Tibbiyotda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish – bugunning talabi
Tibbiyotda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish – bugunning talabi

 

Salomatlik insonlar turmush tarzi, hayot darajasi va sifatining yaqqol ko‘rsatkichi hisoblanadi. Xuddi shunday, aholi salomatligi davlat boshqaruvi samaradorligining mezoni sifatida ham qaraladi. Boshqacha aytganda, tibbiyot sohasining qay darajada rivojlangani ma’lum ma’noda mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotini o‘zida aks ettiradi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda fuqarolar salomatligiga e’tibor bir necha karra oshdi. Bunda “Inson-jamiyat-davlat” tamoyilining joriy etilishi sohadagi islohotlarning hayotbaxshligini ta’minlashga imkon bermoqda.

Xususan, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini keng omma o‘rtasida shakllantirish, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish sa’y-harakatlari yangi sur’at va mazmun kasb etayotir.

Ijtimoiy sohaning salmoqli qismini tashkil etuvchi sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar, albatta, aholining hayot tarziga, jamiyat kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021 yildan boshlab birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi, 2022 yilda 120 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yilgani keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilayotgani tizimdagi ayrim muammolarga yechim bo‘ldi.

Umuman olganda, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha 200 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni zamon talablariga muvofiqlashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 28 dekabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa sohada shaffoflikni ta’minlashda, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish va ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qaror bilan sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish, tibbiyot xodimlarining ish unumdorligini yaxshilash, shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan raqamli transformatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish maqsad qilingan.

Tibbiyot tizimini to‘liq raqamlashtirish nafaqat yurtimiz, balki har qanday davlat uchun xos bo‘lgan qator muammolar, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli tibbiyotni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyat eshiklarini ochadi. Bu borada AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, germaniya, Avstraliya, gretsiya, Irlandiya, Ispaniya, Kanada, Fransiya, Shvetsiya, Shveysariya kabi davlatlar ancha ilg‘or. Shuningdek, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, gruziya, Armaniston, Qozog‘istonda ham teletibbiyot bo‘yicha yirik ko‘lamdagi loyihalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Bugungi kunda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirayotgan asosiy omillardan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarda ommalashayotgani bor gap. Negaki, uning yordamida odamlarning vaqti va moddiy resurslari tejaladi. Uyda o‘tirib klinikani, shifokorni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga tibbiy xizmatlardan teng va oson foydalanadi. Onlayn telediagnostika esa eng ilg‘or mahalliy va xorijiy ekspertlar maslahatini olishda qo‘l keladi. Bu orqali bir qancha byurokratik to‘siqlarga barham beriladi.

O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

Bu orqali tibbiyot tizimi bilan aloqador sohalarni integratsiyalash, aholi sog‘lig‘ini nazorat qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, vrach qabulidagi tirbandliklarni barham toptirish, telemeditsina imkoniyatlaridan foydalanish orqali eng uzoq hududlarda yashovchilarni ham yuqori malakali mutaxassislar maslahatidan foydalanishiga sharoit yaratish, birlamchi bo‘g‘indan tibbiy markazlargacha axborot almashinuvini ta’minlash mumkin.

Biroq bu yo‘nalishda belgilangan aniq vazifalar bugun yurtimizning barcha hududlarida birdek amaliy ijrosini topyapti, deyish qiyin. Jumladan, viloyatlarda sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi tibbiyot muassasalari yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog‘iga ulangani holda olis tumanlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish darajasi talabga javob bermasligini ham aytib o‘tish kerak.

Masalan, Toshkent viloyati tibbiy muassasalarida foydalanishga kiritilgan elektron dasturlar soni 10 ta bo‘lib, ular bir-biri bilan integratsiya qilinmagani aniqlandi. “Elektron poliklinika” axborot tizimidan foydalanish holati tahlil qilinganida, aksariyat hollarda bemorlarni ro‘yxatga olish va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish an’anaviy qog‘oz shaklda ekani ma’lum bo‘ldi. Bunga sabab birlamchi tibbiy muassasalarda kompyuter jamlanmalari yetishmasligi bilan izohlandi. Shu bilan birga tibbiy xodimlarning kompyuter savodxonligi yetarli emasligi va amaldagi elektron dasturlardan foydalanish qulaylik darajasi pastligi ham “Elektron poliklinika” axborot tizimini joriy etishga to‘sqinlik qilmoqda.

Ma’lumki, birlamchi bo‘g‘indan elektron order yuborish mis2.ssv.uz tibbiy axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bemorlarni tor doiradagi mutaxassislarga yo‘naltirish, viloyat shifoxonalari va respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallariga elektron orderlar yuborish holati o‘rganilganida ham ayrim kamchiliklarga duch kelindi. Ya’ni, oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokorlik punktlaridan tuman markaziy poliklinikalariga bemorlar qog‘oz shaklidagi yo‘llanma orqali kelmoqda. Elektron yo‘llanma oilaviy poliklinikada qayd etilishi mumkin, lekin integratsiya yo‘qligi sababli aniq vaqt belgilanmasligi tor mutaxassislar huzurida katta navbatlar hosil bo‘lishiga olib kelyapti. Markaziy poliklinikalarda yo‘llanma orqali kelgan bemorlarning kunlik yoki oylik hisobotlarini onlayn ko‘rish imkoniyati yaratilmagan.

Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhasiga chuqur kirib bormoqda. Davr talabi ham shu aslida. Mana shunday pallada aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda qabul qilingan raqamli transformatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimi oldida turgan eng dolzarb vazifadir. Bu jarayonda soha mutaxassislarining mas’ulligini, kerak bo‘lsa, bilim va salohiyatini oshirish, jamoat va parlament nazorati vositalaridan unumli foydalanish kutilgan natijalarni beradi. Asosiysi, xalqimiz salomatlik ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘zgarishlar namoyon bo‘ladi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish