O‘zbekiston va Rossiya: o‘zaro strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yangi bosqichida
O‘zbekiston va Rossiya: o‘zaro strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yangi bosqichida

 

O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifini tarixiy tashrif deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi.

Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Mamlakatlarimizning umumiy tarixi, madaniy yaqinligi, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari tarixiy aloqalar rivojida muhim o‘rin tutmoqda.

Navbatdagi uchrashuvlarda ham ikki davlat o‘rtasida energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida Rossiya tomonidan 1992 yilning 20 martida tan olingan va o‘sha kundan e’tiboran ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Shundan keyin ikki tomonlama bir qator strategik bitimlar va kelishuvlar imzolandi.

Xususan, 2004 yil 16 iyunda Strategik hamkorlik, 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilgan. 2012 yil 4 iyunda esa O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan.

Ikki tomonlama munosabatlarda so‘nggi yillarda savdo, investitsiya va harbiy sohalarda katta yutuqlarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo aloqalari O‘zbekistonning Rossiya bilan savdosi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kelishuvlarga muvofiq erkin savdo rejimida amalga oshiriladi. Ta’kidlash joizki, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Ayni paytda savdo ko‘rsatkichlarining o‘sishi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda. 2023 yilda tovar ayirboshlash hajmi 9,88 mlrd dollarga yetdi va Rossiya O‘zbekistonning ikkinchi eng yirik savdo sherigi bo‘ldi. O‘tgan yili umumiy tashqi savdo aylanmasida Rossiyaning ulushi 15,8 foizni tashkil etdi. Joriy yilda ham bu tendensiya davom etmoqda.

Ma’lumki, Rossiya – O‘zbekiston uchun eng katta eksport bozori. Jumladan, 2024 yil yanvar-aprel oylarida ushbu mamlakatga eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 foizga oshib, 811,5 mln dollardan 1 mlrd 21,4 dollargacha ko‘paydi. Tayyor qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarining asosiy qismi Rossiyaga sotiladi.

Shuningdek, Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sarmoyadorlaridan biri hamdir. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘plangan Rossiya investitsiyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshadi. Ayni paytda 150 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilyapti, ularning umumiy qiymati qariyb 14 mlrd dollarni tashkil etadi.

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 107,1 trln so‘m bo‘lib, shundan 13,8 foiz qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

2023 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi – 2854 korxona. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar umumiy sonining 21,9 foizini tashkil etadi.

Ta’kidlash kerak, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik sohalarda har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lib, 1999 yil dekabr oyida imzolangan. Bu kelishuv doirasida tomonlar tezkor va jangovar tayyorgarlik, ta’lim, harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, havo kemalari harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab tadbirlarni tashkil etib keladi.

Hududlar o‘rtasida faol va samarali almashinuvlar amalga oshirilmoqda, shu yilning kuzida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Muhim investitsion loyihalar va madaniy-gumanitar dasturlar davom ettirilishi esa kelgusida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan strategik hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish