Boshlang‘ich partiya tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

 

Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Nukus shahar Kengashlari tomonidan “Agrotexnologiya kutubxonasi” boshlang‘ich partiya tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, mazkur boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda onlayn videoaloqa orqali O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, shahar va tuman kengashlari raislari hamda deputatlar ishtirok etdi.

Majlis kun tartibiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Agrotexnologiya kutubxonasi”  boshlang‘ich partiya tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti hamda boshlang‘ich partiya tashkiloti raisini saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Birinchi masala yuzasidan boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi Mnajatdin Mambetovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, siyosiy partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishda boshlang‘ich partiya tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Ular fuqarolarni o‘zaro manfaatlar, qarashlar mushtarakligi asosida korxona, tashkilot va muassasalarda birlashtirgan siyosiy partiya tashkilotlarining boshlang‘ich bo‘g‘inidir.

Bugun yurtimizda odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish, hayotini o‘zgartirish, shahar va qishloqlarda bir xil zamonaviy sharoitlarni barpo etish, rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Keng jamoatchilik muhokamasi asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturi asosiy 5 yo‘nalish, ya’ni, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholining farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda “Xavfsiz va tinchliksevar davlat”  tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishlarida 286 ta amaliy chora-tadbir, 101 ta normativ-huquqiy hujjat, 257 ta maqsadli ko‘rsatkichni amalga oshirish belgilandi.

Shuningdek, farmon bilan, atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida vazirlik va idoralar tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlik, “Yashil turizm”  dasturini amalga oshirish, hududlarda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, bahor-kuz mavsumida “Yashil makon”  umummilliy loyihasi doirasida mahallalarni, xonadonlarni, ichki ko‘chalarni obodonlastirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha rejalar tasdiqlandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha bu yilgi bosh hujjat, avvalo, inson uchun, uning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Atrof-muhitni asrash, "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish birinchi navbatda insonni asrash va unga qulay sharoit yaratish, sog‘lig‘ini muhofaza qilishni anglatadi. Davlat dasturidagi aksariyat vazifalar aholi turmush tarzini yanada yaxshilash, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu ma’noda ushbu dastur O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oya va maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir.

Partiyaning jamiyatdagi faolligi va uning Saylovoldi dasturlarida ilgari surgan g‘oyalaridan kelib chiqqan holda boshlang‘ich tashkilotda o‘tgan davrda tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, bugungi kunda boshlang‘ich partiya tashkilotida 175 nafar a’zo bo‘lib, shundan 138 nafari yoshlardan, 88 nafari xotin-qizdan iborat. O‘tgan davr mobaynida yangidan 58 nafar a’zo qabul qilindi.

Yig‘ilishda partiya a’zolarining taklifi bilan Mnajatdin Mambetov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Agrotexnologiya kutubxonasi”  boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi etib qayta saylandi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha partiya faollarining fikr-mulohazalari tinglandi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish