Davlat dasturi ijrosi haqidagi raqamlarga OʼzXDP fraktsiyasining munosabati qanday?
Davlat dasturi ijrosi haqidagi raqamlarga OʼzXDP fraktsiyasining munosabati qanday?

Hisobotda keltirilishicha, yalpi ichki mahsulot oʼsishi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizni tashkil qilgan. Davlat byudjetining jami harajatlari 149,8 trln soʼm boʼlib, shundan ijtimoiy sohaga yoʼnaltirilgan xarajatlar 74 trln soʼmni tashkil etgan. Bu raqam oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga koʼpligi Oʼzbekiston XDP uchun juda muhim ekani qayd etildi. 




“Yoshlar daftari”ga jami 133 ming 718 nafar yigit-qizlar kiritilgan boʼlib, 75 599 nafar yoshlarning taʼlim, kasb-hunar va ijtimoiy yordam koʼrinishidagi boshqa xarajatlari uchun 146,3 mlrd soʼm qoplab berilgan.
“Аyollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 415 721 nafari doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirilgan. 200 597 nafar boquvchisi boʼlmagan, oʼzining yoki farzandining nogironligi boʼlgan ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordam berilgan.
Deputatlar hisobot bilan tanishib chiqib, oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan muojaat qildi.




Zulayho Аkramova,
OʼzXDP fraktsiyasi aʼzosi:
– Hisobotda keltirilishicha, investitsiya boʼyicha kiritilgan loyihalarda aniqlangan 263 ta muammoning 85 tasi ijobiy hal etilgan. Oradagi koʼrsatkichlar tafovuti nega bunchalik katta? Аytingchi, boshida, masalan, reja qilinayotganida, loyihalar, investitsiyalar mamlakatimizga kiritilayotganda hamma masalalar hisobga olinishi kerak emasmi?
Savolga .... quyidagi javob berdi:
– Toʼgʼri, hozir raqamlar katta. 260 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan 85 tasining muammolari toʼliq bartaraf etilgan. Qolgan muammolar ham 3 ta toifaga boʼlinib, hal qilish jarayoniga oʼtkazilgan. Hozir yashil, sariq va qizil toifalarga boʼlinadi. Ozgina vaqt talab etiladi. Baʼzida ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirishlar kiritish boʼyicha ham takliflar ishlab chiqiladi. Masalalarni tezkor hal etib borishga harakat qilamiz.
Deputatlar hukumat hisoboti bilan tanishib chiqar ekanlar, partiya elektorati manfaatlariga yoʼnaltirilgan loyihalar ijrosi koʼrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratishdi.
Davlat dasturini rejalashtirish va amalga oshirishda maʼlum jihatlarga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi. Аyrim vazifalar ijrosi oʼz vaqtida taʼminlamayotgani, vazirlik-idoralar oʼrtasida axborot va maʼlumot almashish, hamkorlik va albatta masʼuliyatni kuchaytirish lozimligi bildirildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirilgan yordamning manzilliligini kuchaytirish, davlat va jamiyat ahamiyatiga molik loyihalar haqida hududlarda aholiga doimiy axborot berib borish zarurligi ham qayd etildi.
Savol-javob va fikr-mulohazalardan keyin Oʼzbekiston XDP fraktsiyasi hukumat hisobotini qoʼllab-quvvatlash haqida qaror qabul qildi.
Yigʼilishda shuningdek, OʼzXDP fraktsiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirishlar va qoʼshimcha kiritish toʼgʼrisidagi qonun loyihasi koʼrib chiqildi.
Unga koʼra, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga teng saylov huquqini buzganlik, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ajratilgan davlat mablagʼlari boʼyicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik holatlari uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qoʼshimchalar kiritilmoqda.






Shuningdek, qonun hujjatlarining oʼzaro muvofiqligini taʼminlash maqsadida tegishli aniqlashtiruvchi oʼzgartirishlar ham kiritilmoqda.
Qonun loyihasi fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirish, shaffoflikni oshirish, albatta, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi bildirildi.
Fikr-mulohazalar almashilib, hujjat bir ovozdan maʼqullandi.

← Roʻyxatga qaytish