Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishamiz
Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishamiz

 

Mamlakatning dunyo hamjamiyatidagi o'rni va ahamiyati unga amalga oshirilayotgan tashriflarda ham yaqqol ko‘rinadi. Bu jihatdan O‘zbekiston dunyodagi eng mehmondo‘st davlatlardan biriga aylanmoqda, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Iyul oyi ham oliy darajadagi hamkorlik tashrifi bilan boshlandi. BMT Bosh kotibining yurtimizga kelishi, davlatimiz rahbari bilan yuqori samarali uchrashuv o‘tkazishi ko‘p tomonlama ahamiyatli jarayondir.

G‘urur bilan qayd etish kerakki, keyingi yillarda O‘zbekiston BMT bilan, uning muhim institutlari bilan yaqin hamkorlik qilayotgan, real natijalarga erishayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi. 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani bu fikrning amaliy isboti bo‘lib turibdi.

Eng muhim yo‘nalishlardan yana biri O‘zbekistonda BMTning konvensiyalari muvaffaqiyatli ratifikatsiya qilinayotgani bilan bog‘liq. Bu milliy qonunchiligimiz umume’tirof etilgan hujjatlarga muvofiq rivojlanayotganidan, mamlakatimizda yuritilayotgan barcha sohalarga doir siyosat xalqaro huquq bilan integratsiyalashayotganidan dalolat beradi. Masalan, Nogironlar huquqlari konvensiyasi ratifikatsiya qilingani yurtimizdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, partiyamiz elektorati vakillarining huquq va manfaatlari yanada samarali himoya etilishini ham anglatadi.

Janob Antoniu Guterrish ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, energetik loyihalar, mahalla instituti faoliyati bilan yaqindan tanishib, yurtimiz hayotidagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. O‘ylaymanki, ko‘proq quyi tizimda, odamlar bilan muloqot qilib olib borilayotgan islohotlar inson huquq va manfaatlari uchun naqadar muhimligiga bevosita amin bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi BMT ning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang tarzda ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Xususan, sog‘liq va farovonlik, sifatli ta’lim, gender tenglik, toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya, munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish, tengsizlikni kamaytirish kabi vazifalar taraqqiyot strategiyamizda ham o‘z ifodasini topgan. Yana bir jihati, bu maqsad va vazifalar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oyalariga juda mos keladi.

Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi. Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblari O‘zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanishida ham chuqur ramziy ma’no bor. Davlatimiz rahbari janob A.Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi yuksak darajaga yetishiga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.

O‘z navbatida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbarining mintaqaviy siyosatini yuksak baholadi: «Markaziy Osiyoda tarqoqlik juda keng ildiz otgan edi. Sizning faoliyatingiz tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida yangicha muhit yaratildi. Bu do‘stlik, o‘zaro hurmat, muloqot, hamjihatlikda masalalarni ko‘rib chiqish, mintaqada mavjud bo‘lgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishga asoslangan muhit bo‘ldi. Markaziy Osiyoni dunyo sivilizatsiyasi markazi, deb bilaman. Bunga ishonch hosil qilish uchun Samarqand va Buxoroga borishning o‘zi kifoya qiladi».

Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashga, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida mustahkam hamkorlikka intiluvchi nufuzli tashkilot bilan aloqalar yanada mustahkamlanib borayotganini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Har bir inson uchun muhim bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishamiz.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 3.07.2023, №26

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish