Qashqadaryoda jurnalistika rivojiga ulkan hissa qo‘shgan fidoyi insonlar xotirasiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Bayram tadbiri O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda olamdan o‘tgan ustozlarning oila a’zolari, soha faxriylari hamda bir guruh faol jurnalistlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining viloyat ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotini yoritish, islohotlarni yangi bosqichlarga ko‘tarishdagi xizmatlari haqida fikr yuritib, bu boradagi ishlari har qancha e’zoz va ehtiromga loyiq ekanligini, hayotini shu sohaga bag‘ishlab, o‘zidan yorqin iz qoldirgan marhum jurnalistlarning soha rivojiga qo‘shgan hissalarini alohida e’tirof etishdi.
Tadbir so‘ngida marhum jurnalistlarning oila a’zolari, faxriylar va bir guruh soha vakillariga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.