O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan “Siyosatchi ayol” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda “Siyosatchi ayol” ko‘rik tanlovining shahar va tuman bosqichi g‘oliblari o‘zaro bellashdi.
Ko‘rik-tanlovni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kirish so‘zi bilan ochib, barcha ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, omad tiladi.
Tanlov qoidalariga muvofiq, qatnashchilari 3 shart bo‘yicha o‘z bilimlarini yana bir sinovdan o‘tkazishdi. “Xotin-qizlar muammosini hal etishning eng samarali yo‘li” deb nomlangan birinchi shartda notiqlik san’ati orqali har bir ishtirokchi o‘zlarining hududlaridagi xotin-qizlarga oid muammolar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash, bunda seminar- treninglar o‘tkazish, aholining keng qatlamlari va oilalardan xabar olish, ijtimoiy sheriklik va targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘yicha erishilgan amaliy natijalarini olib chiqdi.
“Siyosiy hozirjavoblik” shartida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, aholini ish bilan ta’minlash, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bilan bog‘liq qabul qilingan qonunlar, Saylov kodeksi, Oila kodeksi, Mehnat kodeksi bo‘yicha tuzilgan savollarga javoblar orqali bilimlar baholandi.
Erkin mavzuda xotin-qizlar o‘zlari sevgan mashg‘ulotlardan namunalar ko‘rsatishdi.
Qizg‘in va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ko‘rik-tanlov yakunlariga binoan birinchi o‘rinni Qorao‘zak tumani 33-sonli maktabi o‘qituvchisi Gulbanu Koshanova, ikkinchi o‘rinni Nukus shahri 1-sonli Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Jayhun Palimbetova, uchinchi o‘rinni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchisi Charosxon Norimbetova egalladi.
G‘oliblar partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.