Osiyo davlatlari xotin-qizlarini birlashtirgan forum.
Osiyo davlatlari xotin-qizlarini birlashtirgan forum.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ilk marotaba joriy yilning 13-14- may kunlari Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlar forumi o‘tkazildi.

Forumda 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar-Sharqiy Osiyo, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, 40 dan ortiq xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot vakillari va turli soha vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, forumda partiyamiz vakillari hamda fraksiya a’zolari ham qatnashdilar.
Osiyo qit’asida 4,82 mlrd kishi yashaydi, bu dunyo aholisining 60 foizidan ortig‘i hisoblanadi. Shuningdek, qit’a umumiy aholisining 2,3 milliardi yoki 49 foizini ayollar tashkil etadi. Forum jarayonida parallel sessiyalarga bo‘lingan holda Osiyo qit’asi ayollarining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Forum xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini ta’minlash masalalarini muhokama etish uchun ochiq muloqot maydoniga aylandi va bu borada o‘zaro tajriba almashildi.
Forumda ishtirok etgan davlatlar vakillari O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular manfaatini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, bu borada hamkorlikni rivojlantirish borasida takliflarini bildirishdi.
Osiyo xotin-qizlar forumi gender tenglikni ta’minlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid mintaqadagi dolzarb muammolarni hal qilishda Osiyo ayollarini birlashtirishga xizmat qiladi degan umiddamiz.
2 kun davom etgan forum yakunida “Osiyo xotin-qizlar forumining Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi.
Ishonamizki, forumda bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar asosida qabul qilingan “Samarqand deklaratsiyasi” qit’amiz xotin-qizlari uchun har tomonlama foydali va manfaatli bo‘ladi.

 

← Roʻyxatga qaytish