O‘zbekiston — Turkiya: parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamalanadi
O‘zbekiston — Turkiya: parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamalanadi

Joriy yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz o‘rtasida ishonchli do‘stlik atmosferasi yaratildi, aloqalarimiz keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi.



Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda ikki palatali parlamentning faoliyati, qonun ijodkorligi yo‘nalishi, palataning qo‘mitalari, komissiyalari hamda deputatlarning asosiy vazifalari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.



Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “O‘zbekiston-Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar e’tirof etilib, uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, maslahatlashuv uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat parlamentlari qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar.

 

O‘z navbatida, Numan Kurtulmush keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini e’tirof etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

← Roʻyxatga qaytish