Maqsadimiz bir...
Maqsadimiz bir...

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari Prezident huzurida farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot qilishdi.

Prezident huzurida 23 may kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotning ildizi 2023 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishiga borib taqaladi. Sababi, o‘sha yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohani rivojlantirishga qaratilgan juda ko‘plab vazifalarni belgilab bergan edi. Mazkur taqdimotda o‘sha vazifalarning qanchalik bajarilgani va endilikda qilinadigan ishlar muhokama qilindi.

Aytish kerakki, aholi salomatligini asrash keng qamrovli masala bo‘lib, bu borada ko‘zlangan natijaga erishish yo‘lida tibbiyot yutuqlari bilan birga aholining dori-darmon ta’minoti ham muhim omil sanaladi. Shu maqsadda tibbiyot bilan birga farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Xalq demokratik partiyasining deputatlik birlashmalari mamlakatimizning barcha hududlarida farmatsevtika sohasi bo‘yicha, jumladan, hududlarda dorixonalarning qanchalik talabga javob berishi, u yerda faoliyat olib borayotgan xodimlarning mutaxassislik darajasi, dori-darmon narxlarining mutanosibligi kabi yo‘nalishlarda muntazam o‘rganishlar o‘tkazib boradi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda yurtimizda farmatsevtika sohasini tartibga solishga qaratilgan mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan. Qonun, Prezidentning farmon va qarorlari mavjud bo‘lib, yana yangilari imzolandi. Birgina 2024 yilning o‘zida davlatimiz rahbarining 10 yanvar sanasida imzolangan Qarori va 23 yanvarda imzolangan Farmoni misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bular to‘g‘ridan-to‘g‘ri sohada mavjud bo‘lgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan.

Farmatsevtika sohasida juda katta mablag‘ aylanadi. E’tiborlisi, o‘sha mablag‘ning katta qismi importning hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu maqsadda eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 ta dorini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mahalliy ishlab chiqarishning ulushini 35 – 40 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali dori-darmon vositalarining narxini 20 foizga arzonlashtirish rejalashtirilmoqda.

Sohadagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratildi. Bundan tashqari, Asaka bank tomonidan 200 million dollar jalb qilindi.

Bu imkoniyatlar natijasida o‘tgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish o‘rni yaratilgan. 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport qilingan.

Taqdimotni ko‘rib, o‘zim uchun xulosa qildim. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham farmatsevtika sohasi bo‘yicha tayyorlanayotgan qonunlar ustida ko‘proq ishlashi, amaldagi qonunlarni takomillashtirishi, qolaversa, doimiy nazorat-tahlil ishlarini olib borib, natijalari bo‘yicha kerakli tavsiyalar berishni bizning vazifamiz, deb o‘ylayman. Chunki, istalgan sohada taraqqiyotga erishish uchun bir tomonning harakati yetarli bo‘lmaydi. Bunda mas’ullar ham, deputatlar ham, jamoat faollari ham va, albatta, xalqimiz ham teng ishtirok etishi, o‘zini aloqador his qilishi lozim. Aslida hammamizning maqsadimiz bir, dori-darmon vositalarining arzon va sifatli bo‘lishidir. Birdamlik va mas’uliyat bilan qilingan harakat esa bizni maqsadga eltadi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish