicha javob berdi.

Yig‘ilishda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi N. Otajonov 19 ta mahallaga mini-traktor va 76 ta moto-kultivator tarqatilgani, agronom shtati joriy etilib, mahallalarga biriktirilganini aytib o‘tdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman tijorat banklari hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman bo‘limi boshlig‘ining hisobotlari ham tinglandi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz Prezidentining Sayxunobodga tashrifi tuman aholisi hayotida katta ijobiy o‘zgarishlar, keng ko‘lamli bunyodkorliklar va yangilanishlarga yo‘l ochganini, “Sayxunobod tajribasi” butun respublikada ommalashtirilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdilar.

Qonunchilik palatasi deputatlari tumandagi xonadonlarda doimiy ravishda yurgani, belgilangan vazifalarning ijrosiga ko‘maklashish maqsadida mahallalarda tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati muntazam ravishda o‘rganilayotgani ijobiy samara berayotganini mahalliy Kengash deputatlari e’tirof etdilar. Shuningdek, belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, ushbu masala ularning kun tartibidan tushmasligini alohida ta’kidladilar.

Bundan tashqari, o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi qayd etilib, ularni o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

 

***

 

Nazira G‘ANIYEVA, xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashi deputati:

— Yurtboshimizning Sayxunobod tumaniga tashrifi odamlarda katta ishonch, hayotga muhabbat, shukronalik tuyg‘usini yanada oshirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun qaysi xonadonga, qaysi ko‘chaga, qaysi tashkilotga kirmaylik odamlarda ko‘tarinki kayfiyat, yangiliklarga intilishni ko‘ryapmiz. Bunga aholining tomorqa va shaxsiy xo‘jaliklaridan olayotgan daromadlari, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan fuqarolar misol bo‘ladi. Qonunchilik palatasi deputatlari ham doim Sayxunobodda, xalqning ichida yurib biz deputatlarga yordam berishmoqda. Bugungi sessiya ishida har bir masalani atroflicha muhokama qilib, ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Shundan kelib chiqib, biz deputatlar ham mahallabay ishlash, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini doimiy nazorat qilib boramiz.

 

Tohir JAVLONOV, O‘zbekiston mahallalar uyushmasining Sayxunobod tumani bo‘limi boshlig‘i:

— Bugungi sessiyada Prezidentimizning Sayxunobodga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan shu davrga qadar bajarilgan ishlar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Bugun Sayxunobodda juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bu kabi islohotlardan o‘zgarmaslikning iloji yo‘q. Aholimiz shaxsiy tomorqasidan samarali foydalanib, mavsumiy ekinlar ekish orqali daromad olyapti, qolaversa aholi quyonchilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik kabi daromad keltiradigan tadbirkorlik yo‘nalishlariga o‘qitilib, ularning ish boshlashlari uchun banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Ayniqsa, “O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallarida quyonchilik va baliqchilikni rivojlantirishga katta mablag‘lar ajratildi va bu hozirda o‘z samarasini bera boshladi.

Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, tumanimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar, imkoniyatlar mavjud. Agar bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilsa, hudud iqtisodiy yuksaladi, aholining farovonligi oshadi. Sessiyada belgilab olingan vazifalarni bajarishda “mahalla yettiligi” albatta faol bo‘ladi.

 

Islombek MAXATOV, Sayxunobod tumani “Olg‘abos” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

— O‘tgan bir oy davomida Qonunchilik palatasi deputatlari, tuman mas’ullari ishtirokida aholi xonadonlarida bo‘lib, mahalla ahli bilan yuzma-yuz suhbatlar qildik. Ushbu jarayonda aholiga kreditlar ajratildi, issiqxonalar qurib berildi, tomorqadan unumli foydalanishi uchun mini-traktorlar, moto-kultivatorlar olib berildi. Hali tumanimizda ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Agar biz ulardan unumli foydalansak, hududda tabirkorlar ko‘payadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Natijada aholining turmushi yaxshilanadi. Shu bois, bugungi sessiya yig‘ilishida ham bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar atroflicha muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

www.parliament.gov.uz

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish