Oila – har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Ma’lumki, 15 may kuni jahon miqyosida Xalqaro oilalar kuni sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi tomonidan Yakkasaroy tumanidagi “Qo‘shbegi” MFYda 15 may – “Xalqaro oila kuni”ni munosabati bilan “Oilalar mustahkamligi – jamiyat taraqqiyotining garovi” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi mas’ullari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida partiyamiz deputatlari tomonidan mamlakatimizda oila institutini yanada rivojlantirish borasidagi qonunchilik tashabbuslari, partiyaning bu boradagi amaliy ishlari xususida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, partiyamiz faollari mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining rivojlanish jarayonida ma’naviyatni yuksaltirish, oilaviy munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.
Tadbirda ayni yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirish va samarali tashkil etish borasida fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi. Muloqot partiyamiz faollari hamda mahalla faollarining qizg‘in suhbati shaklida savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.