Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan. O‘qituvchi qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi fayzli shaxsdir. Ustozlarimiz yoshlarga ilm, bilim berish bilan bir qatorda barkamollik sari yetaklaydi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida adabiy-badiiy bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi partiya guruhlari a’zolari, Xalq ta’limi vazirligi mas’ullari, Toshkent shahri va viloyatidan samarali faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va pedagoglar qatnashdi.
Tadbir avvalida keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tizimni rivojlantirishga oid aniq maqsadlar belgilab olingani, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganligi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari U.Inoyatov mashaqqatli va sharafli kasb egalarining bilimli, har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalashdagi fidokorona mehnatini e’tirof etib, ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Muqimiy teatr ijodiy jamoasi repertuaridan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston XDP Axborot xizmati