Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Asosiysi, bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, 2024 yilning Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi ham bunga misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham yoshlar bilan ishlash, ularning bilim va salohiyatini oshirishda o‘ziga xos yondashuv va tajribaga ega bo‘lib, bir qator samarali loyihalarni o‘tkazib kelmoqda. Maqsad partiyaning asosiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilgan holda yoshlarni siyosiy jarayonlarga ko‘proq jalb etish, a’zolar orasida yoshlarning salmog‘ini oshirishdan iboratdir.
Iqtidorli yoshlarning mantiqiy fikrlash darajasini hamda intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida partiya Markaziy Kengashi Yoshlar sektori tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda universitetning partiyamiz yoshlaridan tashkil topgan 10 ta jamoa ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rishdi.
O‘yin davomida yoshlarga xos shijoat, topqirlik, g‘alabaga bo‘lgan intilish sezilib turdi. Har bir savol muhokamasi uchun 1 daqiqa vaqt ajratilib, ochkolar savollarning murakkabligiga qarab belgilandi.
Qizg‘in va qiziqarli kechgan o‘yin natijalariga binoan 1-o‘rin sohibiga O‘zbekiston XDP MK tomonidan sayohat uchun yo‘llanma berildi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlarga eng ko‘p o‘qiluvchi badiiy kitoblar, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xalq demokratik partiyasi talabalar ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlarini yil davomida o‘tkazadi.