Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi yig‘ilishida qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Deputatlar saylovchilar, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, mas’ullarga o‘z savol hamda takliflarini bildirdi.
''Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida''gi qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha bilan ''Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida''gi va boshqa qonun hujjatlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari hamda huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib, bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, mahalliy Kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi va uni muddatidan oldin lavozimdan ozod qilinishi mumkinligi belgilanmoqda. Shuningdek, hokimlar nomzodi Kengashlarda ko‘rib chiqilayotganda ular hududni rivojlantirish dasturini mahalliy Kengashlarga taqdim etishi tartibi joriy qilinmoqda.
Fraksiya a’zolari loyihadagi ayrim me’yorlar yuzasidan o‘z taklif va e’tirozlarini aytib o‘tdi.
Firdavs SHARIPOV:
— Qonun loyihasida xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilayotganda Kengash doimiy komissiya raislaridan biri sessiyaga raislik qiladi deb yozilgan. Keyingi moddalarda esa bu me’yorga qarama-qarshi jihatlar turibdi. 18-moddada esa Kengash so‘rovi kiritilgan, Kengash tekshiruvi tushib qolgan.
Shuningdek, Ombudsman mahalliy Kengashlarga ma’ruza taqdim qilishi o‘rin olgani yangi vakolatlar sirasiga kiradi. Lekin shu joyda Bolalar ombudsmani qolib ketyapti. Bu ham konseptual masalalardan biri, deb hisoblayman.
Deputatlar yana qator me’yorlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Taklif hamda munosabatlar muhokama qilindi. Umuman, qonun loyihasidan o‘rin olgan me’yorlar joylarda hokimiyatlar bo‘linishini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga va hududiy boshqaruvni ''aholi manfaatlariga xizmat qilish'' tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishga imkon berishi hamda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishini inobatga olgan holda deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar ikkinchi o‘qishgacha ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati to‘g‘risidagi parlament so‘rovi ko‘rib chiqildi. Gap shundaki, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan mazkur sohalarda olib borilayotgan ishlar hamda ularning natijadorligi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilib, sohalarni tartibga solishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilish holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganilib kelinmoqda.
Ushbu o‘rganishlar yakunlari, shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili voyaga yetmaganlarning sog‘liqni saqlash huquqlarini ularning jismoniy, ma’naviy rivojlanishi uchun, kasalliklarning oldini olish uchun eng qulay sharoit yaratish, umumta’lim maktablarida tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish orqali ta’minlash borasida o‘z yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, bugungi kunda respublikadagi 10 165 ta umumta’lim maktabining 1 503 tasida tibbiyot xonalari mavjud emas, mavjud tibbiyot xonalari ham zarur jihozlar bilan yetarlicha ta’minlanmagan.
Shuningdek, respublikadagi umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan pediatr shifokorlar soni 6 357 nafarni tashkil etib, ulardan 890 nafari (14,0 foiz) doimiy ishlaydi, 5 467 nafari (86,0 foizi) biriktirilgan, o‘rta tibbiyot xodimlari soni esa 10 176 nafar, ulardan 7 799 nafari (76,6 foizi) doimiy ishlaydi, 2 377 nafari (23,4 foizi) biriktirilgan.
2023 yilda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar natijalari tahliliga ko‘ra maktablarda tahsil olayotgan 5 954 321 nafar boladan 5 797 691 nafari (97,4 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 1 615 695 nafar (27,9 foiz) bolalarda turli kasalliklar aniqlangan.
Ko‘rsatilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, ''Parlament nazorati to‘g‘risida''gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.Umarovaga parlament so‘rovi yuborilgan edi. Fraksiya a’zolari vazirlik javobini eshitdi va o‘z munosabatini bildirdi. Tegishli tartibda qaror qabul qilindi.